Toshkentda Davlat bayrog‘ining 31 yilligi munosabati bilan tadbirlar o‘tkazildi

Jamiyat 22:56 / 18.11.2022 13364

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram tadbirini Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo kirish so‘zi bilan ochib, ushbu bayramning mazmun-mohiyati, bayrog‘imizning davlat ramzi ekani, uning yoshlarda milliy vatanparvarlik hissini tarbiyalashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi. Vazirlar Mahkamasining Ma’navaiyat va Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rahbari Sobir Shukurov, O‘zbek Milliy akademik teatri derektori  Yodgor Sa’diyev, Toshkent shahar hokimligidan Durdona Rahimova, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid ham o‘z fikrlarini bildirishdi.

Shundan keyin bayram tadbirining asosiy qismi boshlandi. Harbiylarimiz uzunligi 100 metr bo‘lgan Davlat bayrog‘ini ko‘targan holda ishtirokchilarning olqishlari ostida maydonga kirib kelishdi. Maydon uzra harbiy qism askarlari, kursantlar va “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari ishtirokida vatanparvarlik mavzusida saf qo‘shiqlari yangradi.

Bayram munosabati bilan  O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va boshqa hamkor vazirlik, idoralar bilan birgalikda Toshkent shahridagi markaziy ko‘chalardan Davlat bayrog‘ini o‘rnatgan holda “Vatanparvar avtokarvoni” o‘tdi. Milliy Gvardiya otliqlar safi vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda shahar ko‘chalari bo‘ylab yurishdi.

Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq ta’sis etilgan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

17-19 noyabr kunlari mamlakatimizdagi vazirlik va tashkilotlar, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, harbiy bilim yurtlari va boshqa huquq-tartibot muassasalarida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida harbiy vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi. Bayram arafasida mamlakatimiz aholisi ko‘ksiga davlat bayrog‘i aks etgan lenta va tasmalar taqish aksiyasi amalga oshirildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” mavzusidagi videoroliklar tanlovi hamda “Inson qadri uchun” turkumidagi videoroliklar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda “Ranglarda aks etgan Vatan madhi” mavzusida rasmlar tanlovi va “Vatan madhi yangrar dilimda” onlayn intellektual tanlovi  ham o‘tkazildi.

Davlat bayrog‘ini qadrlashga qaratilgan tasviriy targ‘ibot vositalari respublikamizning barcha markaziy ko‘chalaridagi panno va bannerlarga joylashtirildi, davlat ramzlariga bag‘ishlangan videoroliklar LED ekranlar va mahalliy telekanallarda namoyish etildi.

Xalqlar do‘stligi maydonida xalqimiz suygan san’atkorlar tomonidan kengaytirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: