Prezident maqolasi, tadbirga tayyor shahar va maxsus avtoraqamlar - ShHT kundaligi

O‘zbekiston 22:02 / 12.09.2022 16105

Bugun, 12 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand sammitiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi.

“O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda”, – deyiladi maqolaning ilk satrlarida.

Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini qayd etgan. Prezidentning fikricha, buning asosiy sabablaridan biri shuki, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch tanazzulga yuz tutyapti. Natijada geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaytib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfi ortyapti.

Prezident buning yechimi sifatida ikkita narsani ilgari surgan va ularni maqola sarlavhasi uchun tanlagan. Bu ikki narsa – konstruktiv muloqot va hamkorlik. Asosiy sharti – bu shunday hamkorlik bo‘lishi kerakki, unda har bitta tarafning manfaatlari hurmat qilinishi shart.

Mirziyoyev o‘z maqolasida ShHTning asosiy prinsiplarini sanab o‘tgan. Soddaroq qilib aytganda, bular quyidagilar – ShHT hech qanaqa blok emas, u hech kimga qarshi qaratilmagan, tashkilot a’zolari bir-birining tengligi va mustaqilligini hurmat qiladi, ichki ishlarga aralashish bo‘lmaydi, siyosiy qarama-qarshiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, bu maqolasi orqali prezident qisqa qilib aytganda bunday demoqchi:

“Ha, dunyoda geosiyosiy qutblashuv ketyapti; ha, mintaqamiz borgan sari global raqobat va qudratli davlatlar manfaatlarining to‘qnashuvi maskasiga aylanib boryapti; lekin O‘zbekiston tomonlardan birini tanlab, global ziddiyatlarga qo‘shilish niyatida emas. Tashqi dunyoda qancha tortishib, urishsangiz ham, O‘zbekistonni bu mojarolarga tortmang! O‘zbekiston o‘zining ko‘p vektorli va teng vektorli tashqi siyosiy yo‘nalishini saqlab qoladi!”

Ma’lumot uchun, Shanhay hamkorlik tashkiloti dunyodagi eng katta mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. 1996 yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Shanhay beshligini tashkil etishgan. 2001 yilga kelib, ularning safiga O‘zbekiston ham qo‘shilishi munosabati bilan yangi xalqaro tuzilma – Shanhay hamkorlik tashkilotiga asos solingan.

2017 yilda tashkilotga Hindiston va Pokiston ham a’zo bo‘ldi. Hozirda Eron, Belarus va Mo‘g‘uliston bu tashkilotda kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Ular orasidan Eron ShHTning navbatdagi a’zosi bo‘lishga yaqin. Samarqand sammitida, a’zolik maqomini olish uchun rasmiy Tehronga qo‘yiladigan majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandum imzolanadi.

Yig‘ilishga barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar yetakchilari bilan birga, Turkiya, Ozarboyjon, Armaniston va Turkmaniston prezidentlari ham keladi. Bir paytning o‘zida 15 ta davlat rahbarining jam bo‘lishi Samarqand shahri tarixida hali kuzatilmagan.

ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari har yili yig‘ilish o‘tkazishadi. Lekin 2020 va 2021 yillardagi yig‘ilishlar pandemiya sababli onlayn o‘tkazilgan edi. 15-16 sentabr kunlari prezidentlar Samarqand sammitida uch yil deganda ilk marta yuzma-yuz ko‘rishadi va unda 30dan ortiq hujjat imzolanadi. Yakunda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi. Shuning bilan tashkilot raisi maqomi O‘zbekistondan ilk marta Hindistonga o‘tadi.

Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilaridan kamida uch nafari bilan alohida muzokaralar o‘tkazadi. Bular – Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Jinping va Eron prezidenti Ibrohim Raisiy. Jinping va Raisiy sammitdan bir kun oldin, 14 sentabrda yetib keladi. Xitoy rahbarining safari davlat tashrifi, Eron prezidentiniki esa rasmiy tashrif maqomiga ega. Shunga muvofiq, xitoy va fors delegatsiyalari bilan kengaytirilgan formatdagi tadbirlar ham bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, sammitga tayyorgarlik doirasida Samarqandda yangi aeroport, 8 ta yangi mehmonxona va Xalqaro turizm markazi qurildi. Shuningdek, sammitda xizmat qiluvchi avtomobillar uchun vaqtinchalik maxsus avtoraqamlar ham joriy etildi. SSS va SSP seriyali bu davlat belgilarida avtomobilning qaysi hududga mansubligini bildiruvchi raqamlar o‘rniga ShHT emblemasi tushirilgan. Shaharda ShHTning inglizcha qisqartmasi – SCO seriyali, ko‘k fonli avtoraqamga ega mashinalarni ham uchratish mumkin.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun chorshanbadan shanbagacha Samarqand shahrida transportlar harakati cheklanadi. Shahardagi maktablarda darslar 19 sentabrdan, oliygoh va texnikumlarda esa 26 sentabrdan boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: