“Prodoktorov” mukofoti – Rossiya Federatsiyasidagi shifokorlar va tibbiyot muassasalari uchun eng yirik tibbiy mukofotlardan biri bo‘lib, bir yil ichida bemorlardan maksimal ijobiy xulosalar va sharhlar olingach, ishtirokchilar tanlab olinadi. Bu yil Rossiyaning turli burchaklaridan 720 ming shifokor va 60 ming klinika peshqadamlik uchun da’vogarlik qilishdi. G‘oliblarni aniqlash uchun uch milliondan ortiq sharhlar to‘plandi. Ular asosida har bir mintaqada “xalq reytingi” tuzildi.
Jasur Mohir o‘g‘li Madiyorov Toshkentda shifokorlar oilasida tug‘ilgan. Buvisi qirq besh yil ToshMIda kardiolog bo‘lib ishlagan, otasi yuz jarrohligi bilan shug‘ullangan, onasi tish shifokori. J. Madiyorov Belorusiya davlat tibbiyot universitetida tibbiyot fakultetida tahsil olgan. Universitetni tugatgach, o‘z ishini Moskvada davom ettirgan.
Dastlab Sklifosovskiydagi tez yordam instituti klinik ordinaturasida jarroh bo‘lib ishladi. So‘ng N.N Bloxina nomidagi Rossiya saraton ilmiy markazining internaturasiga o‘qishga kirdi. O‘sha paytda onkologiya markazini boshqargan akademik Mixail Ivanovich Davidov amalga oshirgan operatsiyalarni ko‘rib, onkojarrohlik sirlarini tadqiq eta boshladi.
Uch yildan so‘ng professor Arsen Osmanovich Rasulov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Bugungi kunda Jasur Mohir o‘g‘li Madiyorov laparoskopik operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Shuningdek Lapino saraton markazining onkoproktologiya bo‘limida rektum va yo‘g‘on ichak saratonini davolash ishini tadqiq etmoqda.