“Bolalar meni “pakana” deb masxara qilishadi, urishadi” – jismoniy rivojlanishda ortda qolayotgan o‘smir kechinmalari

Jamiyat 13:48 / 16.11.2022 17454

“Hamma o‘rtoqlarim meni masxara qilishadi. Nega bo‘ying kichkina, deb so‘rashadi. Tengdoshlarim bilan o‘ynolmayman. Ko‘chaga chiqsam ustimdan kulishadi. Hatto urishadi ham, hech kimga kuchim yetmaydi. Shuning uchun faqat uyda o‘tiraman. Darsdan boshqa narsaga yaramayman.

O‘qituvchilarim dars o‘tgani kelishadi. Hatto ruchkani ko‘p ushlab turolmayman. Tushirib yuboraman. Ustozim olib beradi keyin. Tarix, biologiya, adabiyot fanlarini yaxshi ko‘raman. Maktabga borib o‘qigim keladi.

Tuzalib ketsam, katta bo‘lganimda menga o‘xshab kasal bo‘lib qolgan bolalarga yordam beraman”, deydi Alijon.

Buvisi Nasibaxon aya qizining farzandlarini yolg‘iz katta qilayotganidan bir kuysa, nabirasining ahvolini ko‘rib ming kuyadi.

“Tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Astmasi bor. Yuragini operatsiya qildirmoqchi edik. Astmasini davolatganimizda yuragidagi nuqsoni ham yopilgan ekan. Operatsiya muvaffaqiyati o‘tgan, deyishdi.

Operatsiyadan keyin ko‘zlaridan yiring olishgan. Shundan beri ko‘zoynakda yuradi. Singlisi ham astma bilan tug‘ilgan. Lekin uning bo‘yi uzun, rivojlanishi yaxshi. Faqat uning ham ko‘rish o‘tkirligi past. Hozir bor diqqatimizni Alijonga qaratganmiz.

Hindistondan shifokorlar kelganida tekshirtirdik. Bolada moddalar almashinuvi yetishmasligi bo‘lishi mumkin. Hindistonda tekshirib ko‘rishimiz kerak. Agar taxminlarimiz to‘g‘ri chiqsa, ilik ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilan davolasak bo‘ladi, deb umid berishdi.

Yo‘qchilik ham qursin. Hech qurbimiz yetmayapti. Hindistonga olib borsak, zora armonlarimiz ushalib, shu bolamga shifoi komil bersa”, deydi Nasibaxon aya ko‘zlariga yosh olib.

Alijon Aliyevga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0423 2567 1096 onasi Ashirxon Boltaboyeva nomida

Sberbank: 2202 2023 0671 6592 tog‘asi Mirjalol Sarimsoqov nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati Quvasoy shaharchasi, A. Azizov ko‘chasi 211-uy, 47-xonadon

Ko‘proq yangiliklar: