Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, havo ifloslanishining katta qismi transport vositalaridan chiqadigan zaharli gazlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yengil avtomobildan chiqadigan bug‘ hamda yonilg‘i yoqilgandagi zaharli gazlar (uglerod oksidi, azot dioksidi) sabab atmosfera chiqindi bilan to‘lib bormoqda. Yiliga 4,6 tonna karbonat angidrid gazi chiqishi ham oldinda hali ekologik inqirozlar borligini ko‘rsatmoqda.
Ayni vaqt norvegiyaliklar mana shu muammoga qarshi kurashish uchun shahar markazlarida avtotransportlar soni ko‘payayotganini normal qabul qilmaslikka chaqirib, aksincha avtomobillarsiz ham qulayliklar borligini targ‘ib qilishmoqda. Bu yo‘lda esa ular transportlar to‘xtash joylariga o‘rindiqlar kabi ko‘cha mebellarini qo‘yib, joylarni mini-bog‘larga aylantirishyapti. Buning natijasida markazda piyodalar soni 10 foizga oshgan.
Albatta, bu amaliyotga qarshi chiqib, mini-bog‘lar olib tashlanish holatlari ham kuzatilgan. Britaniyalik ekofaol, velosport bo‘yicha komissar Adam Tranter (Bicycle Mayor for Coventry) mazkur vaziyatdan ajoyib tarzda chiqa olgan. U yuk mashinasiga yog‘och o‘rindiqni o‘rnatib, atrofiga ko‘chat va o‘simliklarni ekkan hamda avtomobil turargohlariga joylashtirgan. Qarabsizki, «parkovka»da transport vositasi turgandek, lekin u aslida odamlarning dam olishi uchun qilingan maskandir.
U bu ishi bilan yangiliklar ko‘pchilik tomonidan kutilgandek ijobiy qabul qilinmasligini, ammo bu bilan yangi g‘oyalar eshigi ochilishini isbotlagan.
Shuningdek, Norvegiyada 2023 yil so‘ngiga qadar Oslodagi dizel yoqilg‘isida yuradigan barcha avtobuslarni 450 ta elektrobuslarga almashtirish reja qilinmoqda. 48 mln yevroga baholangan bu dastur yordamida shahardagi chiqindilarni, transport vositalari shovqinini, xarajatlarini kamaytirish hamda havo sifatini yaxshilash maqsad qilingan.
Osloning atrof-muhit va transport bo‘yicha vitse-meri Sirin Stavning aytishicha, jamoat transportini saqlash arzonga tushsa, bu – uning haydovchilari uchun arzon xarajatlar deganidir. Elektrobuslar esa aynan tejamkor ekologik foydali transport vositalaridan biri sanaladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastur poytaxtni 2030 yilga borib jamoat transporti bilan atrof-muhitni ifloslantirmaydigan dunyodagi birinchi shaharga aylantirishi mumkin.
Hozirda Oslo 700 ming nafar aholiga ega bo‘lib, barqaror transport tizimiga ega davlatlar qatorida yetakchi hisoblanadi. Boisi shaharda fyord (dengiz qo‘ltiqlari) bo‘ylab harakatlanadigan parom (suv transporti)larning aksariyat qismi allaqachon elektrlashtirib bo‘lingan. Buning ustiga shahar keng tramvay va velosiped yo‘laklariga ega.
Avtomobillarsiz shahar qura olgan mamlakatlar
1980 yillarning o‘rtalarida Belgiyaning shimoliy-g‘arbidagi Gent shahrining tor ko‘chalari transportlar tirbandligi bilan to‘lgan. 1997 yildan boshlab bu shaharga avtomashinalarning kirishi taqiqlangach, u yer velosipedlar shahriga aylangan. Odamlar uchun 300 km uzunlikdagi velosiped yo‘llari qurilib, undan qatnash uchun velosipedni ijaraga berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.
2000-yillar boshiga kelib Ispaniya shimolidagi Pontevedra shahrida ham xuddi shu tajriba qo‘llangani qayd etiladi. Ya’ni o‘sha vaqtlarda hududning 300 ming kvadrat metr maydonini avtomobillar egallagan. Ularning sonini keskin kamaytirish uchun esa shaxsiy transportlar harakati taqiqlab qo‘yilgan. Natijada ko‘chalarining atmosferasida karbonat angidrid miqdori 70 foizga kamayib, aholi soni 12 mingga yaqin yangi piyodalar bilan ko‘paygan hamda Pontevedra faqatgina piyodalar shahriga aylantirilgan.
2006 yilga kelib esa Shvetsiyaning poytaxti Stokholmda ilk marta avtomobil haydovchilari uchun tirbandlik solig‘i joriy etilgan. Ya’ni har bir avtomobil ko‘chalarda tirbandlik hosil qilgani, zararlangan hududlarda harakatlangani uchun shahardan kirib-chiqishda ma’lum miqdorda soliq to‘laydi. Bu tartib hanuz o‘z kuchida. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab bu amaliyotni har 10 kishidan 7 nafari salbiy qabul qilgan, ammo 5 yil o‘tgach, statistik raqamlar buni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatmoqda. Boisi, bugungi kunda Shvetsiya havosida kichik zarrachalar miqdori belgilangan xavfdan ancha past, atmosferasi kutilgandan toza hisoblanadi.
Global iqlim o‘zgarishi, ekologiyaning kutilmagan darajada ifloslanishi, atrof-muhit chiqindilarga to‘lib borayotgani ko‘pchilikni xavotirga solishi kerak. Ayniqsa, bu muammolar antropogen omillar sabab jiddiylashib borayotgani hisobga olinsa, yuqoridagi tajribalar qo‘llanishi mamlakatlarni ekologik inqirozlardan qutqarib qolishi mumkin.