O‘zbekiston | 18:40 / 12.10.2022
40638
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi Darg‘om kanalidan 18 yoshli qizning jasadi topildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidan oqib o‘tuvchi kanaldan 18 yoshli qizning jasadi topilgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar bermoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumani hududidan o‘tuvchi kanalda yosh qizning jasadi topilgani haqida xabarlar e’lon qilingan. Aniqlanishicha, 2022 yil 1 oktyabr kuni Past Darg‘om tumani Kamolot mahallasi hududida joylashgan yerteshar suv taqsimlash kanalida Samarqand shahrida yashagan 18 yoshli Yu.M. (ayol)ning murdasi topilgan.

Mazkur o‘lim sababini va boshqa holatlarni aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi hamda tegishli xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish mobaynida videoxabarda ko‘rsatilgan boshqa holatlar ham o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, qizning jasadi Samarqanddagi Darg‘om kanalining Past Darg‘om tumanidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan. Avvalroq «Zo’r TV» telekanali muxbiri holat bo‘yicha video tayyorlagan, unda qizning yaqinlari, onasi gapirgan. Lavhada aytilishicha, qiz avgust oyida uni zo‘rlashgani haqida ariza bergani, lekin ish tergov jarayonida to‘xtatilgani aytiladi.

Avvalroq internetda qiz avval zo‘rlab keyin o‘ldirilgani haqida turli xabarlar tarqalgandi. Videolavhada ham qizning qarindoshi uning jasadi qotillik alomatlari bilan topilganini aytgan.

Mavzuga oid

E`lonlar