Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlari savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Angren shahri bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro U.N. fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, unga Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 20 sotix zaxiradagi yer maydonini 18 ming dollar evaziga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 9 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Nishon tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar E.Sh. va I.Sh. «Yuksalish» MFY hududidan otasi I.B.ga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan 35 sotix hamda ushbu joyga tutash 50 sotix zaxiradagi yer maydonini tanishlari yordamida fuqaro M.A.ga olib berish evaziga 125 million so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.