Gruziya Markaziy banki raisi Koba Gvenetadze Gruziya dollarlashuvni kamaytirish uchun yumshoq kuch vositalarini qo‘llagani, buning uchun tartibga soluvchi hujjatlar qabul qilinib, stimul yaratilganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 7 yil oldin kredit dollarlashuvi 70 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir 45 foiz. Gvenetadze dollarlashuvni pasaytirishda past inflatsiya va makromuvozanatni ta’minlash zarurligini, bu investorlar uchun ham muhimligini ta’kidladi.
Qozog‘iston Markaziy banki raisi Galimjan Pirmatov esa Qozog‘iston dollarlashuvni kamaytirishga emas, inflatsiyani pasaytirishga asosiy e’tiborini qaratganini aytdi. Natijada, uning ta’kidlashicha, mamlakat o‘z tarixidagi eng past inflatsiya ko‘rsatkichiga erishish orqali dollarlashuvni to‘xtata olgan.
O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov forum doirasida Kun.uz muxbirining dollarlashuv haqidagi savoliga javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, majburiy rezervlarning 18 foizga ko‘tarilishi va milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkasining xorijiy valutadagiga qaraganda jozibadorligi tabiiy ravishda O‘zbekistonda dollarlashuv darajasini kamaytirib boryapti.
“Oxirgi 10 oy yakunlari bo‘yicha depozit tarkiblarini o‘rganganimda sezilarli pasayish bor – 27,5 foiz depozitlar xorijiy valutada. Aytmoqchi bo‘lganim, biz ham dollarlashuv darajasi oshib ketmasligi uchun instrumentlardan foydalanamiz, endi buni har doim sizga o‘xshab so‘rashmaydi, aytib o‘tirmaymiz, ammo bu narsa doimiy nazoratimizda”, – dedi Nurmurodov.
Regulyator rahbari Markaziy banklarning dollarlashuvga nisbatan “yumshoq kuch” siyosatiga ta’rif berarkan, bu cheklov va taqiqlarsiz dollar miqdorini kamaytirish siyosati ekanini aytdi.
“Milliy valutadagi depozitlar jozibadorligi o‘z-o‘zidan xorijiy valutadagiga qaraganda depozitlarni so‘mda qo‘yishga undaydi. Bizda 4 oy oldin shu narsa kuzatildi, ya’ni dollar depozitlaridan milliy valutadagi depozitlarga o‘tish jarayoni. Bu hozir ham davom etyapti. Bu so‘m jozibadorligi oshgani va so‘mimiz nisbatan barqarorligi bilan izohlanadi”.
Kun.uz muxbirining 2022 yil fevralda boshlangan urush, geosiyosiy vaziyat chigallashuvi ortidan O‘zbekistonda dollarlashuv oshdimi deya bergan savoliga Nurmurodov quyidagicha javob berdi:
“Bizda dollarlashuv kredit qo‘yilmalari tarkibida ham, depozitlarda ham sekin-asta pasaymoqda. Xorijiy valutada chetdan mablag‘ olib kelishga imkoniyat va sharoitlar yengil bo‘lganida chetdan arzon pullar olib kirish mumkin bo‘ldi. Xuddi shu paytda banklar ham, mijozlar ham xorijiy valutani ko‘paytirdi. Bu o‘z-o‘zidan bizda dollar hajmini oshirdi. Hozir sharoit shundayki, har qanday bank ham valuta olib kela olmaydi, ma’lum shartlar bor. Shu kabi sabablar ta’sirida dollarlashuv sekin-sekin kamayib boradi”.
Qo‘shimcha qilish joiz, Nurmurodov hozir tijorat banklari uchun valuta olib kelishda ma’lum shartlar borligini aytganida, Amerika federal rezerv tizimining shartlarini nazarda tutdi.
Rossiya Ukrainaga urush boshlashidan oldin, tijorat banklari naqd valutani Rossiya banklaridan olib kelar edi. Vaziyat o‘zgarishi bilan rus banklariga dollar va yevro berish to‘xtatildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Markaziy banki AQShning Federal rezerv tizimiga bog‘lanib, banklarga naqd dollar yetkazib bera boshladi. Ammo federal rezervning dollar berish borasida ma’lum qoidalari bor, bu – O‘zbekistondagi tijorat banklari naqd dollar olishida qiyinchilik tug‘dirdi va shuning ortidan bir necha bor banklarda naqd dollar taqchilligi kuzatildi.