Stoltenberg Zaporijjya AESdagi yadroviy falokat xavfi haqida ogohlantirdi

Jahon 09:06 / 18.08.2022 3715

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya harbiy xizmatchilari tomonidan egallab olingan Zaporijjya AESda yadroviy falokat yuz berishi xavfi haqida ogohlantirdi. Shu bilan birga, u Rossiyani Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) mutaxassislari tomonidan ZAES tekshirilishiga rozi bo‘lishga chaqirdi.

Ukrainadagi AESning Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olinishi uning ishlashi xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi va yadroviy avariya yoki hodisa xavfini oshiradi, bu esa, o‘z navbatida, Ukraina aholisi, qo‘shni davlatlar va jahon hamjamiyatiga xavf tug‘diradi, dedi Stoltenberg 17 avgust, chorshanba kuni Bryusselda so‘zlagan nutqida. «Shoshilinch tarzda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik tomonidan tekshiruv o‘tkazilishini ta’minlash va Rossiyaning barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketishni kafolatlash kerak», dedi NATO bosh kotibi.

Rossiya qo‘shinlari mart oyi boshida Zaporijjya AESni egallab oldi, shundan so‘ng ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. Iyul oyining oxiridan beri Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lgan ZAES muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, shuningdek, OAVda u Rossiya qo‘shinlari tomonidan minalab qo‘yilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. AEXA ham yadroviy qirg‘in xavfi haqida ogohlantirgan. Bir necha kun oldin xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilishida o‘z mutaxassislarining elektr stansiyasiga zudlik bilan kiritishni talab qilgan edi.

Ukrainaning «Energoatom» davlat kompaniyasi rahbari Petr Kotinning DW’ga ma’lum qilishicha, Ukraina tomoni ZAESning yadroviy va radiatsion xavfsizligini to‘liq nazorat qilmayapti. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Zaporijjya AES bilan bog‘liq vaziyat tufayli Rossiya atom sanoatiga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi. «Bu - faqat xavfsizlik masalasi. Boshqa davlatlarga yadroviy tahdid solayotganlarning o‘zi yadro texnologiyalaridan xavfsiz foydalanishga qodir emas», deb ta’kidladi Zelenskiy.

Ko‘proq yangiliklar: