«Siti» yutqazdi, «Arsenal» tanaffusga yaqqol yetakchi sifatida yo‘l oldi. Kun o‘yinlari

Sport 13:19 / 13.11.2022 23935

Angliya: «Tottenhem»ning aql bovar qilmas g‘alabasi

Manchester Siti – Brentford 1:2
Gollar: 0:1 – 16 Touni, 1:1 – 45 Foden, 1:2 – 90+8 Touni.
Manchester Siti – Ederson, Stounz, Laport, Akandji, Joau Kanselu (Alvares, 87), Gundo‘g‘an, de Bryuyne, Rodri, Bernardu Silva, Foden, Holand.
Brentford – Rayya, Roerslev, Yorgensen, Mi, Pinnok, Genri, Yyensen, Yanelt (Nergor, 62), Oneka (Dasilva, 87), Touni, Mbemo (Vissa, 74).
Ogohlantirishlar: Holand (37), Mbemo (72), Joau Kanselu (84), Yyensen (90).

Oktyabr oyi o‘rtalaridan buyon g‘alaba qozonmagan «Brentford» «Manchester Siti»ni qiynab qo‘ydi va birinchi bo‘limni g‘olib sifatida yakunlashi ham mumkin edi, faqat bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda burchakdan uzatib berilgan to‘pni Foden bir teginishda darvoza burchagiga joyladi. Shu bilan birga, «shaharliklar»ga hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi, o‘yin davomida zarba berish bo‘yicha uch barobar ustunlikka ham ega bo‘lindi, lekin darvoza sohasiga berilgan aniq zarbalar bo‘yicha «asalarilar» ustunlik qildi (29:10, 6:8).

Ikkinchi bo‘limda «Brentford» jarima maydoniga qamalib oldi, shu bilan birga xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi, bunday vaziyatlardan birida amaldagi chempionni Lyaportning darvozabon hududidagi fidokorlik bilan to‘pga tashlanishi qutqardi. «Siti»ning navbatdagi davomli hujumlari vaqtida Joau Kanselu penalti ishlash uchun yiqilgani uchun ogohlantirildi, javob hujumida esa Ederson Tonining bir necha metrdan turib bergan zarbasini oyoqlari bilan qaytardi.

Yakunda arbitr tomonidan qo‘shib berilgan 10 daqiqa Xosep Gvardiola jamoasiga yordam emas, balki jazo bo‘lib chiqdi. Mezbonlar burchak zarbasi ijro etganida qarshi hujumga uchradi va qanotdan to‘p uzatilganda Gundo‘g‘an markazda turgan Tonining yo‘lini to‘sa olmadi. APLdagi uchinchi to‘purar bo‘lib turgan bu futbolchi het-trikka erishishi ham mumkin edi, ammo uning yana bir zarbasini De Bryuyne darvoza chizig‘ida to‘xtatib qoldi. Nima bo‘lganda ham bu mavsumda Toni bir o‘yinda ikki yoki undan ko‘p gol urish bo‘yicha faqat Holanddan ortda (5 ga qarshi 3), bu safar norvegiyalik futbolchi maydonni golsiz tark etdi, «Brentford» esa «Arsenal»ga sovg‘a tayyorladi.

Liverpul – Sauthempton 3:1
Gollar: 1:0 – 6 Firmino, 1:1 – 9 Adams, 2:1 – 21 Nunes, 3:1 – 42 Nunes.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Gomes, Roberson, Tsimikas, Fillips, Karvalyu, Tiago Alkantara, Fabino, Elliott (Milner, 68), Firmino (Oksleyd-Chemberlen, 75), Saloh, Nunes.
Sauthempton – Bazunu, Bella-Kochap, Chaleta-Tsar, Salisu, Perro, Voynovich, Uolkott, Meytlend-Naylz, Aribo, Edozi, Armstrong, Elyunussi, Uord-Prouz, Lavia, Armstrong, Adams.

Natan Jons boshqaruvidagi ilk o‘yinini o‘tkazgan «Sauthempton» Robertu Firminoning tezkor goliga standart vaziyatdan unumli foydalanib, tezkor gol bilan javob qaytardi va bu o‘yinda sensatsiya bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. Ammo bu shunchaki Uord-Prouzning navbatdagi jarima zarbasini mahorat bilan ijro etishi va Adamsning aniq zarbasiga Alissonning xato tashlanishi bo‘lib chiqdi.

«Liverpul» vaziyatga xotirjamlik bilan yondashdi va tanaffusga Nunesning gollari evaziga ikki gol ustunligi bilan yo‘l oldi. Ikkinchi bo‘limda esa jahon chempionati arafasida imijini o‘zgartirgan Alisson uchta seyv amalga oshirdi va amalda jamoasi g‘alabasini ta’minladi.

O‘yindagi uchinchi golda pas bergan Roberson esa «Everton»ning sobiq futbolchisi Beynsning natijasini takrorladi. Endi bu ikki futbolchi 53 ball bilan APLdagi himoyachilar orasidagi eng yaxshi assistentlar bo‘lib turibdi, «Liverpul» kuchli oltilikka qaytdi.

Tottenhem – Lids 4:3
Gollar: 0:1 – 10 Sammervill, 1:1 – 25 Keyn, 1:2 – 43 Rodrigo, 2:2 – 51 Devis, 2:3 – 76 Rodrigo, 3:3 – 81 Bentankur, 4:3 – 83 Bentankur.
Tottenhem – Loris, Emerson (Doerti, 57), Dayyer, Devis, Langle, Sanches, Perishich, Lukas Moura, Xeyberg, Bentankur, Kulusevski, Keyn, Risharlison (Bissuma, 69).
Lids – Mele, Kristensen, Kuper, Kox, Streyk, Eyling, Roka, Adams, Aaronson, Gelxardt, Grinvud, Fernandes, Rodrigo, Sammervill, Nonto.
Chetlatish: Adams (87).

Kunning eng aql bovar qilmas o‘yini shu kuni uch bor hisobda ortda borgan «Tottenhem»ning g‘alabasi bilan yakunlandi, yakunda «shporlar» nafaqat o‘yinni qutqarib qolishdi, balki qimmatli uch ochkoga ega chiqishdi. «Lids» tarkibida so‘nggi uch o‘yinda gol urgan 20 yoshli Sammervil bu o‘yinda hisobni ochib, golli seriyasini davom ettirdi, ammo uning goliga tezda Keyn javob qaytardi. Rodrigo esa mehmonlarni tanaffusga g‘olib holda olib chiquvchi golni urdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Devis muvozanatni tikladi. 

Ikkinchi bo‘lim oxirlarida Rodrigo dublni rasmiylashtirdi va londonliklar bu o‘yinda ham ochko yo‘qotishi muqarrardek ko‘rinib qoldi. Ammo barchasi shundan keyin boshlandi. Ikki hafta oldin «Bornmut»ga qarshi o‘yinda 0:2 hisobini 3:2 hisobidagi g‘alabaga aylantira olgan, YeChLda esa «Marsel»ga qarshi muhim o‘yinda qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada g‘alaba golini urgan Konte shogirdlari bu safar ham shunday dramatizm va hissiyotlar taqdim etishdi.

Bu safar ham kecha qahramoni Bentankur bo‘ldi. Ushbu urugvaylik o‘zini nafaqat haqiqiy kurashchi sifatida, balki muhim gollar urish mahoratini ham namoyish etmoqda. Shanba kuni u dastlab raqibdan qaytgan to‘pni darvozaga joyladi, keyin esa Kulushevskining jarima maydoniga yorib kirib bergan uzatmasini markaziy forvard ampluasida harakat qilib, golga aylantirdi. O‘tgan haftada «Bornmut»ga qarshi o‘yinda ikki gol farqini yo‘qqa chiqarib, g‘alabaga erishgan «Lids» esa bu safargi gollar yomg‘iri kuzatilgan uchrashuvda ochkosiz qoldi.

Nyukasl — Chelsi 1:0
Gol: Uillok (67).
Nyukasl – Poup, Tripper, Sher, Botman (Targett, 87), Bern, Bruno Gimaraes, Longstaff, Uillok (Merfi, 85), Almiron, Vud (Uilson, 76), Joelinton. 
Chelsi – Mendi, Aspilikueta (Pulishich, 46), Kulibali, Chaloba, Loftus-Chik (Tiago Silva, 7), Holl (Kukurelya, 73), Kovachich, Jorjino, Maunt (Ziyosh, 73), Gallaher, Broya (Haverts, 73).
Ogohlantirishlar: Jorjino (30), Tripper (56), Kulibali (89), Pop (90+5), Longstaff (90+8).

Turning markaziy uchrashuvi kutilganidek keskin o‘tdi. Bunday o‘yinlar taqdirini odatda bir gol hal etadi. «Chelsi» esa bu golni ura olmadi, Poup Gallaherning zarbasidan keyin burchakka kirib ketayotgan to‘pni olib chiqib, jamoasini muqarrar goldan qutqardi, bir necha daqiqa o‘tib esa «Nyukasl» hal qiluvchi bo‘lib chiqqan hujumni uyushtirdi. Bu golni amalda to‘pni raqib jarima maydoniga olib borgan Almiron yaratdi, u to‘pni qanotda qabul qilib olib, boshi bilan ikki marta o‘ziga bo‘ysundirib olib, markaz tomon yurdi, uning to‘pga uchinchi teginishi yugurib kelayotgan Uillok uchun pasga aylandi - «Arsenal» sobiq futbolchisining zarbasi snaryad kabi uchib darvoza to‘ridan joy oldi.

«Qarg‘alar» barcha turnirlar doirasida qatorasiga oltinchi o‘yinda g‘alaba qozondi (APLda qatorasiga besh g‘alaba), jamoa so‘nggi bor avgust oyi oxirida, «Liverpul»ga qo‘shimcha daqiqalardagi gol tufayli mag‘lub bo‘lgan. Natijada jamoa ta’tilga uchinchi o‘rinda mustahkam joylashgan holda yo‘l olmoqda. «Chelsi» esa qulashda davom etmoqda, jamoaning g‘alabasiz seriyasi besh o‘yinga yetdi (shundan qatorasiga uch o‘yinda mag‘lubiyat) va sakkizinchi o‘ringa tushib ketdi.

Vulverhempton — Arsenal 0:2
Gollar: Edegor (55, 75).
Vulverhempton – Sa, Semedu (Lembikisa, 68), Kollinz, Kilmen, Gomesh (Nunesh, 80), Bueno, Moutino (Podense, 68), Ruben Nevesh, Traore, Traore, Gedesh. 
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Soaresh, 90+1), Jaka (Viyeyra 16, El-Nenni 90+1), Parti, Edegor, Saka (Nelson, 90+1), Jyezus, Martinelli.
Ogohlantirishlar: Gomesh (37), Traore (45), Parti (52), Gabriel (60), Bueno (90+2).

«Siti» o‘z maydonida mag‘lub bo‘lishi «Arsenal» bu turda qanday natija qayd etmasin, tanaffusga birinchi o‘rinda chiqishini ta’minladi. Ammo Mikel Arteta o‘yinning 15-daqiqasidayoq muammoga uchradi, Chaka o‘zini yomon his qildi va almashtirildi. Ushbu havbekning bu mavsumdagi o‘yinlarga ta’siri juda ulkan, masalan, shveysariyalik futbolchining zarbasi «Vulverhempton»ning metin himoyasini yorib o‘tishi mumkin edi.

Shu kuni jamoaning boshqa futbolchilari ham o‘ziga o‘xshamadi, avvaliga Martinelli raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni qabul qilishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va raqib qarshi hujumini boshlab berdi, bu hujum Gedeshning zarbasi biroz xato ketishi bilan yakunlandi. Keyin esa Saliba to‘pni darvozabonga qaytarmoqchi bo‘lib, uni raqibga sovg‘a qildi, bu safar Gedeshning zarbasi yo‘liga Gabriyel tashlanib, xavfni bartaraf etdi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanganida esa «kanonirlar»ning o‘ziga xos hujumi natija keltirdi. Gabriel Jyezus (uning birinchi bo‘limdagi goli ofsayd tufayli inobatga olinmagan, yana bir zarbasi darvoza to‘siniga tekkandi) chap qanotdan markazga yurib, oldinga tashlangan Fabiu Viyeyrani to‘p bilan ta’minladi, portugaliyalik yarimhimoyachi esa markazga uzatma berdi, u yerda Edegor Sakadan ildamroq harakat qilib, to‘pni darvozaga joyladi. «Bo‘rilar» boshqaruviga kelgan Xulen Lopetegi tribunada o‘yinni g‘amgin ko‘rinishda kuzatishga majbur bo‘ldi: u so‘nggi o‘rindagi jamoani ko‘tarishi talab etiladi. Mehmonlarning norvegiyalik sardori esa dubl rasmiylashtirdi.

Ikkinchi golli hujumda ishtirok etgan Zinchenko ham o‘yin oxirida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, u maydon markazida to‘pni raqibga topshirdi, Adama Traore Podenseni to‘p bilan ta’minladi, ammo uning zarbasini Ramsdeyl bartaraf etdi. 

«Arsenal» g‘alabali hisobni saqlab qoldi va tanaffusga asosiy ta’qibchisi «Man Siti»dan besh ochkoga o‘zib ketgan holda yo‘l oldi.

Italiya: «Napoli» bo‘shashdi va g‘alabani boy berishiga bir baxya qoldi

Napoli – Udineze 3:2
Gollar: 1:0 – 15 Osimhen, 2:0 – 31 Zelinski, 3:0 – 58 Elmaz, 3:1 – 79 Nestorovski, 3:2 – 82 Samardjich.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Kim Min Je, Olivera, Mariu Ruy, Estigor, Politano, Ndombele, Lobotka, Zelinski, Zambo-Angissa, Elmas, Losano, Osimhen.
Udineze – Silvestri, Exizibue, Eboss, Biyol, Peres, Yayalo, Pereyra, Samardjich, Arslan, Uolas, Lovrich, Nestorovski, Deulofeu (Saksess, 26), Betu.
Ogohlantirishlar: Jyezus (25), Uolas (27), Pereyra (37), Mariu Ruy (78), Eboss (84).

Belidagi og‘riq tufayli ikki o‘yinni o‘tkazib yuborgan Kvaratsxeliya JCh-2022 arafasidagi so‘nggi turda o‘ynashni juda istagandi, ammo yevrokuboklar zonasida yonma-yon turgan «Udineze»ga qarshi o‘yinni Luchano Spalletti gruziyalik yulduzsiz o‘tkazishga qaror qildi. «Napoli»ning tarkibi bu mavsumda keng va Osimhen Xvicha mas’ul bo‘lgan chap qanotdan Elmas ijrosida berilgan uzatmadan keyin hisobni ochdi.

Bu nigeriyalik ushbu hujumchi boshi bilan urgan sakkizinchi gol bo‘ldi va u bu borada top-5 ligalarda faqat Harri Keyndan ortda qolmoqda. Osimhen ortidan Zelinski to‘pni aylantirib darvozaga yo‘llab hisobdagi farqni oshirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Elmas o‘z qanotidan yurish qilib, o‘zi gol urdi va Kvaratsxeliyaning gollarini yodga solib yubordi.

Janubliklar ta’tilga turnir jadvalidagi ta’qibchilardan katta farq bilan (11 ochko) oldinda borayotgan holda yo‘l oldi, lekin Spallettida bu o‘yindan keyin futbolchilariga savollar tug‘ilgani tabiiy - jamoa ikkita gol o‘tkazib yubordi va o‘yinning oxirgi daqiqalari juda asabiy kechdi.

Germaniya: Musialaning yorqin yubileyi

Verder – RB Leypsig 1:2
Gollar: 0:1 – 13 Andre Silva, 1:1 – 56 Gross, 1:2 – 71 Shlager.
Verder – Pavlenka, Vayzer, Shtark, Fridl, Piper (Shmidt, 80), Yung (Dinkchi, 86), Gross (Rapp, 72), Bitenkur (Stage, 72), Shmid (Berk, 86), Fyullkrug, Duksh.
RB Leypsig – Blasvix, Xenrixs, Orban, Gvardiol, Raum, Soboslai (Halstenberg, 83), Forsberg (Olmo, 72), Shlager, Aydara (Kampl, 76), Andre Silva (Poulsen, 83), Nkunku.

O‘tgan mavsumda «Leypsig»ning qayta tirilishi Jyessi Marsh iste’foga chiqishi va bosh murabbiylikka Domeniko Tedesko kelishi bilan boshlangandi. Endi esa jamoa mavsumni o‘ta yomon boshlaganida bosh murabbiy yana iste’foga chiqarildi va uning o‘rnini egallagan Marko Roze o‘n o‘yinda 23 ochko jamg‘ara oldi. Bunday davrda bundesligada undan yaxshiroq natijani boshqa hech kim qayd etmagan va yakshanba kungi o‘yinlar yakunlariga qadar «Leypsig» ikkinchi o‘rinni egallab turadi. Roze bilan shartnomani uning birgina mavsumdan keyin bekor qilib yuborgan Dortmundning «Borussiya» klubi esa uning hozirgi jamoasini ta’qib etishga majbur.

«Leypsig»da murabbiydan barcha rozi va uning natijalari hech kimni hayron qoldirmayapti ham, chunki Roze — «RB» tizimidan chiqqan. U «Zalsburg»ning yoshlar va kattalar jamoalarida muvaffaqiyatli ishlagan. Qolaversa, u Leypsigda tug‘ilgan, mahalliy klub safida o‘ynagan va murabbiylik faoliyatini «Lokomotiv»da boshlab, jamoani hududiy ligada saqlab qolgan. Bu kamtar daraja edi, endi esa Roze Andre Silva kabi yulduz futbolchilarga murabbiylik qilmoqda, portugaliyalik futbolchi Bremendagi o‘yinda o‘zi ham gol urdi, g‘alaba keltiruvchi golga hammualliflik qildi.

Shalke — Bavariya 0:2
Gollar: Gnabri (38), Shupo-Moting (52).
Shalke – Shvolov, Bryunner (Aydin, 75), Yoshida, Matrichani, Mor (Kolodzeychak, 66), Dreksler (Latsa, 75), Kral, Kraus, Terodde, Karaman (Larsson, 59), Byulter (Sane, 66). 
Bavariya – Noyyer, Upamekano, Pavar, Ernandes (Stanishich, 72), Goretska (Zabitser, 72), Kimmix, Shupo-Moting, Gnabri, Koman (Gravenberx, 80), Sane (de Ligt, 60), Musiala (Vanner, 79).

O‘tgan turda «Shalke» 10 sentabrdan buyon ilk g‘alabasiga erishgandi, ammo jamoaning «Bavariya»ga kuchi ochiqchasiga yetmadi. Baribir so‘nggi o‘rindagi jamoaning birinchi o‘rindagi jamoaga qarshi chiqishi — natijasi oldindan ma’lum bo‘lgan o‘yin edi. 17 yosh 259 kunligida Myunxen klubida 100 bor rasmiy o‘yinda maydonga tushgan vunderkind Musialani esa kuchli raqiblar ham to‘xtata olmaydi. Ushbu yarimhimoyachi yubileyini ikkita golli uzatma bilan nishonladi — ulardan biri Gnabriga tovon bilan uzatildi — buni futbol estetlari juda qadrlashadi. U yana bir uzatmasi bilan Shupo-Moting navbatdagi golli seriyasini boshlashiga yordam berdi. Musialaning o‘zi urgan gol esa kichik ofsayd tufayli bekor qilindi.

Kun statistikasi

  • «Brentford» 3-bor bir mavsum doirasida ham «Manchester Siti»ni, ham «MYu»ni mag‘lub etdi. Bundan avval «asalarilar» buni 1936/37 va 1937/38 yillar mavsumida uddalashgandi.
  • Berri, Lempard va Giggzdan keyin APLda 600-o‘yinini o‘tkazgan 4-futbolchi «Liverpul» yarimhimoyachisi Milner bo‘ldi.
  • «Brentford» APL o‘yinlarida 16 bor hisobni birinchi bo‘lib ochgan va biror marta mag‘lub bo‘lmagan (+13=3).
  • «Istanbul BB» boshqaruvidagi Emere Belezo‘g‘li o‘z faoliyatidagi eng yirik mag‘lubiyatni (0:7) qabul qilib oldi, bu «Galatasaroy» ustozi Okan Buruk uchun esa — faoliyatidagi eng yirik g‘alaba.
Ko‘proq yangiliklar: