Turkiyaning Istanbul shahri Oliy jinoyat sudi 2022 yil noyabr oyida Istiqlol xiyobonidagi teraktni sodir etgan ayolga hukm chiqardi.
Ahlam al-Bashir yettita umrbod va 1794 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar berdi TRT Haber. Prokurorlar unga 1949 yildan 3009 yilgacha qamoq jazosini so‘ragan edi.
Qayd qilinishicha, 1999 yilda tug‘ilgan Al-Bashir Suriya fuqarosi hisoblanadi. U 2022 yil 13 noyabr kuni Istanbul markazidagi Istiqlol ko‘chasida bomba solingan sumkani qo‘yib ketgan. Sayyohlar bilan gavjum ko‘chadagi portlash oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 99 kishi yaralandi. Ayol kuzatuv videokameralaridagi yozuvlar orqali topildi va yashiringan uyida hibsga olindi.
Turkiya hukumati teraktda «Xalq mudofaa otryadi» va Kurdiston ishchilar partiyasini aybladi.
2022 yil 20 noyabr kuni Turkiya qurolli kuchlari Suriya va Iroqdagi kurd harbiy bo‘linmalariga qarshi havo operatsiyasini boshladi. «Qilich-tirnoq» nomli operatsiya 8 kun davom etdi. Turkiya armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq va Suriyada 364 nafar terrorchi yo‘q qilingan.