«MYu» Londonda mehmon, «Roma» A Seriya peshqadamiga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 15:53 / 22.10.2022 27485

Kecha parijliklar navbatdagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi va Neymarsiz harakat qilgan Messi-Mbappe juftligi birgalikda uchta gol «yaratishdi». Bugun esa bizni bir qator top uchrashuvlar kutib turibdi. Avgustda «Brayton» bilan ten Hagni yenggan Potter ikkinchi marotaba shu ishga urinib ko‘radi, Ispaniyada esa Madrid va Andalusiya to‘qnashadi – birato‘la ikki uchrashuv. Italiyada Shomurodov bilan birga mashg‘ulot o‘tkazadigan futbolchilar A Seriya peshqadamini yengishga urinib ko‘rishadi.

CheLSI – MANCheSTeR YuNAYTeD (22 oktabr, 21:30)

Besh yil oldin «Chelsi» «Stemford Brij»da Morataning goli hisobiga «Manchester Yunayted» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. O‘sha kuni mezbonlar asosiy tarkibida maydonga tushgan futbolchilardan faqat Aspilikueta, mehmonlardan esa De Xea va Reshford qoldi xolos. Shundan buyon APLda jamoalar 9 marta to‘qnash kelishdi va «Chelsi» g‘alaba qozona olgani yo‘q. To‘g‘ri, orada ikki marta londonliklar «Uembli»da, Kubok bahslarida ustun kelganini ham e’tirof etish kerak. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi to‘rt uchrashuv esa durang natija bilan tugagan.

Bugungi uchrashuvga ham jamoalar turnir jadvalida qo‘shni o‘laroq ro‘baro‘ kelishmoqda. «Chelsi» atigi bir ochko oldinda bormoqda va agar mehmonlar ustun keladigan bo‘lsa, ten Hag jamoasi ushbu mavsumda ilk bor kuchli to‘rtlikka kirib oladi. «Yunayted» top raqiblarga qarshi o‘yinlarni juda yaxshi o‘tkazmoqda, «Old Trafford»da «Liverpul», «Arsenal» va «Tottenhem» mag‘lub etildi, ammo yagona safar uchrashuvi «Etihad»da qanday tugaganini bilasiz. Ten Hag matbuot anjumanida qaysi maydonda o‘ynashning farqi yo‘qligini va faqat g‘alaba uchun maydonga tushishini ta’kidlab o‘tdi.

«Chelsi» yangi murabbiy qo‘l ostida asta-sekin o‘ziga kelmoqda. Jamoaning mag‘lubiyatsiz o‘yinlari seriyasi 7 o‘yinga yetdi, Chempionlar Ligasidagi vaziyat biroz o‘nglandi. Ayniqsa, himoya chizig‘ini alohida e’tirof etish kerak – Kepa besh o‘yindan beri o‘z darvozasidan gol olib chiqqani yo‘q. To‘g‘ri, qatorasiga 5 g‘alabadan so‘ng, «Brentford» maydonida durang qayd etildi, ammo Potter bu uchrashuvda ba’zi futbolchilarga dam berganini ham ta’kidlash kerak. «MYu»ga qarshi o‘yin, uch kun o‘tib esa Chempionlar Ligasidagi hal qiluvchi bahs oldidan murabbiy rotatsiya amalga oshirdi, deyish mumkin. Katta ehtimol bilan Obameyang, Silva, Kovachich, Sterling kabi futbolchilar bugun ilk daqiqalardan maydonga tushishadi.

Yo‘qotishlarga kelsak, mezbonlar safida doim «Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda gol urishni yoqtiradigan Kante, shuningdek, Ris Jyeyms maydonga tusha olmaydi. Mehmonlar safida esa Marsiyal, Maguayr va Donni van de Bek to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q. Ten Hag kecha faqat Aaron van Bisakka to‘liq mashg‘ulotlarga qaytganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Chelsi» darvozasiga oxirgi golni urgan «iblis» – Krishtianu Ronaldu ham Londonga bormadi. Buning sababi hammaga ma’lum.

ReAL MADRID – SeVILYa (22 oktabr, 23:55)

«Osasuna»ga qarshi o‘yindagi durangdan so‘ng, «Real» La Ligadagi ustunligini asta-sekin qo‘ldan chiqaradigandek tuyulgandi. Ammo jamoa yana o‘nglanib oldi va ayniqsa, El-Klasikodagi ishonchli g‘alaba madridliklarga uch ochko, peshqadamlikka qaytishdan tashqari, yaxshi ma’nodagi xotirjamlik taqdim etgani shubhasiz. Karlo Anchelotti shogirdlari «Sevilya»dan keyin «Jirona», «Rayo» va «Kadis»ga qarshi maydonga tushishadi – mundialdan keyingi o‘yinlargacha «Real» turnir jadvalidagi peshqadamlikni hech kimga berib qo‘ymasligi ehtimoli katta.

Foto: Getty Images

«Sevilya»da vaziyat teskari. Jamoa ancha qulay taqvim bilan mavsumni boshladi va yetarlicha ochko zaxirasi to‘plab olish imkoniyati bor edi. Ammo o‘sha o‘yinlarda andalusliklar kutilgan natijalarni qayd eta olishmadi, endi esa ancha qiyin raqiblar navbati boshlandi. Lopategi ketib, Sampaloli kelgach, jamoa to‘rt o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramayapti, lekin bu yetarli emas. Madridga safardan so‘ng, jamoani «Betis», «Sosedad» kabi jamoalar ham kutib turibdi. Tabiiyki, shundoq ham turnir jadvalining ikkinchi yarmida yurgan «Sevilya»ga yuqori o‘rinlarga qaytish juda qiyin bo‘ladi. «Sevilya»da har bir chiziqda muammolar bor – odatda o‘z darvozasi oldida ishonchli o‘ynaydigan jamoa gol o‘tkazish bo‘yicha ligada 12-o‘rinda bormoqda. Gol urish borasida esa faqat uch jamoa «Sevilya»dan kamroq raqib darvozasini ishg‘ol qilgan xolos.

Buning ustiga so‘nggi yillarda «Real» «Sevilya»ga ancha noqulay raqibga aylangan. Oxirgi 7 o‘yinda «Sevilya»da birorta ham g‘alaba yo‘q. Madriddagi o‘yinlarda esa mehmonlar oxirgi marta 2008 yilda g‘alaba qozongandilar.

Tarkiblar borasida «Real»da yo‘qotishlar yo‘q. Faqat Sebalos va Dias jarohatlanishgan, ammo shundoq ham bu futbolchilar asosiy tarkibda maydonga tushishmasdi. Mehmonlardan esa Rekik, Kuassi, Koronalardan tashqari, Kike Salas ham o‘ynay olmaydi. U «Valensiya»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi.

BeTIS – ATLeTIKO (23 oktabr, 19:15) 

«Betis» Yevropa Ligasida keyingi bosqich masalasini deyarli hal qildi va guruhdagi raqibi Mourinoning e’tirofiga ko‘ra, Pellegrini shogirdlari ushbu turnirda g‘alaba qozonish uchun yetarli salohiyatga ega. La Ligada esa jamoada haqiqiy sinov onlari boshlanmoqda.

«Betis» o‘tgan mavsumda ham so‘nggi turlargacha YeChL o‘rinlari uchun kurashgan va faqat yakuniy bosqichda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Bu safar ham «Betis» yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda va agar «Atletiko»ni yengadigan bo‘lsa, hatto uchinchi o‘ringa ham ko‘tarilishi mumkin. To‘g‘ri, jamoa oxirgi paytlarda ko‘p ochko yo‘qotdi, ammo e’tibor bersangiz, «Betis» asosan safar o‘yinlarda ochkolarni boy bermoqda – «Kadis», «Valyadolid», «Selta» va «Real» maydonidagi bahslarda Pellegrini shogirdlari g‘alaba qozona olishmadi. Lekin aynan o‘z stadionidagi o‘yinlarda «Betis» La Liganing eng yaxshi jamoa hisoblanadi – 5 o‘yin, 5 g‘alaba. Shuningdek, «Betis» yana bir ko‘rsatkich bo‘yicha Ispaniyada yetakchi: jamoa 10 turdan keyin faqat 6 marotaba o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan.

Qizig‘i, «Atletiko» buning tamomila aksi: Simeone jamoasi o‘z maydonidagi uchrashuvlarda omadsiz, lekin safardagi besh o‘yindan to‘rttasini o‘z foydasiga hal qilgan. Faqat bir durang va atigi bir marta gol o‘tkazib yuborgan. Demak har ikki raqib ham o‘zi uchun qulay shartlarda to‘p suradi va aynan shu faktor uchrashuvni ancha murosasizga aylantirishi mumkin. Buning ustiga, «Betis» aynan «Atletiko»ga qarshi o‘yinlar statistikasini biroz yaxshilab olishi kerak. Andalusliklar so‘nggi o‘n yilda atigi ikki marta raqib ustidan g‘alaba qozongan xolos. O‘tgan mavsumda esa har ikki o‘yin (1:3, 0:3) madridliklar foydasiga hal bo‘lgandi.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Simeoneda yo‘qotishlar ko‘proq – Felipe, Koke, Lorente va Lemardan tashqari, Yan Oblakning ham maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. «Betis» safida esa yetakchi futbolchilardan biri Serxio Kanales «Kadis» bilan o‘yinda qizil kartochka olgani uchun diskvalifikatsiyasi bor. Shuningdek, «Atletiko» uch kun o‘tib YeChLda o‘ta muhim o‘yinda maydonga tushishini ham inobatga olishi kerak. «Bayyer»ga qarshi o‘yin madridliklarning guruhdagi taqdirini hal qiladi. Balkim shu sababdan Simeone tarkibda ba’zi rotatsiyalarni amalga oshirishi mumkin.

TOTTeNHEM – NYuKASL (23 oktyabr, 20:30) 

So‘nggi haftada har ikki jamoa «Old Trafford»ga safar qildi. Agar «MYu» fonida bu jamoalarga baho beradigan bo‘lsak, «Nyukasl» biroz ustun ekanini ko‘ramiz. Xau shogirdlari «Trafford»da mezbonlarga deyarli imkoniyat bermadi, bir qator xavfli vaziyatlar ham yaratdi. «Tottenhem» esa barcha jabhada imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, bir o‘yinga qarab kuchlar muvozanatiga baho berish mushkul, lekin bemalol, o‘sha o‘yinlarga qarab, aslida biri chempionlikka da’vogar, ikkinchisi esa yevrokuboklar uchun kurashishi kutilayotgan bu ikki jamoa ayni pallada deyarli yaqin holatda ekanini aytsak bo‘ladi. Ya’ni bu o‘yinda aniq favorit yo‘q, shubhasiz, murosasiz holda kechadi.

«Nyukasl» ko‘p durang qayd etayotgan bo‘lsa-da, ushbu jamoani yengish o‘ta mushkul ekanini natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Xau jamoasi atigi bir marotaba yutqazgan – «Liverpul» o‘z maydonida faqat qo‘shimcha daqiqalarda hal qiluvchi golni urganini unutmagan bo‘lsangiz kerak. Nafaqat «Yunayted», balkim Manchesterning narigi klubi ham «Nyukasl» bilan bahsda zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi – 3:3.

To‘g‘ri, «Tottenhem» ayniqsa, top o‘yinlarda ishonchni oqlay olmayapti – «Arsenal» va «MYu»ga qarshi hech narsa qila olmadi. Lekin masalan, uy uchrashuvlarida «Tottenhem» yo‘qotishsiz boryapti: 5 o‘yin, 5 g‘alaba, 15 gol urilgan. Demak Konte shogirdlari ba’zi o‘yinlarda yomon o‘ynashsa-da, bekorga turnir jadvalida uchlikdan joy olgani yo‘q. «Tottenhem» o‘ziniki bo‘lgan ochkolarni yo‘qotishsiz yig‘ib olmoqda. «Nyukasl» Londonda qanday jamoa sifatida saf tortadi, juda muhim. Masalan, «Nyukasl» aynan yanvardan kuchli o‘yin namoyish qilyapti, ochko to‘plash bo‘yicha faqat «Siti» va «Liverpul»dan ortda qolayotgani bo‘lsa-da, aynan shu «Nyukasl» Konte jamoasi mehmoni bo‘lganida, aprel oyida 1:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Yana bir e’tiborli jihat, har ikki jamoada ham aynan o‘yinni hal qiluvchi asosiy futbolchilarda muammolar bor. Son va Keynni aytmasak, mavsum boshida Kulushevski va Risharlison ko‘p uchrashuvlarda hal qiluvchi rolda bo‘lgandilar. Ularsiz «Tottenhem»da muammolar yaqqol ko‘zga tashlanyapti. Mehmonlar safida esa Isaak, Sen-Maksimen, Joalinton kabi futbolchilar sheriklariga yordam bera olmaydi.

ROMA – NAPOLI (23 oktyabr, 23:45)

Mourinoning odatiy ikkinchi mavsumida jamoasi eng yaxshi natijasiga erishishi kerak odatda. «Roma» YeChLga chiqishni o‘z oldiga maqsad qilgan deb tasavvur qilsak, hozircha, vazifa uddalanmoqda. Lekin «Inter», «Yuventus» kabi jamoalar hali o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynay olmayotgani, ya’ni hali yetib kelishlari mumkinligini ham inobatga olsak, «Roma»da o‘zini xotirjam qilishga sharoit yo‘q. Mourino shogirdlari «Napoli»dan so‘ng, «Verona», «Latsio», «Sassuolo», «Torino» kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushadi – aynan kelayotgan ikki hafta rimliklarning mavsumdagi imkoniyatlarini belgilab beradi, deb bemalol aytish mumkin.

«Napoli» bugungacha nafaqat Italiya, balki Yevropada ham eng yaxshi futbol namoyish qilayotgan jamoa bo‘lib turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Har holda «Liverpul» va «Ayaks»ga qarshi 3 o‘yinda 14 gol urishga qodir jamoa hozir dunyoda ham sanoqli bo‘lsa kerak. Ammo boshqa bir jihat ham bor. «Napoli»ning A Seriyadagi ko‘rsatkichlari o‘tgan mavsumning 10-turidan keyin hozirgidan ham yaxshiroq bo‘lgan. Ya’ni Spaletti shogirdlarini mavsumga yaxshi tayyorlashiga gap yo‘q, lekin odatda mavsumning ikkinchi yarmida inqiroz boshlanishi kerak. Boshqa tarafdan, bizni yaqinda mundial bilan bog‘liq tanaffus ham kutib turibdi. Demak Spalettida yana bir marta mavsumoldi yig‘in imkoniyati mavjud. Italiya mundialga chiqa olmagani, «Napoli»ning Osimhen, Kvicha, Zelinski kabi yetakchilari ham mundialda ishtirok etmasligini e’tiborga olsak, neapolliklarda nihoyat chempionlik uchun oxirigacha kurashish imkoniyati bor.

«Roma» safida Paulo Dibala maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Zeki Chelikda ham jarohat bor. «Napoli»dagi sezilarli yo‘qotish esa nigeriyalik yarimhimoyachi Zambo-Angissaning jarohatidir. 26 yoshli futbolchi kamida ikki uchrashuvda yana sheriklariga yordam bera olmaydi.

BARSeLONA – ATLeTIK (23 oktyabr, 23:55)

Ispaniyada «Real» va «Barselona» bahsidan tashqari, «Atletik»ning ham ushbu jamoalarga qarshi o‘yinlarini El Klasiko deb atashadi. Sababi, aynan mana shu uch jamoa ligalar tashkil etilganidan beri yuqori divizionni hech qachon tark etishmagan. Bu safar turnir nuqtai nazaridan ham qiziqarli o‘yin – «Atletik» ancha barqaror o‘yin namoyish etib, kuchli to‘rtlikka ancha yaqin joylashgan. Shuningdek, bilbaoliklar muhim pallalarda «Barselona»ni to‘xtatib qolishga ham usta. To‘g‘ri, La Liga doirasidagi aksariyat o‘yinlarda kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan, ammo so‘nggi yillarning o‘zida «Atletik» uch marotaba «Barselona»ni kubok o‘yinlarida to‘xtatib qoldi, ya’ni uchta sovrindan quruq qoldirdi. Shu nuqtai nazardan ham «Atletik» «Barselona» uchun ayni paytda ancha prinsipial raqib.

Foto: Getty Images

Mavsumni juda yaxshi boshlagan Xavi shogirdlarida so‘nggi oyda o‘ziga nisbatan ishonchsizlik muammosi paydo bo‘ldi. Avvaliga «Bavariya»dan mag‘lubiyat go‘yoki, foydalanilmagan imkoniyatlar bilan bog‘lanib, jamoa o‘yiniga yuqori baho berilgan bo‘lsa-da, «Inter» bilan ikki uchrashuvda «Barselona» deyarli YeChLda keyingi bosqichni boy berib qo‘ydi. «Real» esa barcha jabhada raqibini mag‘lub etib, «Barselona»ga qattiq zarba berdi. To‘g‘ri, «Vilyareal»dek ancha kuchli jamoa bilan o‘yindagi yirik g‘alaba jamoani biroz o‘ziga qaytargan bo‘lishi kerak, lekin bu yerda ham bir jihat bor. Xavi «Vilyareal»ga qarshi o‘yinda mavsum boshidan beri sinab kelayotgan Dembele – Rafinya juftligidan voz kechib, Fati – Torresga murojaat qilgandi. Bu so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklardan keyingi qarormi yoki shunchaki, rotatsiyami, keyinroq bilib olamiz, ammo aynan shu o‘zgarishlardan keyin nihoyat «Barselona» g‘alaba qozongani Xavi hali ham izlanayotganini bildiradi. Bu esa Xavining klubdagi e’tibori uchun u qadar yaxshi holat emas.

Mehmonlar tarkibida jarohatlar yo‘q, «Barselona»da esa hali ham himoyada yo‘qotishlar mavjud. Arauxo va Kristiansen yana kamida ikki hafta sheriklariga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, Memfis Depay ham to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.

Darvoqe, yana bir o‘ziga xos intriga, Ernesto Valverde, «Barselona»ning so‘nggi chempionligida boshqargan murabbiy endi raqib sifatida «Kamp Nou»ga qaytadi. Bu Ernesto uchun ham «Barselona»ni tark etganidan keyingi ilk uchrashuv.

BOShQA O‘YINLAR

22 oktabr. Nottingem Forest – LIVeRPUL (16:30), BORUSSIYa D –Shtutgart (18:30), Hoffenhaym – BAVARIYa (18:30), MANCheSTeR SITI – Brayton (19:00), MILAN – Monsa (21:00)

23 oktabr. Sauthempton – ARSeNAL (18:00), Boxum – UNION (18:30), ATALANTA – LATsIO (21:00).

Ko‘proq yangiliklar: