— “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashkil etilganiga 31 yil bo‘ldi. Tashkilot o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni uddalay olyaptimi?
— Tashkilot mamlakat mustaqilligining ilk yilida uch-to‘rt ayolning tashabbusi bilan tashkil etilgan. O‘tish davrida, ya’ni mustaqillik yillarida bozor iqtisodiyoti qoidalarini ayollarga biroz tushuntirish, ularni daromad topishga o‘rgatish tashkilotning o‘sha paytdagi asosiy maqsadi bo‘lgan. 31 yil bu kichik muddat emas. Bu davrda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi katta tajriba yig‘di. Bu tajribaga asosan salohiyatimizni to‘liq ishlatishga bizga, albatta, ko‘proq sharoit kerak. Mana shu davr mobaynida hukumat oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni to‘liqroq va samaraliroq bajarishimiz uchun ko‘proq mehnat qilishga bel bog‘laganmiz. Lekin shunday vaziyatlar borki, o‘zimizning vakolatimizdan chiqa olmaymiz. Mana shu narsa bizga biroz xalaqit beradi.
— Tashkilot qayerdan moliyalashtiriladi? 1 yillik jami xarajatlari qancha?
— Bu ko‘pchilik uchun qiziq. Haqiqatda kim bilan gaplashsam, assotsiatsiyaning katta moliyalashtirish asosi bor, deb o‘ylashadi. Aslida biz o‘zimizning tashkilotni o‘zimiz moliyalashtirishga harakat qilamiz. Ya’ni ko‘plab xalqaro tashkilotlarga murojaat qilamiz, hamkorlarimiz bilan ishlashga intilamiz. Hozirda “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasining eng katta yutuqlaridan biri bu xalqaro tashkilotlar va hukumatimizning bizga bo‘lgan ishonchidir. Biz biror loyihani muvaffaqiyatli bajarmasak, keyingi loyihalarda hamkorlarning ishonchini oqlay olmagan bo‘lamiz. Aynan shuning uchun barcha loyihalarni sifatli bajarishga harakat qilamiz. Mana shundanmi, hamkorlarimiz, donor tashkilotlar bizga ko‘proq e’tibor berishadi.
— Assotsiatsiyaning jamiyat va davlat rivoji uchun ahamiyati haqida gapirsangiz, aytaylik shu tashkilotni yo‘q deb hisoblasak jamiyat nima yo‘qotadi?
— Ko‘p narsa yo‘qotadi. Chunki “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi ayollarimiz uchun nihoyatda kerakli tashkilot. Ko‘p yillar davomida ayollar bilan yaqindan muloqot o‘rnatishga, ularni birlashtirishga harakat qildik. Bu oson bo‘lmadi. Bizga bo‘lgan ishonchni yillab yig‘dik. Albatta, ayollar o‘zlarining imkoniyatlarini, intilishlarini realizatsiya qilishga mana shunday bir tashkilotlar kerak.
— Kun.uz sayti ko‘plab ayol tadbirkorlarning muammolarini ko‘taradi, jamoatchilik e’tiboriga olib chiqish orqali muammo hal bo‘lgan holatlar juda ko‘p. Lekin shunday paytlarda assotsiatsiyaning faolligini sira kuzatmaganmiz. Ayting-chi, nega shunday?
— Afsuski, bizning vakolatimiz doirasi chegaralangan. Agar biz davlat tashkiloti bo‘lganimizda, boshqa davlat tashkilotlariga murojaat qilib u yoki bu a’zolarimizning muammolarini osongina hal qilib bergan bo‘lardik. Shuning uchun qayta-qayta aytamanki, vakolatimizni kengaytirish kerak. 31 yil davomida o‘zining faoliyatini bir kunga ham to‘xtatmagan va davlat budjetidan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirilmagan, ko‘p ming sonli ayollarning ishonchini oqlagan tashkilotga ko‘p valolat berish kerak, deb o‘ylayman.
— Birgina vodiy viloyatlarining o‘zida 100 ming ayol xorijda migratsiyada ekani aytildi. Sizningcha bu raqam nimani anglatadi? Ayollar migratsiyasining ortishida O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining ham aybi bor deb o‘ylaysizmi?
— Biz xotin-qizlarni respublikamizda ushlab qola olmay, ularga yetarli sharoitlarni yaratib bera olmayapmizmi, demak, hammamiz aybdormiz. Hammamizning mas’uliyatimiz bor. Aynan shuning uchun joriy yilda chet ellarda sarson bo‘lib yurgan xotin-qizlarni respublikamizning o‘zida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga jalb qilishga qaratilgan loyihani amalga oshirdik. Mazkur loyihani amalga oshirish oson bo‘lmadi, ayollardagi juda ko‘p psixologik to‘siqlarni yengishga to‘g‘ri keldi. Ular bizga o‘qishning nima keragi bor, degan savollarni bergan. Biz ularga mana shu olgan bilimi ortidan daromad keltiradigan faoliyat kelishini tushuntirishga harakat qildik. Oldin ayollar tortinishgan yoki ularning oldida qandaydir to‘siqlar bo‘lgan bo‘lsa, hozir o‘zlari shu loyihadan xabar topib, unga intilishmoqda. Chunki biz loyihada ayollarga nafaqat nazariy bilim, qolaversa, keyin ularga grantlar ham beramiz. Ozgina kapital ayollarni ruhlantiradi.
— Yaqin kunlarda Ayollar tadbirkorligi haftaligi-2022 o‘tkazilishi kutilmoqda. Ushbu tadbirdan qanday natijalar kutyapsiz?
— Mana bir necha yildirki, 19 noyabr – Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuniga bag‘ishlab “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda Ayollar biznes haftaligi o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil oltinchi marta o‘tkaziladigan haftalik IT-industriya sohasida ayollar biznesini rivojlantirishga ko‘maklashish va ayollar duch kelayotgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam beradigan turli masalalarga bag‘ishlanadi. Bu tadbir faqat Toshkent shahrida emas, respublikamizning turli hududlarida o‘tadi. Qoraqalpog‘iston misolida aytadigan bo‘lsam, Nukusda ajoyib innovatsion loyiha, ya’ni “Qoraqalpoq etno-ovul” sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti bo‘ladi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirayotgan va qiynayotgan masalalar yuzasidan bevosita ma’ruzachilar bilan muloqot qiladilar. Har bir taklif va muammo davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.