Sovet armiyasi tomonidan qonga botirilgan Praga: Chexoslovakiyaning sotsialistik tuzumdan yuz o‘girishi qanday bostirilgandi?

Jahon 12:53 / 13.08.2022 29593

1943 yilning oxiri, 1944 yilning boshlarida urush sovet ittifoqi chegarasidan chiqib Sharqiy Yevropaga ko‘chadi. SSSR xaloskor sifatida Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Germaniyaning sharqiy qismi, Ruminiya, Bolgariya, Yugoslaviya hamda Albaniyani fashistlar zulmidan ozod qilar ekan, ularning aholisi sovet armiyasini katta tantanalar bilan kutib oladi. O‘sha paytda ular kelajakda o‘zlarini nimalar kutayotganini, kommunistlar boshlariga qanday kulfatlar solishini bilishmasdi.

Urush tugashi bilan sovet ittifoqi tomonidan fashistlardan ozod qilingan davlatlarda zudlik bilan kommunistik partiyalar tuzilib, hokimiyat egallanadi. Shundan so‘ng ularning aksariyatida urush paytida G‘arbda qochqinlikda yurgan hukumatlarning qaytib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Masalan, Polsha hukumati bilan shunday bo‘lgan. Urushdan so‘ng Buyuk Britaniyada qochqinlikda bo‘lgan hukumat vatanga qayta olmaydi. Moskva qo‘llovi bilan tuzilgan kommunistik hukumat rahnamolari Polshani egallab olib, qonuniy hukumatning ortga qaytishiga yo‘l qo‘yishmaydi.

Urushdan so‘ng bir muddat kommunistik tuzum qo‘l ostida yashagan Sharqiy Yevropa xalqlari «qordan qutulib do‘lga tutilganlariga» amin bo‘lishadi. Garchi Moskva tomonidan qo‘yilgan qo‘g‘irchoq hukumatlar va rahbarlar ancha tomir yozib ulgurgan bo‘lsa ham, odamlar tobora kommunistik rejimni yomon ko‘ra boshlashadi.

Ana shunday vaziyatda «ilk qo‘ng‘iroq Vengriyada chalinadi». Kommunistik rejimda yashashni xohlamagan vengrlar 1956 yilda qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olon Moskva tomonidan ayovsiz bostiriladi. O‘shanda Moskva «nonko‘r» vengrlardan ayovsiz qasos oladi va ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ladi.

Foto: myhungary.net

O‘sha yili Polshaning Poznan shahrida ishchilarning kommunistik tuzumga qarshi namoyishlari bo‘lib o‘tadi va bu ham shavqatsizlarcha bostiriladi.

Oradan 12 yil o‘tib, 1968 yilda Chexoslovakiya kompartiyasi rahbarlari tomonidan sotsialistik tuzumga qarshi islohotlar o‘tkazilishini e’lon qilinadi. Odamlar buni qo‘llab-quvvatlab chiqishadi. Oxir-oqibat bu yerda ham namoyishlar sovet armiyasi boshliq ittifoqchilar tomonidan bostiriladi. Ko‘plab odamlar halok bo‘ladi.

Chexoslovakiyaning bosh ko‘tarishi

1968 yil 5 yanvar kuni Chexoslovakiyada rahbar almashadi. Mamlakat kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi etib slovak millatiga mansub Aleksandr Dubchek tayinlanadi.

O‘sha yili bahorda Dubchek o‘z hammaslaklari bilan «Harakatlar dasturi» nomi bilan yangi islohotlar dasturi loyihasini taqdim etadi. Dubchekning maqsadi islohotlar bahonasida kommunistik tuzumdan voz kechish va mamlakatni sovetlar ta’sir doirasidan chiqarib olish edi.

Foto: alamy.com

Dasturda Chexoslovakiyada inson huquqlariga e’tiborni kuchaytirish, matbuot va OAVni erkinlashtirib, ularning faoliyatida davlat nazoratini olib tashlash, kommunistik partiya gegemonligidan voz kechib ko‘p partiyaviy boshqaruvga o‘tish kabi bir qator islohotlar qilinishi ko‘zda tutilgandi. Chexoslovakiya xalqi dastur loyihasini qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi va u qabul qilinadi.

Moskvaning xavotirlari va talabi

Dubchek va uning hammaslaklari tomonidan boshlangan yangi islohotlar Moskvaga yoqmaydi. Chunki ular amalga oshirilsa, Chexoslovakiya SSSR ta’sir doirasidan chiqib ketishi aniq edi. Qolaversa, Yevropa markazida joylashgan davlatning kommunistik partiya gegemonligidan voz kechishi – bu sotsialistik lagerga boshliq bo‘lgan SSSRga geosiyosiy nuqtai nazardan yaxshigina zarba bo‘lardi.

Shu sababli, bir paytlar Vengriyadagi kommunistik tuzumga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda jonbozlik ko‘rsatgan va o‘sha xizmatlari evaziga keyinchalik KGB rahbari etib tayinlangan Yuriy Andropov Dubchekning islohotlarini sovet ittifoqi uchun o‘ta xavfli deb baholaydi. U Chexoslovakiya shu yo‘l bilan SSSR ta’sir doirasidan chiqib ketib G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘layotganini aytadi.

Foto: alamy.com

Shundan so‘ng sovet rahbariyati Dubchekdan islohotlardan voz kechishni talab qiladi. Ammo u ko‘nmaydi. O‘sha paytda Dubchek katta ehtimol bilan o‘zini qo‘llayotgan mamlakat aholisiga ishongan, ammo Moskvaning Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritishi va Pragani qonga botirishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.

SSSRning tahdidi

Sovetlar Dubchekni «yaxshi gap bilan» ko‘ndira olmagach, uning «tanobini tortib qo‘yishga» qaror qilishadi. O‘sha paytda Chexoslovakiyada sovet harbiy bazalari bo‘lib, Moskva Dubchekning «esini kiritib qo‘yish» uchun ulardagi harbiy xizmatchilar soni kam deb hisoblaydi.

1968 yil 15 iyul kuni SSSR Varshava shartnomasi harbiy blogi nomidan Dubchekni so‘nggi marta ogohlantiradi. Bu ogohlantirishda Chexoslovakiyada sotsialistik tuzumga qarshi norozilik kuchayib borayotgani, bu sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlarga, jumladan, SSSRga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ekani aytilgandi.

Bundan tashqari, agar Chexoslovakiya kompartiya gegemonligiga asoslangan sotsialistik tuzumdan voz kechib, ko‘p partiyaviylikka asoslangan tuzumga o‘tadigan bo‘lsa, bu davlatga Varshava shartnomasi tashkiloti harbiy blogining qo‘shinlari kiritilishi mumkinligi ta’kidlangandi.

Moskvaning bu tahdidli xati Chexoslovakiya aholisining g‘azablantirib yuboradi. Ular hukumatdan va prezidentdan sotsialistik tuzumdan voz kechishni talab qilib chiqishadi.

Mamlakat kompartiyasi nomidan yozilgan javob xatida Varshava shartnomasi tashkilotining xavotirlari asossiz ekani, Chexoslovakiya kommunistik partiyadan voz kechmasligi, shu bilan birga boshqalarga ham imkoniyat berilishi haqida yozilgandi.

Dubchek Moskvaning «jim yurmasang jazolaymiz», degan mazmundagi tahdidli xatiga boshlagan islohotlarni davom ettirishini ma’lum qilib, shu tarzda javob beradi.

Muzokaralar va yolg‘on kelishuv

1968 yil 29 iyul kuni Brejnev boshliq SSSR rahbariyati Slovakiya sharqida joylashgan Cherna-nad-Tisou shaharchasida Dubchek bilan yashirincha muzokara o‘tkazadi.

Foto: The New Times

Muzokaralar davomida sovet rahbari Dubchekka bosim o‘tkazib, islohotlardan voz kechishni talab qiladi. Ammo Dubchek yon bermaydi va SSSR harbiylarini Chexoslovakiyadan olib chiqish hamda mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘raydi. Shu tariqa muzokara natijasiz tugaydi.

Keyingi muzokara 1968 yil 3 avgust kuni Slovakiya poytaxti Bratislava shahrida o‘tkaziladi va unda tomonlar kelishuvga erishadi. Kelishuvga ko‘ra SSSR Chexoslovakiyadan o‘z harbiylarini olib chiqadi, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaydi. O‘z navbatida Chexoslovakiyada sotsialistik tuzum hamda sovetlarga qarshi targ‘ibotlar to‘xtatiladi.

Keyinchalik SSSR va Chexoslovakiya o‘rtasida tuzilgan ushbu kelishuvni Moskva vaqtdan yutish uchun o‘ylab topgani ma’lum bo‘ladi. Chunki Dubchek kelishuv imzolandi, deb bemalol bo‘lgan paytda Moskvada Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritish masalasi muhokama qilinayotgandi.

Chexoslovakiyaga SSSR harbiylarining kiritilishi

1968 yil avgust oyining o‘rtalariga kelib vaziyat keskinlashadi. 18 avgust kuni sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritishga rozilik bildirishadi.

1968 yil 20 avgustdan 21 avgustga o‘tar tunda 300 ming kishi va 7 mingta tankdan iborat armiya ushbu mamlakat hududiga bostirib kiradi. Bu qo‘shin tarkibida ozroq Varshava shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘lgan Polsha, GDR, Vengriya va Bolgariya harbiylari ham bor edi.

Foto: theatlantic.com

Bu haqda sovet ittifoqi marshali Grechko Chexoslovakiya mudofaa vaziri Martin Dzurga  xabar beradi. O‘z navbatida Martin Dzur qo‘l ostidagi harbiylarga sovet qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatmaslik topshirig‘ini beradi.

Sovet armiyasi Chexoslovakiyaga mamlakatning barcha tomonidan kiradi. Jumladan, SSSRning GDRdagi harbiy bazasida joylashgan qo‘shinlar g‘arbdan, Polshadagi harbiylar shimoldan, Ukrainada joylashgan qo‘shinlar sharqdan, Vengriya va Bolgariyadagi harbiylar janubdan kiradi.

Qo‘shinlarning bir qismi yirik shaharlarga, asosiy qismi esa poytaxt Praga tomon harakatlana boshlaydi. Martin Dzur Chexoslovakiya harbiylariga bosqinchilar armiyasiga qarshilik ko‘rsatmaslik topshirig‘ini beradi.

Turli harbiy texnikalar bilan qurollangan qo‘shin qisqa muddat Chexiya va Slovakiyaning muhim strategik obektlarini egallaydi.

Shundan so‘ng Dubchek zudlik bilan Chexoslovakiya kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi majlisini chaqiradi va bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatish masalasini muhokama qiladi. Muhokamada Chexoslovakiyaning bosqinchilarga kuchi yetmasligi aytiladi.

Muhokamadan so‘ng Dubchek radio orqali mamlakat fuqarolarga tinchlikni saqlash va joylarda sovet harbiylari bilan mojaro chiqarmaslikni so‘rab murojaat qiladi. So‘ng Dubchek Brejnevga Varshava shartnomasi tashkiloti harbiylarini Chexoslovakiya hududidan olib chiqib ketishni talab qilib nota yuboradi. SSSR rahbari Dubchekning notasiga javob bermaydi.

Praganing bosib olinishi

1968 yil 21 avgust soat 2:00 larda Pragadagi Ruzine aerodomini (hozir Vatslav Gavel nomidagi xalqaro aeroport) sovet armiyasining 7-desant diviziyasi egallaydi. Shundan so‘ng aerodromga birin-ketin sovet harbiylari bo‘lgan samolyotlar qo‘na boshlaydi.

21 avgust kuni soat 4:30 da sovet qo‘shinlari tanklar yordamida Chexoslovakiya kompartiyasi markaziy qo‘mitasi binosini o‘rab oladi. Dubchek va uning hammaslaklari shu yerda edi.

Foto: RIA Novosti 

O‘sha kuni soat 10:00 larda KGB Dubchek, bosh vazir Chernik, parlament raisi Smirkovskiy, Milliy front rahbari Krigel va yana bir qator yuqori mansabdagi shaxslarni qo‘lga oladi. Ularni sovet BTRlariga tiqib, Ruzine aerodromiga olib borishadi va u yerdan Moskvaga olib ketishadi.

1968 yil 23 avgust kuni Moskvaga Chexoslovakiya prezidenti Svoboda keladi va sovet rahbariyatiga barcha shartlarga rozi ekanini, faqat hibsga olinganlar ozod qilinishi lozimligini bildiradi.

Moskvada Chexoslovakiya delegatsiyasi 15 punktdan iborat bayonnomaga imzo qo‘yishga majburlanadi. Unda Chexoslovakiya sotsialistik yo‘ldan hech qachon chekinmasligi belgilab qo‘yilgandi.

Shundan so‘ng tutqunlikda ushlab turilgan Dubchek hamda boshqalar ozod qilinadi va ular Pragaga qaytishadi.

Pragadagi fojialar

21 avgust kuni sovet harbiylari Chexoslovakiya hududiga, so‘ng poytaxt Pragaga kirar ekan, avvaliga odamlar nima bo‘layotganini bilishmaydi. Dubchek va uning hammaslaklari Moskvaga olib ketilgach, bu haqda yashirincha faoliyat ko‘rsatadigan radio mamlakat bo‘ylab xabar tarqatadi.

Shuningdek, Praga va boshqa shaharlarda bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatishga chaqirilgan varaqalar tarqatila boshlanadi. Bu paytda sovet tanklari Praga shahri ko‘chalarida yurgandi. Shahar aholisi sovet armiyasi qarshisiga chiqa boshlaydi.

Foto: society6.com

Shundan so‘ng Chexoslovakiya bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketadi. Aksariyat odamlar SSSRga qarshi yozuvlar yozilgan plakatlar ko‘tarib olishgandi. Poytaxt Praga ko‘chalari odamlarga to‘lib ketadi. Namoyishchilar tanklar o‘ta olmasligi uchun ko‘chalarga barrikadalar o‘rnatishadi.

Vaziyat jiddiylashgach, namoyishga chiqqan odamlar qurol sifatida Molotov kokteyli tayyorlay boshlashadi. O‘rtada to‘qnashuvlar boshlanadi va namoyishchilar sovet tanklariga qarata Molotov kokteyllarini ota boshladi. Sovet harbiylari esa ularga qarshi qurol qo‘llashadi.

To‘qnashuvlar davomida sovet harbiylari hech kimga rahm-shafqat qilmaydi. O‘shanda tinch aholidan 150 nafarga yaqin odam halok bo‘ladi. Minglab insonlar yaralanadi. Praga ko‘chalari namoyishchilar qoniga belanadi. Sovet harbiylaridan esa 11 kishi halok bo‘ladi, yuzga yaqini jarohatlanadi.

Foto: lori.ru

22 avgust kuni namoyishlar sustroq bo‘ladi va kechga borib tarqaydi. Odamlar sovet tanklariga qarshi birgina Molotov kokteyllari va musht bilan qarshi chiqib bo‘lmasligini tushunib yetadi.

Garchi sovet harbiylari butun Chexoslovakiyani bosib olib, namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llagan bo‘lsa ham, mamlakat armiyasi bu hodisalarni jim kuzatadi. Armiya bosh qo‘mondonligi tomonidan harbiylarga shunday topshiriq berilgandi.

Chexoslovakiya bosqiniga qarshi Moskvadagi namoyish

O‘shanda SSSR OAV sovet harbiylarining Chexoslovakiyaga bostirib kirganini «Sovet harbiylari sotsialistik tuzumni himoya qilish uchun o‘tkazilgan harbiy operatsiyalarda o‘zining internatsional burchini bajardi» deb talqin qilishadi. Harholda KGB va Mudofaa vazirligi barchaga shunday deb uqtirgandi. Ammo sovet fuqarolarining aksariyati xorijiy radiolar orqali Chexoslovakiyada aslida nimalar bo‘layotganini, u yerda tinch aholi halok bo‘lganini bilib turardi.

1968 yil 25 avgust kuni, Praga qonga botirilgandan uch kun o‘tib bir guruh sovet fuqarolari Qizil maydonga Chexoslovakiyaning bosib olinishiga qarshi namoyishlarga chiqadi. Militsiya bo‘linmalari ularni darhol qamoqqa oladi.

Foto: aftershock.news

O‘shanda Moskvadan tashqari aksariyat ittifoqdosh respublikalar poytaxtida odamlar SSSRning Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritganiga qarshi namoyishlarga chiqishadi. Ularning barchasi ishdan haydaladi va ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Keyinchalik sovet kinoaktyori va rejissyori Andrey Konchalovskiy o‘sha kunlarni shunday eslagandi:

«Chexoslovakiya kompartiyasi rahbari Aleksandr Dubchekning 1968 yilda birinchilardan bo‘lib mamlakatda liberal islohotlar o‘tkazishga bo‘lgan urinishi – «Praga bahori» fojiali yakun topdi. U Chexoslovakiyada davlat va partiyaning barcha tuzilmalarini isloh qilish bo‘yicha faol jarayonni boshlagandi. Dubchekning iqtisodiyotni markazlashtirishni bekor qilish loyihasi «insoniylikka ega sotsializm» deb nomlanardi.

Biz o‘shanda KPSS markaziy qo‘mitasida ishlayotgan va amalidan ayrilishdan qo‘rqqan do‘stlarimizdan farqli ravishda Pragada sodir bo‘layotgan voqealarni taajjub bilan kuzatganmiz. Sovet stalinparastlari Chexoslovakiya sovetlarga qarshi borayotganidan foydalanib, bu mamlakatga tanklarni kiritishdi. Shu bilan SSSRdagi barcha islohotlarga chek qo‘yildi va totalitar tuzumga qarshi bo‘lgan sovet fuqarolariga bunday ishlar Chexoslovakiyada bo‘lgani kabi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Do‘stim Nikolay Shishlinni aeroportda qanday kutib olganimni yaxshi eslayman. U SSSR va Chexoslovakiya kommunistik partiyalari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashib kelayotgandi.  U ro‘paramga g‘amgin yuz bilan chiqdi va «hammasi tugadi», dedi. «Biz o‘n yil davomida stalinparastlarning xandaqlari tomon jimgina o‘rmalab bordik. Bu ahmoq esa hammamizga xiyonat qilib o‘rnidan turib yugurdi. Bundan buyog‘iga tengdoshlarimiz hech qanday ishlarni amalga oshira olmaydi – islohotlarni yigirma yil davomida unutish kerak».

Shu tariqa Chexoslovakiyada sotsialistik tuzumni isloh qilish uchun boshlangan urinish qurol kuchi bilan to‘xtatiladi. Oradan 21 yil o‘tib, 1989 yilda Chexoslovakiya aholisi sotsialistik tuzumga qarshi yana namoyishlarga chiqadi. Bu safar sovet ittifoqi ham o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib turgani uchun Chexoslovakiyadagi ishlarga aralashmaydi. Qolaversa, SSSR rahbari Gorbachyovning o‘zi ham SSSRda kommunistik partiya gegemonligiga chek qo‘yib, ko‘ppartiyaviylikka ruxsat bergan edi.

Keyinchalik Chexoslovakiya ikkiga ajraldi. Chexiya va Slovakiya alohida mustaqil davlatlar bo‘ldi. Bugun har ikki davlatda 21 avgust kuni «Varshava shartnomasi tashkiloti harbiylarining Chexoslovakiyaga bostirib kirishi oqibatida halok bo‘lganlarni eslash kuni» sifatida belgilab qo‘yilgan. Chexiya va Slovakiyada Praga voqealarida halok bo‘lganlar sharafiga yodgorliklar o‘rnatilgan.

Shuningdek, Chexiyada 1968 yilda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib sovet qo‘shinlari qarshisiga chiqqan insonlarga «harbiy harakatlar ishtirokchi faxriysi» maqomi berilgan.

Dubchekning keyingi taqdiri

Praga fojyeasidan bir yil o‘tib, 1969 yilda Dubchek egallab turgan lavozimidan bo‘shatiladi va Turkiyaga elchi qilib jo‘natiladi. Uning o‘rniga Gustav Gusak Chexoslovakiya kompartiyasi birinchi kotibi etib tayinlanadi.

1970 yilda Dubchekni sotsialistik tuzumga qarshilik ko‘rsatishda ayblashadi va kompartiya safidan o‘chirishadi. Uning deputatligi bekor qilinib, uy qamog‘iga tiqib qo‘yishadi. Keyinchalik u ozod qilinadi va Slovakiyaga jo‘natib yuboriladi. Shundan so‘ng Dubchek uzoq yillar Slovakiya o‘rmon xo‘jaligida turli vazifalarda ishlaydi.

1989 yilda Chexoslovakiyada kommunistik tuzumga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlanganda Dubchek uning aktiv qatnashchilaridan biri bo‘ladi. Chexoslovakiya bo‘linib ketgandan so‘ng 1992 yilda avtohalokatga uchrab, vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: