Oshxonada ovqatlanib o‘tirar ekanman, yonimga yoshi qirqlardan oshgan bir yigit kelib o‘tirdi. Biroz o‘tib u bilan tanishdik, viloyatning chekka tumanida yasharkan. Bozorda savdo do‘koni bo‘lib, shaharga mahsulot olib ketish uchun kelgan ekan.
Suhbat asnosida soliqdan gap ochildi. Shunda suhbatdoshim ancha yillar avval soliqchi bo‘lib ishlaganini, tamagirlik ortidan qo‘lga tushib, qamalib chiqqanini aytib qoldi.
«Qamoqdan ozod bo‘lsam halol yashayman, zinhor birovning haqqiga xiyonat qilmayman, deb o‘zimga so‘z bergandim. Halol mehnat ortidan ozroq pul jamg‘arib, kichik savdo do‘koniga ega bo‘ldim. Hozir oilamdagilar bilan o‘shani yurg‘izyapmiz. Xudoga shukur, birovdan kam joyimiz yo‘q, qora qozon qaynab turibdi», dedi.
Menga uning boshidan o‘tgan hodisalar qiziq tuyuldi va malol kelmasa hikoya qilib berishini so‘radim. U gap boshladi.
«Bir paytlar mening hayotimga barcha havas qilardi. Obro‘li ish – axir barcha ham soliq xodimi bo‘la olmaydi, salmoqli maosh, inoq kollektiv, baxtli oila, qisqasi yaxshi hayotda yashardim.
Ana shunday sharoitda nafsim meni yo‘ldan urdi va tamagirlik bilan pul topishga o‘tdim. «Qing‘ir ishning qiyig‘i albatta chiqadi» deyilganidek, bir kun shishib turgan shar paq etib yorildi va noqonuniy ishlarim fosh bo‘ldi. Shundan so‘ng men barchasidan ayrildim.
Maktabni bitirgach tanishlar yordamida institutlardan birining iqtisodiyot fakultetida o‘qidim. So‘ng tug‘ilib o‘sgan tumanimga qaytib, soliq inspeksiyasiga ishga kirdim.
Bir necha yil oddiy xodim sifatida ish o‘rgandim. Keyinroq meni katta bir qishloqqa soliq nazoratchisi etib tayinlashdi. Qishloqda beshta mahalla bo‘lib, men u yerda yordamchim bilan yer va mulk solig‘ini yig‘ardim.
Qishloq joylarida soliq nazoratchisi sifatida ishlab, yer va mulk solig‘ini yig‘ishning «manfaatli» tomonlari ko‘p edi. Masalan, qishloqlarda so‘nggi 20-25 yilda qurilgan yangi imoratlarning aksariyatida hech qanday hujjat yo‘q.
Men va yordamchim ana shundan foydalanib, uy-joyining hujjati bo‘lmaganlarga «Shartli soliq to‘laysiz» deb, ulardan pul undirardik. Odamlarga esa kvitansiyaning nusxasini to‘ldirib berib ketaverardik. Ba’zida kvitansiya ham bermasdik. Bunday pullar davlatga topshirilmas, yordamchim va men haqqimni olib qolib, qolgani tuman soliq bo‘limi rahbariga yetkazilardi.
Ayrim hollarda kimdir uy-joyini hujjatlashtirganda bizga to‘lagan pullari kompyuterdan chiqmas, ammo yer-mulkini qonuniy qilib olganiga xursand bo‘lgan odamlar bunga e’tibor bermasdi.
Bundan tashqari, beshta mahallada 20 dan ortiq katta-kichik turli savdo va xizmat ko‘rsatish do‘konlari bor edi. Ularning orasida to‘rt-beshta kattaroq do‘kon yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib soliq to‘lar, qolganlaridan oyma-oy «dolya» yig‘ardik.
Biz belgilangan «stavka» YaTT sifatida to‘laydigan mablag‘idan biroz kamroq bo‘lgani uchun ular aytgan pulimizni og‘rinmasdan berardi. Shu tariqa, hamma xursand, o‘z ishini qilardi.
O‘shanda ayrim hamkasb xodimlar qilayotgan ishim noto‘g‘riligini, bu ketishda bir kun baloga yo‘liqishimni aytishdi. Ammo men ularning nasihatiga quloq solmadim.
Ana shunday kunlarning birida menga nasihat qilgan hamkasblarning aytgani bo‘ldi. Hakalak otgan nafsim nafaqat o‘zimning, balki butun tuman soliq bo‘limining ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi.
Mahallalardan birida soliq yig‘ib yurgandik, oldimizga bir yigit keldi. Salom-alikdan so‘ng u somsaxona ochmoqchi ekanini, shunga biz bilan kelishib ish boshlamoqchi bo‘lganini aytdi.
Yigitga o‘sha paytda ustaxona va sartaroshxona kabi joylardan oladigan pulimizni aytdik, ammo u rozi bo‘lmadi.
«Mahallamizda uchta somsaxona bor. Men to‘rtinchisini ochyapman. Joyim mahalla markazida emas, chetroqda. Kuniga bir tandir somsa o‘tkazaman va bundan katta daromad qilib bo‘lmaydi. Shunga sizlar so‘ragan pulni bera olmayman» dedi u.
Yigit biz so‘ragan pulning yarmini taklif qilgandi, rozi bo‘lmadik. Unga talab qilgan pulimizni bersagina ishlashi mumkinligini, aks holda jarima qilishimizni aytdik. Yigit indamay ketdi.
Ertasi kuni ishxonaga borgandim, boshliq chaqirib qoldi. Kirsam oldida kechagi yigit. Boshliq menga savol nazari bilan qaragandi, unga vaziyatni qisqacha tushuntirib, yigit biz aytgan taklifga ko‘nmayotganini aytdim.
Shundan so‘ng boshliq yigitga qarab «Bor so‘ragan pulini ber va ishlayver. Arzimagan narsani ham mening boshimga ko‘tarib kelasanmi?» dedi. O‘zicha tuman soliq idorasidan adolat istab kelgan yigit nima deyishini bilmay qoldi va indamay chiqib ketdi.
Oradan ikki kun o‘tgach, yigit telefon qilib shartimizga roziligini aytdi. «Ertalabdan somsapazlarim ish boshlaydi, kelib haqqingni olib ket», dedi.
Ertasi kuni yordamchim bilan uning mahallasiga bordik. Aytganiday somsaxonani qishloq chetidagi uyidan ochgan ekan. Somsa tayyorlanadigan xonaga kirdik, qarasak ikki yigit nimadir ish bilan band.
Yigit pul berishidan avval «sal kamroq olsanglar hech narsa bo‘lmasdi» deb biroz gina qildi. Unga biz ham xo‘jayinli odam ekanimizni, yig‘ayotgan pullarimizdan arzimas qismi o‘zimizda qoldirib, qolganini tiyin-tiyinigacha tepadagilarga olib borib berishimizni aytdik.
Yigit bizga bermoqchi bo‘lgan pulni erinmay oldimizda sanadi va shu asnoda gapga tutib boshqalardan qancha olayotganimiz bilan qiziqdi. U pulni sanab bo‘lib qo‘limga bergach birdaniga uning o‘zini tutishi, tinmay savollar berayotgani menga shubhali tuyuldi.
E’tibor berib qarasam tashqarida, arava ustiga o‘rnatilgan tandirda olov yo‘q. Ichkarida ham na xamir, na yopish uchun tayyorlangan somsa, hech narsa ko‘rinmayapti. Somsapaz deyilgan yigitlar ham shunchaki uyoq-buyoqni tozalayotganday tutayotgandi. Ularning xavfsizlik xodimi ekaniga zarracha shubham qolmadi. Olgan pulimni uloqtirib, yordamchimga «qoch» deb baqirdim va o‘zimni tashqariga urdim.
«Somsapaz» yigitlar ortimizdan quvishdi. Yordamchim chaqqonroq edi, tezda mendan o‘zib ketdi. O‘sha paytda «Jiguli» mashinam somsaxona oldida qolgan, uning ichida men va yordamchimni fosh qilish uchun yetarli bo‘lgan turli daftarlar bor edi. Bunday paytda qochish mantiqsizlik edi, ammo o‘sha paytda qo‘lga tushmaslik uchun hamma narsaga tayyor edim.
Ming urinmaylik, uzoqqa qocha olmadik. Tezda yetib olib ushlashdi. Shundan so‘ng bizni tutganlardan biri qayergadir telefon qildi. Bir zumda bir necha mashinada IIB va tuman milliy xavfsizlik xizmati (u paytlarda xavfsizlik xizmati shunday atalardi) xodimlari yetib kelishdi. Shunda bizni ushlagan yigitlar viloyatdan kelishganini bildik.
Bizni to‘g‘ri tuman soliq bo‘limiga olib borishdi va binoning kirib-chiqish eshigini, keyin ichkaridagi barcha xodimlarni hovliga chiqarib, ularning xonalarini ham muhrlashdi.
Shundan so‘ng tuman soliq bo‘limini bir necha hafta «g‘alvir» qilishdi. Ko‘p qing‘ir ishlar chiqib keldi.
O‘sha paytda men ishlaydigan qishloq aholisining soliq idorasidagi kompyuter ma’lumotlari bilan daftarimdagi hisob-kitobni solishtirishdi. Kompyuterdan 4 mingta xo‘jalikning, daftarimdan esa 5 mingta xo‘jalikning ro‘yxati chiqdi.
Tumandagi boshqa mahallalar, bozorda tadbirkorlar bilan ishlaydigan xodimlardan ham shunaqa ishlar aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, xodimlar orasida eng noinsof o‘zim bo‘lgan ekanman.
Bu orada bizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovdan so‘ng tuman soliq bo‘limi boshlig‘i, uning o‘rinbosari, men va yordamchim turli yillarga ozodlikdan mahrum etish jazosini oldik.
Turli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan boshqa xodimlar ham turlicha jazolar olishdi. Kimdir ozodlikni cheklash, axloq tuzatish ishlari kabi jazolarni oldi. Yana kimlardir turli miqdorlarda jarimaga tortildi. Bir qator xodimlar ishdan bo‘shatildi.
Qamoqda o‘tirib o‘tgan hayotimni tahlil qildim. Menga ham boshqalar qatori bir marta umr beriladi. Nega haromdan hazar qilmay yashaganimga, halol rizq izlamaganimga afsuslandim.
Qamoqdan chiqqanimga ham bir necha necha yil bo‘ldi. Hozir tadbirkorlik qilyapman. Bozordan kichik bir do‘konni ijaraga olib, o‘sha yerda xo‘jalik mollarini sotyapman».
Suhbatdoshim hikoyasini tugatgach, qachonki insonning boshi devorga borib urilganda ko‘zi moshday ochilishiga va to‘g‘ri xulosa chiqarishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Hatto ismini ham so‘ramagan suhbatdoshim bilan oshib ketgan narx-navolar haqida biroz suhbatlashgach, ikkimiz ikki yonga ketdik.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.