“Fermerlardan dollar kutyapmiz” – Ayollar bilan dalada bir kun

Jamiyat 23:00 / 30.09.2022 18743

O‘rta Chirchiq tumanidagi dalalarga shahar shovqini eshitilmaydi. Toshkent viloyatida joylashgan poytaxtdan 30 kilometrcha uzoqlikda bu manzilga 1 soatda yetib bordik. Dalada ko‘zidan boshqa joyi ko‘rinmaydigan odamlarning dam egilib, dam qaddini rostlagani ko‘rinadi.

Yangi turmush mahallasiga qarashli bu dalada 50 nafarga yaqin terimchi ishlaydi. Bizni olib borishgan paxtazorda birinchi terim endi boshlangan ekan. Shuning uchunmi, terimchilar ko‘proq paxta terib qolish uchun to‘xtamay harakat qilishayotgandi. Hatto intervyuga vaqtlari yo‘qligini aytib, gapirishni xohlamaganlar ham bo‘ldi.

Tarozibonning aytishicha, chindan ham bu yil hosil juda yaxshi bo‘lgan. Paxta mavsum 15-sentabrda boshlanganiga qaramay, hamon birinchi terim davom etyapti

“Bu yerga vodiydan kelib, paxta teradigan opalar ham bor, Ular 200-250 kilogacha terishadi. Jami 40 nafar terimchimiz bor. Hammasini eslab qolganman, kilolarini yozishda chalkashmayman. Bundan biror kishi hali noligani yo‘q”, – deydi terimchilar paxtasini ham o‘lchab, ham o‘zi yozib olayotgan tarozibon.

Daladan ko‘p teradigan terimchi ayollar anchagina ekan. Shundaylardan biri kuniga 200-220 kilogacha teradigan Farog‘at Hayitova. U ko‘p terish siri faqat harakatda ekanini aytadi. Farog‘at biz borgan kun tushgacha 97 kilogramm paxta o‘lchatdi.

Terimchi ayollardan yana biri 52 yoshli Farog‘at Mahkamova. Uning asl kasbi o‘qituvchi. Farog‘at biroz muddat o‘qituvchilik qilib, mehri sabab yana dalaga chiqib ketganini aytadi.

“Shu yerga kelin bo‘lib tushganimga 31 yil bo‘lgan bo‘lsa, orada 10 yilcha dekretda edim. Qolgan payt shu daladaman. Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiganman. Lekin qonim tortadimi bilmayman, dalani qo‘msayveraman. Dalada javlon urib erkinlikda ishlashni yaxshi ko‘raman. 10 kundan beri jami 800 kilogramm paxta teribman. Hech 100 kiloga chiqolmayapman. Qizlar yengil oyoq kiyim kiysam ko‘proq terishimni aytishdi. Odatda 41 o‘lchamdagi kalish kiyib kelardim, mana bugun yengil oyoq kiyim kiyib keldim. 100 kiloga chiqishim kerak", – deydi kulib u.

Farog‘at 6 nafar farzandning onasi. U daladan 35ta egat olib, paxtani chopiq qilish jarayonidan to terishigacha bo‘lgan mehnatni bir o‘zi qilganini aytadi.

“Bu ishdan meni hech kim to‘xtatolmaydi. Maktabga chiqmay qo‘yganman. Lekin dala desa, jon beraman", – deydi u.

 Farog‘at opa dalaning nimasi yoqadi degan savolimizga “erkinligi” deb javob qildi.

“Erkinlik degan narsani his qilganmisiz? Mana shu dalada o‘sha erkinlikni his qilaman", – deydi ayol.

Terimchilar tergan paxtasini o‘lchatishayotganda, 2-3 marta 2ta temir bir-biriga urilgani ovozi eshitildi. Keyin paxtani topshirgan ayollar dala chekkasidagi tutun ko‘rinayotgan tomonga qarab ketishdi. Demak, o‘choq o‘sha yerda, boyagi tovush esa qozonga kapgirning urilgani bo‘lsa kerak.

Birining qo‘lida chuqur, boshqasinikida yoyma idishlar bilan terimchilar qatorlashib qozon boshida navbat kutishadi. Ovqat olgan terimchilar ochiq maydonga to‘shalgan oq bo‘zga kelib o‘tirishdi. Dasturxonni shohona deb bo‘lmasa ham, bo‘z har qalay kiyimga tuproq o‘tkazmaydi.

Dalada samimiy terimchilar bizni ham ovqatga taklif qilishdi. Tushlik ustida, terimchilar fermerlardan ularni ko‘proq rag‘batlantirishini xohlashlarini aytib qolishdi. Qanday rag‘bat kerakligini so‘ragan edik, “fermerdan dollar kutyapmiz” deyishdi ayollar hazil-chin aralash.

Ovqatlanib bo‘lgach, bo‘zlar yig‘ilib, terimchilar dala ichiga tushib, ko‘rinmay ketishdi.  Faqat ora-orada xirgoyi tovushi eshitilib turdi. Biz ular bilan xayrlashib, orqaga qaytdik. Xayolimiz dalada erkinlik va sokinlik ichida qolgan ayollarda qoldi. Birdan mashina signali eshitildi. Tushundikki, biz endi shaharda edik.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov. 

Ko‘proq yangiliklar: