«Bu vahima alomati». G‘arb Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishiga qanday munosabat bildirdi?

Jahon 19:46 / 21.09.2022 41000
Foto: Reuters

Rossiya prezidenti tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlik – Ikkinchi jahon urushi davridan buyon birinchisi. Putin o‘z chiqishida Moskva butun harbiy aslahalari, jumladan, yadro quroli bilan himoyalanishi haqida ogohlantirdi. 

G‘arb bunga zudlik bilan munosabat bildirdi: Putinning qarori baholangan izohlarda «vahima» va «ojizlik» so‘zlari ko‘p ishlatildi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Putinning aholini safarbarlikka chaqirmaslik to‘g‘risidagi o‘z va’dasini buzishi uning bosqini muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganidan darak beradi, deb hisoblaydi. 

«Putin va uning mudofaa vaziri yomon qurollangan va yomon tayyorlangan o‘n minglab fuqarolarini o‘limga yo‘lladi. Hech qanday tahdid va targ‘ibot Ukraina bu urushda g‘alaba qozonayotgani, xalqaro hamjamiyat birlashgani va Rossiya global quvg‘indiga aylanayotganini yashira olmaydi», - dedi Uolles.

Foto: Reuters

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte safarbarlik buyrug‘i Kremldagi vahimaning alomati ekanligini, buni G‘arb bilan to‘laqonli urush tahdidi deb qabul qilmaslik kerakligini aytdi. 

«Safarbarlik, Donbassda referendumlar o‘tkazishga chaqirish – bularning barchasi vahima alomati. Uning yadro quroli to‘g‘risidagi iddaosi – buni avval ham ko‘p marta eshitganmiz. Bularning bari bizga ma’lum iddaoning bir qismi. Xotirjamlikni saqlashni maslahat bergan bo‘lardim», - dedi u.

Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixail Podolyakning fikricha, Rossiya prezidentining harakatlari – o‘z muvaffaqiyatsizliklarini oqlashga urinish.

«Urush Rossiya ssenariysi bo‘yicha ketmayapti, bu Putindan safarbarlik to‘g‘risidagi oxirgi qarorni va odamlar huquqlarini keskin cheklashni talab qildi», - dedi Podolyak.

Foto: REX FEATURES

AQShning Ukrainadagi elchisi Brijyet Brink ham «soxta referendumlar va safarbarlik – ojizlik alomati» ekanligini ta’kidladi.

«Bu Rossiyaning mag‘lubiyati. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainadagi bosib olingan hududlarga nisbatan da’volarini hech qachon tan olmaydi», - deb yozdi u tvitterda.

Yevropa ittifoqi ijrochi direktori Piter Stano Putin tushkunlikka tushgan va inqirozni kuchaytirishga urinmoqda deb hisoblaydi. 

«Bu Putinga dunyoning qizig‘i yo‘qligi, uni faqat dunyoda yomon oqibatlarga olib kelgan buzg‘unchi urushni davom ettirish qiziqtirishining yana bir isboti», - dedi Stano.

Shu bilan birga, qator siyosatchilar buni nizoning kuchayishi deb atamoqda va tomonlarni shoshilinch muzokaralar o‘tkazishga chaqirmoqda, ayrim mamlakatlar esa mudofaa choralarini ko‘rishga tayyorligini bildirmoqda.

Litva «Rossiya tomonidan bo‘ladigan har qanday ig‘vogarliklarning oldini olish uchun» tezkor javob qaytarish kuchlarining tayyorgarlik darajasi kuchaytirilishini e’lon qildi. 

«Litva Rossiyada, jumladan, qo‘shni Kaliningrad oblastida harbiy safarbarlik o‘tkazilishiga xotirjamlik bilan qarab tura olmaydi», - deb yozdi Litva mudofaa vaziri Arvidas Anushaushkas feysbukdagi sahifasida.

Finlandiya mudofaa vaziri ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqdi.

«Mudofaa kuchlarimiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz», - dedi mudofaa vaziri Antti Kaykkonen.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin Rossiya hukumatining so‘nggi qarorini shunday izohladi: «Ukraina inqirozi masalasida Xitoyning pozitsiyasi har doim aniq bo‘lgan. Biz tomonlarni o‘t ochishni bas qilish hamda muloqot va muzokaralar orqali urushni to‘xtatishga chaqiramiz».

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Putin e’lon qilgan qisman safarbarlikni Ukrainadagi urushni yanada kuchaytirishga urinish deb baholadi.

«Bu Rossiya ushbu vaziyatda yagona agressor ekanligining yana bir isboti», - dedi Fiala.

Germaniya vitse-kansleri Robert Habek safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni «Rossiyaning yana bir noto‘g‘ri qadami» deb atadi.

«Bu noto‘g‘ri qadamga qanday javob qaytarishni albatta muhokama qilamiz», - dedi Habek.

Germaniya kansleri Olaf Sholsning ofisi bayonotida aytilishicha, Germaniya yetakchisi Rossiya qo‘shinlarining qisman safarbarligi to‘g‘risidagi qarorda Kremlning rejalari puchga chiqqanini ko‘rmoqda.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy uning mamlakati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytdi.

«Biz NATO Ukraina o‘zini himoya qila olishi uchun uni qo‘llab-quvvatlashi borasida ittifoqchilarimiz bilan birgalikda bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Qisman safarbarlik to‘g‘risidagi xabarlar tasdiqlandi. Rossiya Ukrainani yo‘q qilish va uning bir qismini egallashga urinmoqda. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz», - dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: