Rossiyada «Ya/My Sergey Furgal» harakati «terrorchilar» ro‘yxatiga kiritildi

Jahon 08:53 / 27.04.2024 1889

Rosfinmonitoring «Ya/My Sergey Furgal» mintaqalararo jamoat harakati»ni «terrorchilar va ekstremistlar» reyestriga kiritdi, deb yozadi TASS 26 aprel, juma kuni departament ma’lumotlariga tayanib. 

Fevral oyida Xabarovsk o‘lkasi sudi «harakat»ning Rossiya hududidagi faoliyatini noqonuniy deb topdi va uni «ekstremistik» tashkilot deb e’lon qildi. Shu bilan birga, «Meduza» yozishicha, ochiq manbalarda «o‘z uyushmasini «Ya/My Sergey Furgal» deb ataydigan faollar guruhi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q».

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal 2020 yil iyulida buyurtma qotilliklariga aloqadorlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Uning hibsga olinishidan keyin mintaqada ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, bir necha oy davom etdi. 2023 yilning fevralida Furgal 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning o‘zi Adliya vazirligining uni qo‘llab-quvvatlagan «harakat»ni ekstremistik deb tan olish haqidagi qaroriga izoh berar ekan, «bunday harakat haqida bilmasligini» aytdi.

Adliya vazirligi «terrorchilar» ro‘yxatiga yana bir mavjud bo‘lmagan harakatni qo‘shishni talab qildi

Rossiya Adliya vazirligi 26 aprel, juma kuni shuningdek, «Antirossiyskoye separatisskoye dvijyeniye»ni «ekstremistik tashkilot» deb tan olishni talab qildi, deyiladi vazirlik saytida. Adliya vazirligi ushbu «xalqaro ijtimoiy harakat» «Rossiyaning ko‘p millatli birligi va hududiy yaxlitligini buzish» bilan shug‘ullanadi, deb hisoblaydi.

Rossiyaning «OVD-Info» inson huquqlari tashkiloti o‘zining Telegram-kanalida «bunday nomdagi tashkilotni topa olmagani» haqida xabar berdi.

Rossiyada mavjud bo‘lmagan harakat «ekstremistik» deb tan olingan

Avvalroq Rossiyada mavjud bo‘lmagan harakat «ekstremistik» deb tan olingan edi. Mart oyining o‘rtalarida u ekstremistik deb e’lon qilinishi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasida ekstremistik hamjamiyatni tashkil etish yoki unda ishtirok etish bo‘yicha birinchi ish ochildi (RF Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi). Orenburgdagi bar xodimlari ayblanuvchilarga aylandi. 

Ko‘proq yangiliklar: