Yevropadagi yana bir inqiroz. Issiqlik va qurg‘oqchilik Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotini sekinlashtirmoqda

Jahon 11:26 / 16.08.2022 12384

Yevropa daryolari quridi, ekinlar so‘lib qoldi, o‘rmonlar yonmoqda, ishchilar esa soya ostiga yashirinmoqda. Yevropa komissiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda YeI va Buyuk Britaniya hududining roppa-rosa yarmi qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda.

Qurg‘oqchilikdan tashqari, o‘ta issiq ob-havo ham azob beryapti. Yevropa bu yilgi yozda ekstremal haroratning uchinchi to‘lqiniga duch keldi. Hatto salqin Britaniyada ham tarixda birinchi marta havo harorati 40 darajaga ko‘tarildi.

Yaqinda Angliya rasman orolning katta qismida qurg‘oqchilik boshlanganini e’lon qilgandi. So‘ngra qit’adan ham tashvishli xabarlar kela boshladi. Yevropaning asosiy suv yo‘li – Reyn daryosidagi suv sathi 40 santimetrdan pastga tushdi, bu esa uni kemalar harakati uchun yaroqsiz holga keltirdi.

Reyn bo‘ylab neft mahsulotlari, metall va xomashyo tashiladi. 2018 yilda daryo quriganida, Germaniya iqtisodiyoti 0,2 foizga pasaydi. Endi iqtisodchilar YaIM 0,5 foizga pasayishini bashorat qilishmoqda, bu esa 20 milliard yevroga teng.

Qurg‘oqchilik va jazirama Yevropa ittifoqining ikkinchi va uchinchi iqtisodiyoti bo‘lmish Fransiya va Italiyaga yanada ko‘proq zarar keltirdi. Italiyaning eng uzun daryosi Po deyarli qurib qoldi. Fransiyaning Luara daryosi esa Reynning qismatini takrorlash arafasida. Yevropa qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘imi bo‘lgan Fransiyada iyul oyi tarixdagi eng qurg‘oqchilik bo‘ldi. Oy davomida atigi 9 mm yomg‘ir yog‘di, bu odatdagidan o‘n baravar kam.

Bug‘doyni yig‘ib olishga ulgurishdi, lekin uzum, makkajo‘xori va kungaboqar hosili tahdid ostida. Zaytunlar yetilmadi, gidroelektr stansiyalar to‘xtab qoldi, Alp yaylovlaridagi chorvalarga suv harbiy vertolyotlarda yetkazib berilmoqda.

2022 yilda iqlim yo‘qotishlari o‘nlab milliard yevroga baholanmoqda, garchi uning miqdori YaIMning 0,2 foizidan oshmagan taqdirda ham. G‘arbiy Yevropa bu yil taxminan 20 trillion yevrolik mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishi kerak.

Bunday zarar yevropaliklar hamyoniga zarba bermoqda. Ular olti oydan beri inqirozda yashamoqda.

Yoz boshida Yevrokomissiya o‘zining iqtisodiy prognozini pasaytirib, YaIM yil oxiriga qadar o‘sishdan to‘xtab qolishi, kelasi yili bu ko‘rsatkich 1,5 foizdan oshmasligi haqida ogohlantirdi. Vaholanki, bahorda iqtisodiy o‘sish 2,3 foiz bo‘lishi kutilgandi. Ushbu prognozni taqdim etish chog‘ida Yevropa ittifoqi rasmiylari va iqtisodchilar qurg‘oqchilik yoki jazirama haqida gapirishmadi. Ularsiz ham muammolar yetarli edi.

Avvaliga Yevropa kovid pandemiyasidan keyingi rekord darajadagi inflatsiyaga duch keldi. Bunga tovarlar va ishchi kuchi ta’minotidagi tanqislik sabab bo‘ldi.

Qish oxirida Vladimir Putin Ukrainani bosib olish uchun qo‘shin yubordi. So‘ngra Kreml Yevroittifoqqa qarshi energiya urushini boshladi va gaz ta’minotini qisqartirdi.

Oziq-ovqat va energiya narxlari yanada oshdi. Yevropa ittifoqi millionlab qochqinlar oqimiga, ba’zi mamlakatlar esa enegriya tanqisligi bilan bog‘liq siyosiy inqirozga duch keldi. Endi eski muammolarni hal qilish o‘rniga, yevropaliklar zudlik bilan yangi olovni o‘chirishi kerak.

Nega?

Agar qisqa aytiladigan bo‘lsa – iqlim o‘zgarishi aybdor. Iqlim o‘zgarishiga esa odamlar sababchi.

Inson faoliyati oqibatida kelib chiqayotgan global isish iqlim muvozanatini buzishi va ob-havo o‘zgarishiga (qishda suv toshqinlari, bo‘ronlar va izg‘irinning ko‘payishi, yozda esa qurg‘oqchilik va jazirama, halokatli jala va do‘l yog‘ishi) olib kelishi haqida olimlar uzoq vaqtdan beri ogohlantirib kelmoqda.

Yevropa ittifoqi ilmiy kengashi a’zosi Marten van Aalstning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi yozning g‘ayritabiiy darajada issiq bo‘lishiga olib kelgan. «Umuman olganda, jazirama va yong‘inlarga ko‘nikib qolgan davlatlar yana shunga duch kelmoqda, biroq, haddan tashqari katta miqyosda».

Yevropa kosmik agentligi rahbari Yozef Ashbaxer ham uning fikrlariga qo‘shilmoqda. U Sentinel-3 sun’iy yo‘ldoshi orqali o‘lchangan harorat ko‘rsatkichlariga tayanmoqda – bu yili Angliyada 45 daraja, Fransiyada 50 daraja va Ispaniyada 60 daraja harorat qayd etilgan.

«Ekotizim o‘zgaryapti. U butunlay va juda tez o‘zgarmoqda, olimlar bir necha yil avval bashorat qilganidan ham tezroq», - dedi u. «Qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari, kuchli bo‘ronlar iqlim o‘zgarishining yaqqol dalilidir».

Quyida 2022 yilgi jazirama va qurg‘oqchilik tufayli Yevropa duch kelgan muammolarning taxminiy ro‘yxati.

Suv

Suv tanqisligi kemalar harakati, sanoat va qishloq xo‘jaligiga putur yetkazmoqda. Odamlarga tomorqani sug‘orish va mashina yuvish taqiqlangan.

Germaniya va Italiyadagi eng uzun daryolar – Reyn va Po qurib qoldi, Fransiya Luarasida suv sathi tahdidli nuqtaga yaqinlashmoqda.

Angliya o‘tloqlari iyun oyida preriyaga aylandi. Shundan keyin bu yerlarga yashillik qaytmadi. Foto: EPA

Barjalar va tankerlar hali ham suza oladi, ammo faqat to‘liq yuklanmagan holda. Shu tufayli xomashyo (ko‘mir, mazut, po‘lat) va tayyor mahsulotlarni (uskunalar, mashinalar) tashish qimmatroq va asta-sekin daromadsiz bo‘lib bormoqda.

Germaniya va Italiya zavodlari, elektr stansiyalari qimmat gazni ko‘proq yoqmoqda. Bu esa Yevropa ittifoqining qish uchun gaz zaxirasini shakllantirish rejalarini buzyapti. Ba’zi zavodlar umuman to‘xtab qolgan yoki zarariga ishlamoqda va narxlarni oshirmoqda – bu Yevropa iqtisodiyotini yanada sekinlashtiryapti.

Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya fuqarolar, fermerlar va sanoat uchun suv cheklovlarini allaqachon joriy qildi. Italiya, Portugaliya, Polsha va boshqalar suvni tejashni qat’iy tavsiya qilyapti.

Yevrokomissiya oqova suvlarni daryolarga tashlamaslikka, balki tozalab, dalalarni sug‘orishga yo‘naltirishga chaqiryapti.

Energiya

Suv tanqisligi Yevropa gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb 20 foizga qisqarishiga olib keldi. Ispaniya va Italiya eng ko‘p zarar ko‘rdi, ammo muammolar faqat janubiy Yevropa bilan cheklanmaydi.

Norvegiyadagi suv omborlari qurib bormoqda. Natijada, GESlar kamroq elektr energiyasi ishlab chiqaryapti. Norvegiya uni an’anaviy ravishda Germaniya va Buyuk Britaniyaga eksport qilardi. Endi ular gaz va ko‘mir yoqishga majbur.

Niderlandiyada o‘rmon yong‘inlari. Foto: EPA

Bularning barchasi uzoq vaqt davom etadigan ko‘rinadi. Chunki, kuz yomg‘irli kelganida ham (sinoptiklar bunga shubha qilmoqda), suv omborlarini to‘ldirish uchun qish namli bo‘lishi talab qilinadi.

Fransiya atom elektr stansiyalari yordamga kelishi mumkin edi. Biroq, yozgi profilaktika ishlari tufayli to‘xtab turishdan tashqari, stansiyalar jaziramadan aziyat chekmoqda. Daryolardagi suv harorati reaktorni sovitish uchun issiqlik qilmoqda.

Quyosh energiyasi-chi? Ispaniya va Yevropa ittifoqining qolgan qismida bulutsiz osmon bor, quyosh energiyasi yordam berishi mumkin-ku? Yo‘q, quyosh panellari 25 daraja uchun mo‘ljallangan va jaziramada ularning samaradorligi pasayadi.

Zaytun

Jazirama tufayli Ispaniyada zaytun hosil bermadi, mamlakat dunyo zaytun moyining yarmini ishlab chiqaradi. Italiya va Portugaliyada ham qurg‘oqchilik tufayli hosil olinmadi. Suv yo‘qligi sababli, daraxtlar kurtak chiqarmay qolgan. Kelasi yil hosili ham shubha ostida.

Andalusiya fermerlar uyushmasi Ispaniya bu mavsumda atigi 1 million tonna zaytun moyi ishlab chiqarishini prognoz qilmoqda. Agar omborlarda yarim million tonna moy zaxirasi bo‘lmaganida, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin edi.

Ammo narxlar baribir oshadi. Yuzlab davlatlarga moy sotadigan Acesur kompaniyasi ulgurji narxlar 20-25 foizga oshishi haqida ogohlantirmoqda. Do‘konlardagi narxlar joriy yillik shartnomalar muddati tugashi bilan bir necha oy ichida ko‘tarilishi mumkin.

Toskanadagi zaytun daraxtlari suvsizlikdan qurib qolmoqda

Zaytun asosan Andalusiyada yetishtiriladi. Lekin u yerda – qurg‘oqchilik. Iyul 1961 yildan beri eng quruq oy bo‘ldi. Ispaniyaning AYeMeT ob-havo byurosi kuz ham quruq kelishini va’da qilmoqda.

Ispaniyaliklar yozda omborlarga to‘plangan suvdan foydalanishadi. Ularning umumiy sig‘imi 5,6 milliard kub metrga teng, bu Yevropadagi eng katta suv omborlari tarmog‘idir. Biroq, hozirda ulardagi suv sathi 40 foizdan oshmaydi. Odatda avgust oyi boshida u ancha yuqori bo‘lardi. Hatto eng issiq deb hisoblanayotgan so‘nggi 10 yillikda 50 foizdan pastga tushmagan.

Zaytun moyi ishlab chiqaruvchi boshqa mamlakatlarda ham ahvol shunday. Portugaliya asr boshidan beri eng yomon qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda. Italiyada esa bunday qurg‘oqchilik so‘nggi marta 1800 yilda yuz bergandi.

Don-dun

Bug‘doy deyarli yig‘ib olindi, hammasi joyida. Lekin boshqa ekinlar, birinchi navbatda, makkajo‘xori va kungaboqar qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Ularning hosili 8-9 foizga kamaydi va so‘nggi 5 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past bo‘ladi, deb bashorat qilmoqda YeI ilmiy markazi.

Kungaboqar pistasi va makkajo‘xori yetkazib beruvchi yetakchi davlat bo‘lmish Ukrainaga uyushtirilgan Rossiya hujumidan keyin bu voqeaning yuz berayotgani muammoni yanada chuqurlashtiryapti.

Butun iyul mobaynida Fransiyada atigi 9 mm yomg‘ir yog‘di, bu odatdagidan o‘n barobar kamroq. Foto: Reuters

Qurg‘oqchilikdan ayniqsa Fransiya janubi, Italiya shimoli, Germaniya markazi, Ispaniya, Portugaliya, Ruminiya va Vengriyadagi don ekinlari zarar ko‘rmoqda.

Go‘sht

Chorvaga ham oson bo‘lmayapti. Dalada suvli o‘t emas, balki pichan qolgan. Shuningdek, kuydiruvchi quyosh ostida o‘tlash ham og‘ir. Muammoni hal qilish uchun armiya yordamga chaqirildi.

Shveytsariya cho‘ponlarga yordam berish uchun oltita harbiy vertolyotini yubordi. Ikki hafta ichida ular Alp yaylovlarida bir necha ming sigir, qo‘y va cho‘chqa uchun yarim million tonna suv yetkazib berishi kerak. Aks holda mollarni vodiyga haydashga to‘g‘ri kelardi. Shunda ular qishki pichan uchun ajratilgan o‘tlarni yeb bitirishi mumkin edi.

Agar qoramollar kam oziqlanishda davom etsa, shuningdek, yem-hashak uchun mo‘ljallangan don hosili kamaysa, vazn ham, sut mahsuldorligi ham pasayadi. Oqibatda go‘sht va sut narxi oshadi.

Odamlar ham aziyat chekmoqda

Qurg‘oqchilik va jaziramadan kelib chiqadigan iqtisodiy zarar faqat ekinlar va energiya bilan cheklanmayapti. Odamlar ham qiynalmoqda.

Foto: Reuters

45 daraja issiqda har kim ham velosipedda oziq-ovqat yetkazib bera olmaydi yoki dalada hosilni yig‘a olmaydi. O‘z-o‘zini ish bilan ta’minlovchilar ham, tadbirkorlar ham zarariga bo‘lsa-da, ish vaqtini qisqartirishga majbur.

O‘rmon yong‘inlaridan turizm sohasi ham, aholi ham jabr ko‘rmoqda. Fransiya, Ispaniya va Portugaliyadagi o‘rmon yong‘inlari hududidan o‘n minglab odamlar allaqachon evakuatsiya qilingan.

Elektr energiyasi xarajatlari oshib bormoqda, chunki odamlar uyini, tadbirkorlar esa korxonasi, do‘koni yoki restoranini konditsioner bilan sovitishi lozim.

Jazirama yevropaliklarning sog‘lig‘iga ham ta’sir qilyapti. Xalqaro meteorologiya tashkiloti yoz jaziramasida atmosferada, ayniqsa, katta shaharlarda zararli moddalar to‘planishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Ko‘proq yangiliklar: