Qashqadaryo viloyati hokimining 2022 yil 18 oktyabrdagi 834-4-0-Q/22-sonli qarori bilan 450 million so‘mga Equinox avtomobilini xarid qilish uchun UzAuto Motors dileri bilan shartnoma imzolagan.
Joriy yil mart oyida Prezident vazir va hokimlarga yil oxirigacha avtomobil hamda boshqa ayrim xaridlarni taqiqlagandi. Davlat rahbari yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:
- moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
- bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqlagan.
Shuningdek, hukumat qarori bilan tuman hokimlari xizmat mashinalari narxlari bazaviy hisoblashning 1 000 baravaridan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. Faqat tog‘li tumanlarda BHMning 1 000 baravaridan ko‘proq pulga mashina xarid qilish mumkin.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Equinox avtomobili yuzasidan munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, Equinox qonun doirasida zaxira mablag‘lari hisobidan xarid qilinmoqda. Ushbu avtomashinani xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan ham ruxsat olingan.
«Ushbu xaridni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining «Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida viloyat hokimi o‘rinbosarlariga xizmat avtotransportining eng yuqori narxi – BHMning 1500 baravari etib belgilangani hisobga olingan», deyiladi munosabatda.
Joriy yilda Qashqadaryoda o‘ziga xos «rokirovka» o‘tkazildi. Avval viloyat hokimining o‘rinbosari minib yurgan Captiva xizmat mashinasi Chiroqchi tumani hokimligiga «beg‘araz» berildi.
O‘z navbatida Chiroqchi tumani hokimligi balansida bo‘lgan xizmat mashinasi Ko‘kdala tumani hokimligiga «beg‘araz» berildi. Oxirida esa viloyat hokimligi Equinox olyapti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida Chiroqchi tumani hokimi Xurram Jo‘rayev yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumaniga hokim etib tayinlandi. Uning o‘rniga viloyat hokimining moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev Chiroqchi tumani hokimi bo‘ldi.