Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning so‘zlariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilarga kassa apparat qo‘llash majburiyligi yuklatilgani [soliq organining tadbirkorni] jazolash metodlaridan yana biriga aylanmoqda.
«O‘zini o‘zi band qiluvchilarga oid yangi tartib (VMning 806-sonli qarori) tufayli soliq qonunchiligini mantiq tark etdi. Soliq qonunchiligiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilar soliqdan to‘liq ozod qilingan. Agar mehnat staji ketsin desa, ixtiyoriy ravishda 1 yilda bir marta ijtimoiy soliq – 300 ming so‘m to‘lab qo‘ysa bo‘ladi.
Ammo qancha daromad oladigan bo‘lsa ham, soliqqa tortilmasligi belgilab qo‘yilgan. Ularga kassa apparati yoki terminal shart emas. Qonunchilik bo‘yicha kassa apparat, to‘lov terminallarini tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘llash majburiy.
Kassa apparatlarini qo‘llashdan maqsad soliqdan qochishning oldini olish va soliq bazasini aniqlash. Endi o‘zini o‘zi band qiluvchi soliq to‘lamaslik imtiyozi bo‘lib turib, kassa apparatini qo‘llashi kerak. Agar qo‘llamasa, unga 5 million so‘m jarima bor, qo‘llasa, har oy kassa apparatining 100 ming so‘mlik to‘lovini amalga oshirishi kerak. Bundan maqsad – jarimalar sistemasini yaratish. Menda bunday faktlar bor: sartaroshga 5 mln so‘m jarima to‘latishgan», — deydi u.
Mutaxassisning fikricha, buyog‘iga 5 mln so‘m jarimani to‘lamaslik uchun yana korrupsion metodga keng yo‘l ochiladi, davlat soliq to‘lashdan ozod qilgan shaxslarga 2,5-3 mln so‘mdan terminal sotib olish majburiyati qo‘yilyapti.
«O‘zini o‘zi band qilgan 1 mln 200 ming shaxs bor, shuncha odam kassa apparati sotib olishi kerakmi? Bu band kiritilishidan maqsad – kassa apparatini sotib pul ishlashmi?» — deya qo‘shimcha qildi u.