Xotinining 6 ta qovurg‘asini urib sindirgan erga hukm o‘qildi

Jamiyat 11:04 / 22.11.2022 16678

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 23 iyul kuni sudlanuvchi va uning shar’iy nikohida bo‘lgan ayol o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Janjal er-xotin bir-birini pichoqlashigacha borib yetgan.

Og‘ir jarohat olgan ayol ko‘chaga qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va ichki ishlar hamda tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilgan. Shifokorlar ayolga birinchi yordam ko‘rsatgach, uni shifoxonaga olib ketishgan.

JIB Yangihayot tuman sudi Foto: Kun.uz

21 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

“O‘sha kuni u televizor ko‘rib yotgan edi, ko‘zim ketib uxlab qolgan vaqtimda ustimga chiqib, meni qo‘llari bilan bo‘g‘ayotgandi. Shunda cho‘chib ketib, “Nima qilyapsiz?” deb uni oyoqlarim bilan tepdim. Shundan keyin u qo‘llarini bo‘ynimdan oldi, ammo harakatimdan jahli chiqib, men rosa kaltakladi.

“Dod” deb baqirdim, o‘zimni himoya qilish maqsadida yostig‘imning tag qismida bo‘lgan oshxona pichog‘ini olib, uni o‘zimdan uzoqlashtirmoqchi bo‘ldim. U “Seni o‘ldiraman, bolalarni Bolalar uyiga topshiraman”, dedi. Qo‘limdagi pichoqni ko‘rib, pichoq ushlagan qo‘limni ushlab olib, pichoqni tashlashimni, shunday qilsam urmasligini aytdi.

 Gaplariga ishonib, pichoqni yerga qo‘ygandim, u pichoqni olib menga tashlandi. Chap qo‘lim bilan o‘zimni himoya qildim. Uni oyog‘im bilan tepib o‘rnimdan turdim va kiyimlarimni olgancha ko‘chaga qochdim. Tashqariga chiqib, 102 xizmatiga va tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Tez tibbiy yordamdagilar kelib, menga yordam ko‘rsatishdi hamda shifoxonaga olib ketishdi”, deydi jabrlanuvchi.

Jabrlanuvchi ayol Foto: Kun.uz

Aniqlanishicha, sudlanuvchi ayolining 5 qovurg‘asini sindiradi. Bundan tashqari, tekshiruvlar davomida ayolda bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, qo‘l va oyoqdagi ko‘plab kesilgan yaralar, ikkala ko‘zosti, chap yelka sohalarida qontalashlar aniqlangan. Bularning barchasi sud-tibbiy ekspertizasida o‘z tasdig‘ini topgan.

Sudlanuvchi suddagi chiqishida ayolining yuziga tarsaki tushirganini tan olgan, lekin uning qovurg‘alarini urib sindirmaganini ta’kidlagan.

Sudlanuvchi Foto: Kun.uz

“Jabrlanuvchi mening ikkinchi turmush o‘rtog‘im. Unga aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lay olmaganim uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanman. Ammo keyinchalik u bilan munosabatlarim yaxshilanib, birga ko‘rishib turganmiz.

O‘sha kuni nafsoniyatimga tegdi, so‘ng o‘zaro tortishib qoldik, qo‘lim bilan ayolimning yuziga ikki marta urdim. Shunda ayolim yostig‘ining tag qismidan pichoqni olib, menga bir necha jarohat yetkazdi. So‘ng pichoqni ushlagan qo‘lidan pichoq aralash ushlab oldim. Talabimdan keyin pichoqni tashladi, so‘ng uni bir tepganim uchun kiyimlarini olib ko‘chaga chiqib ketdi.

Olgan jarohatlarim oqibatida ko‘p miqdorda qon yo‘qotib, uxlab qoldim. Ichki ishlar organlari xodimlari kelib uyg‘otishdi. Ayolimga pichoq bilan tan jarohati yetkazmadim va bunday maqsadim ham bo‘lmagan. Xotinimning qo‘li va badanidagi kesilgan jarohatlar pichoqni uning qo‘lidan olish jarayonidagi olgan tan jarohatlar bo‘lishi mumkin. Ayolimning qovurg‘alaridagi sinishlar qanday sodir bo‘lganini bilmayman. U shaxsiyatimga tekkani uchun ushbu janjal kelib chiqdi. Aybimni tushunib yetdim, qilmishimdan pushaymonman”, deydi sudlanuvchi.

E’tiborlisi, tergov davomida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan pichoqda na sudlanuvchi va na jabrlanuvchining barmoq izlari aniqlangan.

Jabrlanuvchining advokati so‘nggi paytda xotin-qizlarga zulm kuchayayotganini ta’kidlab, suddan boshqa mushtumzo‘r erlarga saboq bo‘lishi uchun ham sudlanuvchini 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishni, sudlanuvchining himoyachisiga esa yengilroq jazo berilishini so‘radi.

Zavqiddin Yarashev JIB Yangihayot tuman sudi sudyasi Foto: Kun.uz

Sud tomonidan qonunbuzar 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ko‘proq yangiliklar: