Go‘dak ruhiyatidagi chandiqlar. Bolalarga nisbatan shafqatsizlik ildizi qayerda?

Jamiyat 15:12 / 31.08.2022 25325

Tug‘ruqdan keyingi depressiya – inkor etib bo‘lmas omil

Psixolog Rozaliya Gabdulhakovaning ta’kidlashicha, aslida ota-onalar o‘z farzandini o‘ldirib qo‘yishi butun dunyoda uchraydi va bola aynan ona tomonidan o‘ldirilishi bo‘yicha 20 ta mamlakatning qonunlarida alohida moddalar kiritilgan.

— XX asr boshlarida ko‘plab davlatlar onada tug‘ruqdan keyin depressiya bo‘lishini tan olishganidan keyin, hatto 1 yoshgacha bo‘lgan farzandini o‘ldirganlarga yengilroq jazo qo‘llashni ham joriy etishgan.

Jinoyat bilan bog‘liq holatlarda ishlovchi psixiatrlarning ta’kidlashicha, hozirda o‘zining farzandini o‘ldirayotgan ayollar soni ko‘paymagan, ular doim bo‘lib kelishgan. Shunchaki, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ular haqidagi xabarlar ommalashgani uchun ko‘proq ko‘rinishmoqda.

Biroq o‘z farzandini o‘ldirmagan bo‘lsa-da, ularga jismonan og‘riq berayotgan, zulm ko‘rsatayotgan ayollarning soni ham juda ko‘p. Barcha yoshdagi ayollarning o‘zidan ojiz bo‘lganlarga nisbatan vaxshiyliklar qilib qo‘yishining bir nechta sabablari bor.

Birinchisi, albatta, ayollarning ruhiy holati. Ayollar tabiatan emotsiyaga beriluvchan bo‘lgani va tug‘ruqdan keyin turli jarayonlar, gormonal o‘zgarishlar bo‘lgani sabab ularda depressiyaga tushish holatlari kuzatiladi. Aslida, ayol qanchalik sog‘lom va aqlli bo‘lmasin, farzandli bo‘lganidan so‘ng, uning ruhiy holatida birmuncha o‘zgarishlar kuzatilishi tabiiy. Ona ruhan nosog‘lom bo‘lishi, depressiyaga berilib, harakatlari adekvat bo‘lmay qolishi mumkin.

“Ko‘p narsaga birinchi bo‘lib ayollar aybdor qilinadi”

Ruhshunosning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘zbek jamiyatiga xos alohida omillar ham bor.

— Masalan, oiladagi muhit. Bizning xonadonlarda onaning onalikdan tashqari, kelinlik vazifasi ham bor. Bunda ularga judayam ko‘p jismoniy mas’uliyatlar yuklanaveradi. Aksar holatda ayollarimizning dam olishi, uxlab olishi uchun ham imkoniyati bo‘lmaydi.

Uy bekalarimizda to‘g‘ri ovqatlanish, vaqtida kerakli narsalarni yeyish, tushkunlikka tushmaslik, hayotdan hafsalasi pir bo‘lmasligi uchun har kungi bir xil ishdan chalg‘ish imkoniyati ham bo‘lmaydi. Aytaylik, biror joyda ishlaydigan odam haftada 5 kun ishlasin, shanba va yakshanba kunlar dam olishga imkoniyati bo‘ladi. Uyda o‘tiradigan ayollar esa oylab, yillab bir joyda, bir xil ishni qilishiga to‘g‘ri keladi, shuning oqibatida ruhiy holatlari barqaror bo‘lmay qoladi.

Afsuski, jamiyatimizda bunga qo‘shimcha ravishda ayolga bosim bo‘ladigan holatlar yo‘q emas. Misol uchun, ayol uyda kelinlik, onalik vazifalari bilan band bo‘lib yurganida turmush o‘rtog‘i bilan bo‘ladigan muammolarda ham ko‘pincha ayollarimiz ayblanadi. “Ering xiyonat qildi, sen o‘zing aybdorsan, ering pul topmayapti, sen aybdorsan”, qabilida qo‘yiladigan talablar juda ko‘p. Dastlab mas’uliyatini ko‘tara olmagan ayollar jamiyat bosimi ostida yanayam tushkunlikka tushib boraveradi.

Shuningdek, ularning oxirida portlab, qattiq jinoyat qilib qo‘yishiga “sabr qil” deya ko‘p ta’kidlashlari ham sabab bo‘ladi. Chunki ayollarning aksariyati o‘z hissiyotlarini doim ham bayon qilaverishmaydi, ba’zida o‘zlarini tushunishmaydi ham. Ayol jamiyat, oila, o‘zining tarbiyasi sabab chidab kelaveradi va bir kun toqati tugashi va bu yomon natijaga olib kelishi mumkin.

“Mamlakatning iqtisodiy ahvoli ham bunda rol o‘ynaydi”

Rozaliya Gabdulhakova ko‘plab maishiy muammolarning ildizi iqtisodiy qiyinchiliklarga borib taqalishini aytadi.

— Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tishim kerak, ya’ni mamlakatimizning iqtisodiy ahvoli tufayli otalar farzandlari uchun sog‘lom ovqat, tagliklarni sotib olish kabi iqtisodiy chiqimlarni har doim ham ko‘tarolmaydi. Yoki qaynona bunga ruxsat bermay, kelinni “ekonom” qilishga majbur qilishi mumkin. Vaholanki, o‘sha taglik ayolning vazifalarini sal yengillashtiradi. Lekin iqtisodiy qiyinchilik sababli bunday bo‘lmasa, mas’uliyat ham ortib boraveradi.

Mana shunday kichik narsalarni qoplash uchun yetarli mablag‘ bo‘lishi ham ayollarning xotirjam, bolalarning sog‘lomroq bo‘lishiga, kamroq kaltak yeyishiga sabab bo‘lar edi.

“Afsuski, kelajak avlodni o‘z fikrini aytolmaydigan, stressga va tushkunlikka tez tushib qoladigan qilib tarbiyalayapmiz”

Psixologning aytishicha, ishtonini ho‘l qilib qo‘ygani va boshqa holatlar uchun asabiy onasidan dashnom etitib katta bo‘lish – bola ruhiyatida chuqur iz qoldiradi.

— Ayollarimizning ruhiy holati barqaror bo‘lmasligi jamiyatimizni botqoqqa botiradi. Boisi, bu yerda gap faqat bolalarning o‘z onalari tomonidan kaltak yeb, o‘ldirilayotgani haqida ketmayapti, bunda har kuni ishtonini xo‘llab, aytgan ovqatini yemagan farzandlarning taqdiri ham yotadi. Tarbiyalashni bilmagan yoki o‘zining hissiyotlarini boshqarolmagan onalar bu bolalarni uraveradi.

“Bolasini urib tarbiyalaydi-da” deb oqlashlari ham mumkin, lekin bu – bizning kelajagimiz uchun katta yo‘qotish. Chunki kaltak yeb o‘sgan bolalarning ko‘pchiligi o‘ziga ishonchi past, o‘zidan tashabbus kam chiqadigan inson bo‘lib qolishi mumkin.

Afsuski, biz kelajak avlodni o‘z fikrini aytolmaydigan, stressga va tushkunlikka tez tushib qoladigan qilib tarbiyalayapmiz. Agar bu borada nimadir qilmasak, jamiyatimiz pastlab boraveradi, farzandlarimiz shijoatsiz, faqatgina qora mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilarga aylanib qolish ehtimoli yuqori.

“Farzandli bo‘lgan ayolni yaqinlari qo‘llab-quvvatlashi kerak”

Gabdulhakova tug‘ruqdan keyin ayollarga yaqinlari ko‘maklashishi kerakligi, ayollar esa o‘zlarining ruhiy holatlariga e’tiborli bo‘lishlari zarurligini ta’kidladi.

— Odamlar nima deydi deb emas, hozir men nimani his qilyapman, farzandimga zulm qilib qo‘ymaymanmi, hozirgi harakatlarim nimaga olib keladi deb, o‘zlarini boshqarishlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, kichkina emizikli farzandi bor onalarga oila a’zolari ham yordam berishi, ularning vaqtida dam olishi, holatlarini tushungan holda yumushlarini yengillashtirib, qo‘llab-quvvatlashlari kerak.

Har bir oilada farzand tug‘ilishi krizis davri hisoblanadi, shuning uchun ham oila a’zolar o‘ziga yarasha mas’uliyatlari ham o‘zgarib, qiynaladi. Lekin baribir eng ko‘p mas’uliyat yuklangan, jismonan va ruhan qiynalgan inson ona bo‘ladi.

Ayollar bolani tuvakka o‘tkazishda, umuman, bola tarbiyasida boshqa bolalarga qiyoslab, farzandida hali rivojlanmagan qobiliyatlarni talab qilmasliklarini, bu jarayonda qaynonalar kelinlariga bosim o‘tkazmasliklarini ham so‘ragan bo‘lardim.

“Jamiyatda shunday muammolar tez-tez bo‘lyaptimi, demak boshqaruvda tizimli kamchiliklar bor”

Jamiyatshunos Bahrom Parpiyevning so‘zlariga ko‘ra, jamiyatda bu kabi holatlarning tez-tez uchrab turishi ularning istisno emas, ma’lum ijtimoiy sabab-oqibat zanjirlari ekanini ko‘rsatadi.

— Jamiyatimizdagi ayrim fuqarolar orasida o‘z joniga suiqasd qilish va boshqalar hayotiga tajovuz qilishning uchrab turgani tashvishli hodisadir. Ayniqsa, insoniylik qiyofasini yo‘qotgan ba’zi kishilarning o‘z ota-onalari va boshqa yaqinlari qotiliga aylanishi kishini larzaga soladi. Albatta, bu muammo bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Tarixda ham mazkur hodisalar ro‘y bergan. Sobiq totalitar tuzum davrida ham shunday mash’um voqelar bo‘lgan. Ammo u vaqtda matbuot erkinligi bo‘lmagan. Shu nuqtayi nazardan bunday mudhish hodisalar faqat bugungi kunda bo‘lyapti desak, haqiqatdan ancha yiroq bo‘ladi.

Ularni tizimli va kompleks tarzda tahlil etish lozim. Xayolimizga kelgan dastlabki fikrga tayanib, uning faqat yagona sababini ko‘rsatmaslik kerak. Bugungi kunda jamoatchilik orasida davlat instituti, uning mas’ul xizmatchilarini turli noxush voqealarni yuzaga chiqishda asosiy aybdor sifatida ko‘rsatish holati uchrab turibdi. Biroq bu yuzaki va ilmiylikdan yiroq bo‘lgan yondashuvdir.

Lekin masala tahliliga chuqurroq yondashsak, shunday vaziyatga duch kelamiz: agarda jamiyat hayotida shunday muammolar tez-tez va muntazam tarzda mavjud bo‘lsa, demak, haqiqatan boshqaruv tizimida muayyan kamchiliklar bor degan xulosani chiqarish mumkin. Bunday sharoitlarda tizim mutasaddilariga nisbatan haqli e’tirozlarni qo‘yish adolatdandir. Chunki bunday sharoitlarda jarayonning kechishi tasodif emas, balki qonuniyatli mazmun kasb etadi.

Mazkur fikrni taniqli fransuz sotsiologi Emil Dyurkgeym tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga tayanib, ilgari surish mumkin. Jumladan, u yashagan davrda, ya’ni XIX asrning ikkinchi yarmi oxirlarida, Fransiyada kishilar orasida o‘z joniga qasd qilganlar soni keskin oshib ketadi. Rasmiy hokimiyat vakillari bu hodisani kishilarining psixologik holatidagi nuqsonlar bilan oqlashga intilgan bir sharoitda, Emil Dyurkgeym o‘z olib borgan amaliy tadqiqotlar natijasida mazkur xatti-harakatni amalga oshirgan kishilar jamiyat hayotidagi jiddiy ijtimoiy muammolar ta’sirida sodir qilganlarini asoslab beradi va buning uchun esa o‘sha davrdagi fransuz jamiyatini asosli tarzda tanqid qiladi.

Demak, jamiyatimizda uchrayotgan ushbu illatga fuqarolarning oilada, yoshlikda olgan tarbiyasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham sabab bo‘lmoqda. Jumladan, ota-bobolarimiz asrlar davomida e’tiqod qilib kelgan islom dini qadriyatlariga tayanish mazkur tarbiya jarayonidan uzilib qolgan. Ma’lumki, islom dinida birovning joniga tajovuz qilmaslik, o‘z joniga qasd qilmaslik qat’iy tarzda buyurilgan.

“O‘zining va o‘zganing joniga zo‘rlik qilish gunoh ekanini kengroq targ‘ib qilish kerak”

Bahrom Parpiyevning aytishicha, avvalo muammo sabablarini aniqlab olish, shundan kelib chiqqan holda choralar ko‘rish zarur.

— Albatta, har qanday muammo sabablarni o‘z vaqtida aniqlash uning yechimiga muvofiq keladigan mexanizmlarni ishlab chiqishga asos bo‘ladi. Shu maqsadga erishish uchun mamlakatimizda sotsiologik talqiqotlarni o‘tkazishga aloqador davlat va nodavlat tashkilotlari yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammo bo‘yicha muntazam ravishda jamoatchilik fikrini o‘rganib borishlari maqsadga muvofiq.

Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “Ijtimoiy ish” sohasi mutaxassislari mahalla instituti rahbarlari va faollari bilan hamkorlikda shunday xatta-harakatni sodir etishga moyil kishilarni aniqlab, ular bilan jiddiy shug‘ullanishlari lozim.

Ma’lumki, mamlakatimiz bosh qomusidagi tegishli moddaga muvofiq, din davlatdan ajratilgan, ammo dinni jamiyat hayotidan ajratishning iloji yo‘q va bunga hojat ham yo‘q. Shuning uchun taniqli diniy ulamolar OAVda kishilarga zulm qilish, ular joniga qasd qilish, o‘zini o‘zi o‘ldirish nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham o‘ziga ulkan va abadiy zarar bo‘lishini Qur’on oyatlari va hadislardan keltirib, tushuntirib borishlari sermahsul natijalar beradi.

“Zulmning har qanday ko‘rinish harom”

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Hikmatulloh Toshtemirovning ta’kidlashicha, jamiyatda gohida uchrab turgan yosh bolalarning ota-onalari tomonidan ayovsiz kaltaklanishi Islomda man qilingan, harom ishlardan hisoblanadi.

— Bu ishni qilganlar qattiq gunohkor bo‘lib, qiyomatda bu gunohi uchun javobgar bo‘ladilar. Chunki dinimizda o‘zgalarga zulm qilishning har qanday turi harom qilingan. Bizga har sohada o‘rnak bo‘lgan Payg‘ambarimiz alayhissalom biror kimsani, katta-yu kichik, na ayol-u, na bolani urmaganlar. Buni Oisha onamiz rivoyat qilganlar.

***

Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilish mumkinki, zo‘ravonlik, xususan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning ham moddiy, ham ma’naviy ildizlari bor. Yechim esa avvalo iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligini oshirish va xotin-qizlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmlariga o‘tishni taqozo qiladi.

Shu bilan birga, muammo ko‘lami va ildizlarini yuzaga chiqarish uchun keng ko‘lamli sotsiologik tadqiqotlarga ehtiyoj bor.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: