Navbatdagi investitsiya loyihasi “Tolimarjon IES” AJda amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar stansiyada umumiy quvvati 900 MVt dan kam bo‘lmagan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi va loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning Intecsa Ingeniera Industrial S.A. va Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyalari ishtirok etadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda “Tolimarjon IES” AJ va Ispaniyaning Intecsa Ingeniera Industrial S.A. hamda Yaponiyaning Mitsubishi Corporation kompaniyalari o‘rtasida qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini va yana ko‘plab aholi punktlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Intecsa Ingenieria Industrial S.A va Mitsubishi Corporation kompaniyalar konsorsiumi bilan “tayyor holda topshirish” sharti asosida tuzilgan shartnomaga muvofiq shartnoma qiymati quyidagicha:
529 850 807 AQSh dollari,
93 826 656 yevro,
19 535 051 546 yapon iyenasi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida, korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 7,2 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 520 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Yana bir e’tiborli jihati, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamayadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati Ⓣ