Ijtimoiy tarmoqlarda Qorako‘l tumanida katta tezlikda harakatlangan Nexia mashinasi yo‘l chetidan ketayotgan o‘quvchilarni urib yuborgani haqida videolavha tarqaldi. YTH yuzasidan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 23 noyabr kuni soat 16:30larda Qorako‘l tumani hududidan o‘tuvchi 4R-76 avtomobil yo‘lining 1-kilometrida joylashgan 15-maktab yaqinida sodir bo‘lgan. 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi Z.M. Nexia mashinasida tezlikni me’yoridan oshirib harakatlanayotgan vaqtda piyodalar o‘tish joyidan velosipedni yetalab o‘tayotgan fuqaroning velosipedini urib yuborgan hamda boshqaruvni yo‘qotib, piyodalar yo‘lakchasida ketayotgan ikki nafar bolani urib ketgan.
YTH oqibatida piyodalardan biri, 2013 yilda tug‘ilgan U.U. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda YTH yuzasidan Qorako‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.