2021 yilning 17 noyabr kuni Karmana tumani Bog‘ishamol mahallasida joylashgan, fuqaro Dilfuza Azimovaga tegishli xonadon yarim tunda yoqib ketilgan. Yong‘in uyga katta miqdorda zarar yetkazgan. Mulk egasi bu ishni qilgan shaxs ma’lum ekanini, ammo IIB xodimlari ishni yopib yuborishga harakat qilayotganini aytmoqda.
2021 yil 16 noyabridan 17 noyabr kuniga o‘tar kechasi Karmana tumani Bog‘ishamol mahallasi Al-Buxoriy ko‘chasidagi xonadonlardan birida yong‘in chiqqan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etgan. Ammo yangi qurilgan uyning katta qismiga zarar yetgan: tom qismi butunlay yonib ketgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan uy egasi Dilfuza Azimova bu ishni o‘zaro adovat tufayli D.R. ismli shaxs qilganini, ammo tergovchilar negadir tergovni to‘xtatib qo‘yishganini ta’kidlamoqda:
“Fuqaro D.R.ga Navoiy shahridagi kvartiramni ijaraga berganman, oilasi bilan turgan. U uyni sotib olishini, pulini ma’lum muddatda tayyorlab berishini aytgan. Biroq belgilangan muddatda na ijara pulini to‘ladi, na uyni sotib oldi. Keyin uni kvartiradan chiqarib yubordim. Shuning ustida kelishmay qoldik: u menga o‘ldirib ketishi, hovlimni yoqib yuborishi haqida tahdidli xabarlar jo‘natishni boshladi. Ko‘p o‘tmay esa hovlimni yoqib ketdi.
IIBga murojaat qildim, menga jo‘natgan tahdidli audiolarini berdim. Dastlab unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ammo ko‘p o‘tmay, dastlabki tergov to‘xtatib qo‘yildi. Shundan buyon murojaat qilmagan joyim qolmadi, lekin natija yo‘q.
Bu hovlini qurish uchun yolg‘iz ayol boshim bilan 5 yil vaqt sarflaganman, 600 mln so‘mga yaqin mablag‘im ketgan”.
Murojaatchi taqdim etgan hujjatlarda ko‘rinishicha, xonadon yoqib ketilganidan 1 oy o‘tib, 2021 yilning 16 dekabr kuni Karmana tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi A.Mirzayev tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish va ish yurituvga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Mazkur qarorda fuqaro D.R. g‘arazli niyatlarni ko‘zlab, o‘zganing mol-mulkini qasddan nobud qilish maqsadida fuqaro Dilfuza Azimovaning Karmana tumani Bog‘ishamol mahallasi Al-Buxoriy ko‘chasidagi qurilishi tugallanmagan va hech kim yashamaydigan xonadonini yoqib yuborgani hamda uning 325,7 mln so‘mlik mulkini qasddan nobud qilgani aytiladi. Qaror bilan fuqaro D.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ammo oradan 15 kun o‘tib, 2021 yilning 31 dekabr kuni tergovchi A.Mirzayev qarori bilan dastlabki tergov Jinoyat protsessual kodeksi 364-moddasining 1-qismi 1-bandiga asosan ayblanuvchi shaxs aniqlangunga qadar to‘xtatilgan.
Dastlabki tergov qarorida uyni fuqaro D.R. qasddan yoqib ketgani aytilgan, biroq tergovni to‘xtatish haqidagi qarorda bu ishni noma’lum shaxs qilgani va olib borilgan tezkor tergov harakatlarga qaramasdan jinoyatchini aniqlash imkoni bo‘lmagani keltirilgan.
Oradan 1 oy o‘tib, 2022 yilning 1 fevral kuni tergovchi ishni yana qayta tiklaydi.
2022 yilning 5 avgust kuniga kelib esa Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi O.Bo‘ronov tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov Jinoyat protsessual kodeksi 364-moddasining 1-qismi 1-bandiga asosan takroran to‘xtatiladi.
Uyning yoqib ketilgani aniq. Sababi avvalo xonadonga olov chiqishi mumkin bo‘lgan tabiiy gaz va elektr-energiyasi hali tortilmagan bo‘lgan. Qolaversa, sud ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, yong‘in tashqi yong‘in manbaining benzin bilan ta’sirlashib yonishi natijasida kelib chiqqan.
Sud ekspertizasida keltirilgan eslatma ham e’tiborni tortadi. Ta’kidlanishicha, to‘plangan hujjatlar orasida tergovchi A.Mirzayevning 2021 yil 20 noyabrdagi 18/10594-sonli ma’lumotnomasi bo‘lgan. Unda tergovchi “hozirgi kunda ushbu yong‘in sodir bo‘lgan joy xonadon egalari tomonidan tozalab tashlangani sababli ekspert ushbu joyni ko‘zdan kechirish imkoniyati mavjud emas”, deb ma’lum qilgan.
Aslida esa yongan uy 3 kun emas, oradan 1 yil o‘tsa ham o‘sha holatda turibdi.
Tergovchi A.Mirzayevning bu ma’lumotnomasi va aniq shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ab, jinoyatni sodir qilgan shaxs “aniqlanmagani tufayli” tergovni to‘xtatishi uning harakatlarini shubha ostiga qo‘yadi.
Fuqaro D.R. esa Dilfuza Azimovaga qilgan tahdidlari uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2021 yil 21 dekabrdagi qarori bilan mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga 810 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Hujjatlarda ko‘rinishicha, D.R. Dilfuza Azimovaga 2021 yilning 12 noyabr kuni tahdid qilgan. Oradan 5 kun o‘tib, 17 noyabr kuni xonadon benzin yordamida yoqib ketilgan. Jabrlanuvchiga ko‘ra, voqea joyidan barmoq izlari olinmagan, yaqin atrofdagi kuzatuv kameralarining yozuvlari tekshirib ko‘rilmagan.
Dilfuza Azimovaning tegishli organlarga qilgan murojaatlari besamar ketmoqda: viloyat prokuraturasi hamda viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan bir xil mazmundagi javob xatlari berilyapti.
1 yil oldin sodir etilgan mazkur jinoyat issiq izida fosh etilmagan. Bugunga kelib esa uni ochish ancha murakkab. Agar o‘sha paytda kriminalistik zamonaviy texnikalar, uslublar qo‘llanganida balki jinoyatni fosh etish imkoni bo‘lardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni odil sudlovni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida bejizga tergovchilar o‘z ustida ishlamay qo‘yganini e’tirof etmadi.
Chumchuqning ham uyi buzilmasin, degan gap bor. Birovning yillar davomida qurib bitkazgan, hatto hali yashashga ham ulgurmagan xonadonini kimdir yoqib ketishi va bu jinoyatchini IIB “topa olmayotgani” yoki topishni istamayotgani ayanchli. Umid qilamizki, Bosh prokuratura va IIV ushbu masalaga e’tibor qaratadi va adolat qaror topib, aybdor qilmishi uchun jazosini oladi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri