Portugaliya mundialdagi ishtirokini boshlamoqda. Jamoada Ronalduga voris bormi?

Sport 19:27 / 24.11.2022 16305

Portugaliya an’anaga ko‘ra yirik xalqaro turnirga favoritlardan biri sifatida tashrif buyurgan. Krishtianu Ronaldu hamon bu jamoaning muhim futbolchisi sanaladi, lekin tarkibda uning o‘rnini bosuvchi futbolchi topilmayapti. Buning o‘rniga jamoada hozirning o‘zida bo‘y ko‘rsatgan va kelgusida ham yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan muammolar bor.

Bugun Portugaliya guruh bosqichidagi ishtirokini Ganaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Santush bu o‘yinda yosh futbolchilarga ko‘proq ishonch bildirib, Krishni zaxira o‘rindig‘ida qoldirishi mumkinmi?

Ganalik futbolchilar haqida ko‘p narsa ma’lum emas, lekin u yerda ham bir qator qiziqarli futbolchilar bor. Tomas Partey — APLda yetakchilik qilayotgan «Arsenal»ning muhim futbolchisi, «Ayaks» yarimhimoyachisi Muhammad Quddus esa joriy mavsumda YeChLda porladi va to‘rt gol urib, ikki golga uzatma berdi, endi esa Neymardan qolishmasligini da’vo qilmoqda. Bundan tashqari, Gana yaxshigina «transfer kampaniyasi» olib borib, «Brayton» himoyachisi Tariq Lempti va «Atletik» forvardi Inyaki Uilyamsni tarixiy vatani uchun to‘p surishga ko‘ndirdi. Albatta, bu jamoani Portugaliyaga qarshi o‘yinda favorit deb bo‘lmaydi, ammo bu yanvar oyida Afrika kubogini guruh bosqichidayoq yakunlagan tarkibdan kuchliroq.

Ronaldu va uning mojarolari

Krishtianu shusiz ham Portugaliya termasidagi eng ko‘p muhokama qilinadigan shaxs edi, ammo Pirs Morganga bergan shov-shuvli intervyusi bilan u butun jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi. Bu terma jamoa uchun yaxshimi yoki yomon — bahsli savol.

Bir tomondan, Krish jamoadoshlarini e’tibordan chetda qoldirdi — endi faqat uni muhokama qilishmoqda, portugaliyalik boshqa yulduzlar bilan esa mamlakatdan tashqaridagilarning ishi yo‘q. Nazariy jihatdan, bu masalan o‘tgan Yevropa chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan Brunu Fernandesh yoki «Atletiko» uch yarim mavsumda 30 ta ham gol ura olmagan «oltin bola» Felishni ortiqcha bosimdan xalos qiladi.

Boshqa tomondan, jamoaga bunday shovqin kerakmi, bunisi noma’lum. Kiyim almashtirish xonasidan tarqalgan videolardan birida Fernandesh Krishtianuni ko‘rishdan u qadar mamnun emasligi aks etgan. Ronaldu o‘sha mashhur intervyusida bu vatandoshini «MYu»ning ishga yetarli darajada professionallik bilan yondashuvchi futbolchilari sirasiga kiritmagandi. Bularning bari kiyim almashtirish xonasidagi muhitga qanchalik ta’sir qilishi va bu o‘yinda qanday aks etishi — ochiq savol.

Kuchli tarkib va aralash natijalar

Portugaliya termasi — JCh-2022 turnirining tarkibdagi futbolchilar qiymati bo‘yicha to‘rtinchi jamoasi (transfermarkt), bu yerda jahon miqyosidagi yulduzlar to‘plangan. Muxlislar Yevropaning sobiq chempionlaridan munosib ishtirok etishni kutishga haqli. 2016 yilda portugallar Yevroda birinchi navbatda muvozanatli tarkib va o‘yinning sifatli tuzilishi hisobida g‘olib chiqishgandi. Oddiy bir faktni yodga olish kifoya — Ronaldu jarohat tufayli finalda atigi 10 daqiqa o‘ynagan, g‘alaba goli esa butun mavsum davomida «Lill»da atigi olti gol urgan Eder nomiga yozilgandi.

Hozirda portugallarda kuchlar taqsimoti o‘zgargan — har bir chiziqda yulduzli futbolchilar bor. Mudofaada APLning eng yaxshi himoyachisi Ruben Diash va Yevropaning eng kreativ qanot himoyachilaridan biri Joau Kanselu harakatlanadi. Ronalduning ortida — Brunu, Bernardu Silva va hozirgi tarkibdagi eng qimmatbaho futbolchi Rafael Leau joylashadi. Bu konstruksiyani orqaroqda, tayanch yarimhimoyasidagi qora ishlarni bajaruvchi Nevesh — Karvalya juftligi qo‘llab-quvvatlaydi, ammo 2016 yil bilan taqqoslaganda bu uncha yaxshi ishlov berilmagan jamoa.

Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq vaziyatda bo‘lgani kabi, bu yerda ham plyus va minuslar bor. Tarkibda yorqin ijrochilar ko‘pligi individual harakatlar orqali natijadan umid qilish imkonini beradi. Nima bo‘lganda ham terma jamoa darajasida futbol taktik tomondan klublar futbolidan ortda va bu yerda epizodni yolg‘iz hal qilish qobiliyati oltinga teng. Ammo shu bilan bir vaqtda ko‘p sonli yulduzlar murabbiyga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi — seytnot rejimida u maydonda barcha eng yaxshi futbolchilarga joy topib berishi va bu mexanizmni ishlata olishi kerak bo‘ladi.

Fernandu Santush hamisha ham muvaffaqiyatga erishavermagan. Ha, u Yevro-2016 g‘olibligidan tashqari 2019 yilda Millatlar ligasida zafar quchgan. Ammo JCh-18 (1/8 finalda Urugvayga yutqazilgan) va Yevro-2020 turnirlaridagi fiaskoni (shu bosqichda Belgiyaga mag‘lub bo‘lingan) unutmaslik kerak. Hatto JCh-22 saralashi portugallar uchun bir tekisda kechmadi — guruhda faqat bir bor mag‘lubiyatga uchraldi, ammo shu tufayli birinchi o‘rin Serbiyaga berib qo‘yildi va Qatarga faqat o‘tish o‘yinlari orqali yo‘llanma olindi. Qatarda qanday natija bo‘lishi — portugallarning o‘zi uchun ham jumboq.

Voris bormi?

Hayratga tushish mumkin, ammo chindan ham so‘nggi 15 yilda futbol talantlariga boy bo‘lgan Portugaliyada terma jamoada Ronaldu bilan raqobatlasha oladigan hujumchi paydo bo‘lmadi. Qog‘ozda bo‘lsa ham. Krishning o‘zi turli vaqtlarda Joau Felish va Andre Silvani voris deb atadi, ammo ular top darajaga chiqa olmadi.

Diogu Jota jarohat olgani tufayli hozirda Portugaliya termasida hujum markazida Ronalduni almashtira oladigan to‘purar hujumchi yo‘q — Silva ham, Gonsalu Ramush ham bu rolga tortmaydi. Boshqa tanlov yo‘q, KriRo esa allaqachon 37 yoshda va ob-havo issiq bo‘ladigan Qatarda unga rotatsiya talab etilishi mumkin.

Qatardagi jahon chempionati — Portugaliya termasi uchun qat’iy harakatga o‘tish vaqti kelganini anglatuvchi turnir bo‘ladi. Allaqachon Krishtianu uchun o‘rinbosar topish haqida o‘ylash vaqti kelgan. Yangi yetakchi rolini olishga kim tayyor? Brunu va Bernarduni aytish mumkin — ammo gol urish ularning ishi emas. «Milan»ning 23 yoshli forvardi Rafael Leau qolmoqda, u qatorasiga ikkinchi mavsumda A seriyada juda yaxshi o‘yin namoyish etmoqda. Hozirgi jamoada Leau hujumning chap qanotida harakatlanadi, xuddi Ronalduning yoshligidagi kabi. tezligi, texnikasi, samaradorligi va atletlarga xos tana tuzilishi tufayli ham Rafaelda yosh Krish bilan o‘xshashliklarni ko‘rishmoqda. Umuman olganda, unda o‘zini namoyon etish uchun barcha sharoit yuzaga kelgan. Qatar Portugaliyada yangi qahramon topiladimi yo‘qmi, ko‘rsatib beradi.

Rafael Leau. Foto: Global Look Press

Portugaliyaning JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Diogu Koshta («Portu»), Joze Sa («Vulverhempton»), Ruy Patrisiu («Roma»).
Himoyachilar: Diogu Dalot («Manchester Yunayted»), Joau Kanselu, Ruben Diash (ikkisi — «Manchester Siti»), Danilu Pereyra, Nunu Mendesh (ikkisi — «PSJ»), Pepe («Portu), Antoniu Silva («Benfika»), Rafael Gerreyro («Borussiya» Dortmund).
Yarimhimoyachilar: Joau Palinya («Fulhem»), Mateus Nunesh, Ruben Nevesh (ikkisi — «Vulverhempton»), Bernardu Silva («Manchester Siti»), Brunu Fernandesh («Manchester Yunayted»), Joau Mariu («Benfika»), Otaviu Monteyru («Portu»), Vitinya («PSJ»), Vilyam Karvalyu («Betis»).
Hujumchilar: Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted»), Andre Silva («Leypsig»), Gonsalu Ramos («Benfika»), Joau Felish («Atleptiko), Rafael Leau («Milan»), Rikardu Orta («Braga»).

Ko‘proq yangiliklar: