Jamiyat | 21:46 / 19.06.2025
11874
7 daqiqa o‘qiladi

“Badavlat ayol” loyihasida kim badavlat bo‘lyapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama qilingan “Badavlat ayol” onlayn loyihasi atrofida noroziliklar ortib bormoqda. Kurslarni bo‘lib to‘lashga sotib olgan, lekin keyin xafsalasi pir bo‘lgan qatnashchilar Uzum Nasiya'dagi to‘lovlar to‘xtamasligidan shikoyat qilmoqda. Loyiha vakili Kun.uz bilan suhbatda barchasini rad etdi. Raqobat qo‘mitasi odamlarni bu loyihaga ehtiyotkor qarashga chaqirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib va reklama qilingan “Badavlat ayol” loyihasi ishtirokchilari loyiha yuzasidan noroziliklarini bildirmoqda.

Badavlat ayol” qanday loyiha?

“Badavlat ayol” loyihasi biznes, psixologiya, oilaviy munosabatlar bo‘yicha 50 ga yaqin trenerlar ishtirokida bir yillik onlayn darslarni taqdim etadi. Natijalar “kafolatlangan”, pul topish imkoniyatlari va’da qilingan. Darslar haftada 3 marta onlayn olib borilgan, ro‘yxatdan o‘tish ham onlayn qilingan. Loyihaning yuzi sifatida taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova jalb etilgan va bu ko‘pchilikda ishonch uyg‘otib, qatnashishga undagan. Ammo aktrisa bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, loyiha boshqaruvchilari bu masalada uning ishtiroki yo‘qligini va savollarga o‘zlari javob berishlarini ta’kidlashdi.

Ayollardan iborat tinglovchilar auditoriyasining ba’zilari to‘liq to‘lov qilgan bo‘lsa, ba’zilari kursni Uzum Nasiya orqali bo‘lib to‘lashga sotib olishgan. Ammo vaqt o‘tib, darslarda kerakli natijani ko‘rmagan mijozlar afsuslana boshlagan. Lekin ular Uzum Nasiya'ga har oyda to‘lov qilishni davom ettirishga majbur: shartnomani bekor qila olishmagan.

Shartnoma qilib bo‘lgandan keyin butunlay boshqa odamga aylanib olisharkan”

Kun.uz'ga murojaat qilganlardan birining hikoyasi:

— “Badavlat ayol loyihasiga Instagram orqali Rayhon Ulasenova reklama qilgandan keyin qiziqqanman. Menejyer: “O‘zi aslida bu loyiha narxi milliondan oshiq, sizga chegirma qilib bera olamiz, 800 ming to‘lovi bo‘ladi. To‘liq to‘lay olmasangiz, Uzum Nasiya orqali ham oyma-oy to‘lasangiz bo‘ladi. Bir oy mobaynida zo‘r darslar bo‘ladi, zo‘r rivojlanasiz, sohangizni ham rivojlantirasiz”, dedi.

Juda ham ishonarli qilib va’da berishdi, gapirishdi. Keyin kursga qatnashdim. Darslar boshlandi. Har kuni kechqurun soat 8 da bir soat jonli efir orqali dars bo‘lar ekan. To‘g‘risini aytsam, umuman ko‘nglim qoldi. Eshitdim, darslar umuman ma’nisiz, bema’ni narsa. Yosh bola qilib o‘tiribdi hammani. Men qatori ko‘pchilikka yoqmadi bu.

Shartnomani bekor qilmoqchiman, darsdan ko‘nglim to‘lmadi, pulimni qaytarib olmoqchiman deganimda menga qo‘shilganlar juda ko‘p bo‘ldi. Meni ro‘yxatdan o‘tkazgan menejer bilan bog‘landim, lekin u qo‘pol muomala qilib... Xullas, shartnomani tuzdirib olguncha juda ham chiroyli muomala qilib, hamma narsani va’da berib, shartnoma qildirib olarkan-da, shartnoma qilib bo‘lgandan keyin butunlay boshqa odamga aylanib olarkan ular. Shartnoma bekor qilmoqchiman desa, “bor bilganingni qil, shartnoma bekor bo‘lmaydi”, deyishyapti.

Meni hozir qiynayotgan muammo – behudaga pul to‘layapman. Ikki oy bo‘lyapti. Uzum Nasiya'dan odamlari telefon qilib, “nimaga to‘lamayapsiz, pul to‘lang” deyishyapti, lekin umuman pul to‘lagim kelmayapti behuda narsa uchun.

Davlat organi Uzum Nasiya'ni loyiha bilan hamkorlikni to‘xtatishga chaqirdi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 9 iyun kuni bayonot berib, odamlarni “Badavlat ayol” loyihasida qatnashishdan oldin ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaga kelib tushgan 50 ga yaqin shikoyatlarda fuqarolar ta’lim sifati pastligi va va’da qilingan natijalarga erishilmayotgani, tashkilotchilar tomonidan tinglovchilarning e’tirozlari e’tiborsiz qoldirayotgani va qo‘pol munosabatdaligi, e’tiroz bildirgan ishtirokchilarning platformada bloklanishi, shartnomani bekor qilish jarayoni og‘irlashtirilgani, ayniqsa chekka hududlardagi fuqarolar uchun Toshkent shahriga kelish talabi qo‘yilgani va boshqalarni ta’kidlashgan.

Iste’molchilar huquqini himoyalovchi organga ko‘ra, loyihani “Helpdesk” MChJ tashkil etgan, “Shaffof-Moliya” MChJ moliyalashtirgan. Qo‘mita bu tashkilotlar bilan birgalikda kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish va hal etish yuzasidan ish olib borayotganini bildirdi.

Shuningdek, Uzum Nasiya'ga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish masalasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy taklif yuborilgan.

Ma’lumot uchun, “Helpdesk” MChJ 2024 yil noyabrda ro‘yxatga olingan bo‘lib, yagona ta’sischisi sifatida Qodirov Dostonbek Rustamjon o‘g‘li ko‘rsatilgan.

Kun.uz bog‘langan, o‘zini Komila deb tanishtirgan loyiha menejeri Raqobat qo‘mitasi bayonotidagi ma’lumotlar yolg‘onligini, ular surishtirilmasdan tarqatilganini iddao qildi.

Uzum bilan ishlaymiz – ularning qoidasiga ko‘ra, platforma 3 kundan keyin mahsulotni qaytarishni bekor qiladi. Buni mahsulot deb qaraydigan bo‘lsak, biz mahsulotimizga 100 foiz kafolat beramiz. Natijaga chiqish esa ishtirokchining o‘z qo‘lida. Uzum “otkaz” tugmasini o‘chirgandan keyin qaytarishning iloji yo‘q. Kelishadi, haqiqatdan sabab arzirli bo‘lsa, yonimizdan to‘lashni boshlaymiz. Buning uchun kelib ariza yozishlari kerak”, – dedi u mijozlar bilan shartnomani bekor qilish uchun Toshkentga kelish talab qilingani haqidagi savolga javoban.

Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘langanimizda, har bir ma’lumot asosli ekanini ma’lum qilishdi: “Qo‘mita tomonidan rasmiy kanallarimizda yoritilayotgan har bir material asoslovchi hujjatlarga ega bo‘lib, boshqarmalarda ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ixtiyoringizga ko‘ra, qo‘mitaga kelib, murojaatlar bilan tanishishingiz mumkinligini bildiramiz”.

Loyihaning Instagram sahifasini ko‘zdan kechirganimizda, aksar izohlar murojaatchilarning so‘zlarini tasdiqladi.

Ko‘rinib turibdiki, ommaviy marketing orqali ayollarning orzu va ehtiyojlaridan tijorat maqsadida foydalanish holati kuzatilyapti. Demak, gap iste’molchi huquqlari, insonlarning moliyaviy xavfsizligi va huquqiy himoyasini ta’minlash haqida ketmoqda.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Mavzuga oid