Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida odam savdosi jinoyatida ayblangan 28 yashar ayolga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudda ayol moddiy tomondan qiynalib qolgani uchun homiladorlik vaqtida tug‘ilajak farzandini tanishiga sotmoqchi bo‘lganini ta’kidlab, aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
“Homilam 7 oylik bo‘lgan vaqtida Sirg‘ali tumanida, ammamning uyida yashayotgandim. O‘sha yerda tanishim bilan uchrashib qoldim. Uni bir necha yillardan beri bolali bo‘lolmayotganligini bilganman. Shunda unga ko‘chadan 600 dollar qarzim borligini, 600 dollarni bersa, hoziroq bolani kesarcha kesish usulida tug‘ib ularga berishimni aytdim. Tanishim bola 9 oylik bo‘lib tug‘ilishi kerakligini, hozirda puli yo‘qligini ma’lum qildi.
Oradan bir necha hafta o‘tgandan so‘ng, unga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, pul kerakligini, 100-200 dollar berib turishini so‘radim. U menga ishonmasligi, shu paytgacha bir necha bor aldangani, bola unga kerakmasligini, hozir pul bermasligini aytdi. So‘ngra u menga qaytib qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rishishni so‘radi. Ko‘rishdik. U 2 ta sherigi bilan birga kelib bolani qanchaga sotishimni so‘radi.
Ular bolani sotgandan so‘ng qaytarib olmaslik uchun xohlagan summamni aytishimni so‘rashdi. Ularga qarzlarim borligi, shularni yopishga yetadigan pul yetarli ekanini aytdim. Tanishim menga bolani sotishim evaziga uy olishim mumkinligini aytdi. Uyim bo‘lmagani uchun bu taklif ma’qul keldi va tanishimga bola uchun 35 ming dollar berishini aytdim”, deydi sudlanuvchi.
Shu yil ayol 15 iyun kuni o‘g‘il farzand ko‘radi. 17 iyun kuni uni 35 ming dollarga sotayotgan vaqtida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir paytida ushlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, 28 yashar ayol Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
2021 yilda 20 nafar o‘g‘il va 27 nafar qiz bola chaqaloqlar savdosi obektiga aylangan.
O‘zbekistonda odam savdosi jinoyatlari oxirgi 5 yilda 6 baravarga kamaygan, lekin uning tarkibida chaqaloq va bolalar savdosi salmog‘i har yili surunkali ravishda oshib bormoqda. Chaqaloq savdosi qurbonlarining deyarli 90 foizi – 1 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani chaqaloq savdosi ko‘payib borayotganining asosiy sabablardan biri ekanini ta’kidlagandi.