Tarkibidagi efir moylari va foydali minerallar sabab dunyo bozorida yuqori narxlanadigan bu o‘simlikka talab yildan yilga ortib bormoqda.
Za’faron guli ustunchalaridan olingan mahsulot pazandalik va farmatsevtikada ishlatiladi. Gul barglaridan esa choy tayyorlashda foydalanish mumkin.
Dunyoda za’faronning deyarli 90 foizi Eronda, 10 foizi esa Italiya, Fransiya, Ispaniya, Hindiston, Ozarboyjon va Afg‘onistonda yetishtiriladi.
Ammo so‘nggi yillarda Eronga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalar sabab bu davlatda yetishtirilayotgan mahsulot G‘arb bozoriga chiqish imkoniyatini yo‘qotgan.
Eron za’faroni Yevropa bozorlariga hozir faqat vositachilar brendi orqali yetib bormoqda.
O‘zbekiston uchun za’faron yetishtirishda dunyo yetakchisiga aylanish imkoniyati bormi?
3 yildan buyon za’faron yetishtirayotgan va bu borada ko‘rsatkichlarini oshira borayotgan “BMB TRADE GROUP” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovga ko‘ra, bu O‘zbekistonning 2025 yilgacha belgilab olgan rejasi hisoblanadi.
“Yaqin besh yillikda (2020 yildan 2025 yilgacha) kompaniyamiz za’faron ekish rejasini 2 ming gektarga yetkazish topshirig‘ini olgan. Agar shu rejaga yetolsak, natijada dunyo bozori uchun 20 tonnadan ortiqroq za’faron yetishtiramiz va o‘z-o‘zidan yetakchiga aylanamiz. O‘z o‘rnida bu mahsulotning qiymati 175-180 million yevroga yetadi”, – deydi Mamatqulov.
2021 yil tahliliga ko‘ra, dunyoda jami 175 tonna za’faron hosili olingan. Uning savdo aylanmasi 1,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Za’faronga bo‘lgan dunyo aholisi talabi esa bundan ancha baland – ehtiyoj 350 tonnani tashkil qiladi. Bu za’faron yetakchiligiga intilayotgan O‘zbekiston uchun katta bozor degani.