“O‘zbekneftgaz”: samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari tizimini (KPI) joriy qilishda Ozarboyjonning “SOCAR” kompaniyasi mutaxassislari bilan tajriba almashilmoqda

Jamiyat 20:02 / 21.11.2022 8246

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va “SOCAR” kompaniyasi Vitse-prezidenti Rafiga Guseyzoda tomonidan imzolangan Memorandum hamda ushbu kompaniyalar o‘rtasidagi neft-gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida 2022 yil 5 iyulda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan HR departamentining xodimlarni baholash va rag‘batlantirish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi xodimlar Ozarboyjonda xizmat safarida bo‘lishdi.

Tashrif doirasida “SOCAR” davlat neft kompaniyasidagi xodimlarning samaradorligini baholash va ularni rag‘batlantirish tizimi batafsil o‘rganib chiqildi. 

Tanishuv asnosida kompaniya mutaxassislari tomonidan samaradorlikni baholash (KPI) tizimini joriy etish bosqichlari, aniqlangan strategik maqsad va vazifalar, maqsadlar ustuvorligini belgilash, strategik maqsadlarni tarkibiy bo‘linma darajasiga pog‘onalash, xodimlarga samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda korporativ miqyosida yo‘lga qo‘yilgan baholash jarayonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari, “SOCAR” davlat neft kompaniyasining bosh ofisi, tarkibiy bo‘linmalari hisoblangan “Azneft” AJning “Bibi-eybat” koni, Boku oliy neft maktabi, Qobuston regional ta’lim markazida bo‘lishdi.

Shu bilan birga “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan kompaniyada bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan jarayonlar to‘g‘risida fikr mulohazalar bildirilib, hamkasblar o‘rtasida tajriba almashinuviga erishildi.

Tashrif yakunida “SOCAR” davlat kompaniyasi tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bunda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasida KPI tizimini joriy etishda amalga oshirilayotgan jarayonlar to‘g‘risida taqdimot qilindi. Kelgusida kompaniyalar mutaxassislari o‘rtasida samaradorlikni boshqarish, samaradorlikni baholash yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida rejalar muhokama qilindi. 

“SOCAR” kompaniyasida bo‘lib, u yerda tajriba almashib qaytgan mutaxassislar ushbu xorijiy kompaniyada orttirgan o‘z bilim va ko‘nikmalarini Jamiyatda faoliyat yuritayotgan hamkasblari bilan o‘rtoqlashishdi. O‘zaro muloqot va davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilib, kompaniyadagi faoliyat borasida tushunchalar berildi. 

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari tizimi (KPI) joriy qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish ishlari boshlangan bo‘lib, hozirda ushbu tajriba va ko‘nikmalarni jamiyatda joriy etish orqali kompaniya menejyerlari hamda xodimlari bilan loyihani yakuniga yetkazishga bel bog‘langan.

Eslatib o‘tamiz, “Ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish tizimidagi yondashuvlarni o‘rganish” yo‘nalishi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJning bir guruh mutaxassislari Geydar Aliyev nomidagi neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurishgan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: