Kecha, 3 oktyabr kuni AOKAda oilaviy jinoyatlar va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Kun.uz muxbiri tomonidan 3 yoshli farzandini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol va uni bu ishga majbur qilgan omillar, oiladagi ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari qanchalik tahlil qilingani, shuningdek, “Qalampir.uz” nashri muxbiri Feruza Najmiddinovaga nisbatan uning sha’nini kamsituvchi tuhmat video tarqatgan shaxslar aniqlangan yoki aniqlanmagani bo‘yicha izoh so‘raldi.
Savol yuzasidan dastlab Bosh prokuratura katta prokurori O‘ktam O‘tayev izoh berdi.
“Bu ayol majburiy tartibda davolanishga yotqizilgan. Hozir asosiy masala uning tezroq tuzalib chiqishi. Avvalo shuni aytish kerakki, sog‘lom odam o‘z farzandini ayiq changaliga tashlamaydi.
Sizning vaziyat nega bu darajaga kelib qoldi, degan savolingizga Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari to‘liqroq javob beradi. Chunki ruhiy xastalikning sabablari juda ko‘p. Agar sizda uni bunga majbur qilishgani holati yuzasidan ma’lumotlar bo‘lsa, biz bilan bo‘lishing”, – dedi prokuror.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva savollarga javoban qo‘mita faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmagani, hozirgi vaqtda tizimdagi kadrlarni o‘qitish va malakasini oshirish choralari ko‘rilayotganini aytdi.
“Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 1 martdan faoliyat boshladi. Juda katta tizim ishlab chiqildi. Bu – mahalla raisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli. Bizda jami 9 370 ta mahalla bor. Bu mahallalarning har biriga xotin-qizlar faoli biriktirildi. Biz mahalladagi ayollarning muammolarini o‘rganish bo‘yicha ishni birinchi navbatda ularni o‘qitishdan boshladik. Bunda avvalo hokim o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, bo‘lim boshliqlari, shuningdek, har bir mahallada xotin-qizlar faollarini o‘qitdik.
To‘g‘ri, oilalarimizni o‘rganish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida hamkorlikda ishlayapmiz. Biz hali barcha oilaga ham kirib borolganimiz yo‘q, lekin har bir oilaning individual dasturi ishlab chiqildi. Har bir holat joyiga chiqib o‘rganilyapti.
To‘g‘ri, qizimiz oliy ma’lumotli. Bu qizga o‘z vaqtida tibbiy, psixologik yordam berganimizda, mutaxassislar bilan borib, ota-onasi bilan gaplashganimizda bunday salbiy holat bo‘lmasdi.
Biz o‘sha joyda, hamkor tashkilotlar bilan tegishli yordamni ko‘rsatsak, bu kabi holatlarning oldi olinadi.
[…] “Qalampir.uz” nashri muxbiri ishi bo‘yicha hududlarda ayollarga qanday bosim bo‘lsa, biz ichki ishlar bilan hududlarning o‘ziga borib uchrashyapmiz. Kuni kecha ham mardikor bozorlariga borib, ayollar bilan gaplashdik.
Biz Feruza Najmiddinova bilan uchrashdik va unga qanday yordam kerak bo‘lsa, berishimiz mumkinligini eslatdik”, – dedi Parpiboyeva.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati vakili sifatida qatnashgan Nazokat Tojiyeva esa holat bo‘yicha unda ma’lumot yo‘qligini bildirdi.