Chempion shaxmatchilarga “O‘zbekiston iftixori” unvoni va avtomobillar beriladi

Sport 21:40 / 10.08.2022 49783

Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon 44-shaxmat olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Prezident farmoni bilan, musobaqada chempion bo‘lgan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni berildi:

  • Abdusattorov Nodirbek Fazliddin o‘g‘li
  • Vohidov Jahongir Toirovich
  • Vohidov Shamsiddin Po‘lat o‘g‘li
  • Sindorov Javohir Sanjarbekovich
  • Yaqubboyev Nodirbek Murodbek o‘g‘li

Terma jamoa murabbiylari Yegin Vladimir Nikolayevich va Ivan Sokolov O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Musobaqada 162 jamoa orasida 31-o‘rinni egallagan O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi:

  • Bobomurodova Maftuna Panjiyevna
  • Malikova Marjona Abdimajid qizi
  • Omonova Umida Shuhrat qizi
  • Hamdamova Afruza Akbarovna
  • Yoqubboyeva Nilufar Murodbek qizi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar bilan kechgan muloqotida chempion shaxmatchilarga davlat mukofotlari bilan birga mashinalar ham berilishini aytdi.

“Chempionlarimizga yana qanaqa sovg‘a berishni uzoq o‘yladim. Mana, bokschilarimizga shunday katta pul mukofoti, mashinalar berdik, shaxmatchilarimizga ham bermasak, adolatdan bo‘lmaydi. Shu sababli ularga mashina ham sovg‘a qiladigan bo‘ldik. Yosh-yosh yigitlarimiz uyiga mashina haydab borsa, tasavvur qilinglar, bu yoshlarimizga qanday katta motivatsiya bo‘ladi”, – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda uchrashuvda qatnashgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Hozircha mashina rusumi ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, 5 avgustdagi prezident qaroriga binoan, Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarga 600 mln so‘m, ularning murabbiysiga esa 300 mln so‘m bir martalik pul mukofoti beriladi.

Chennaydagi g‘alaba – O‘zbekiston tarixida erishilgan shaxmat olimpiadasining ilk chempionligidir. O‘zbekistonliklar musobaqa davomida birorta turda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi.

Shu bilan birga, Jahongir Vohidov 4-taxtada o‘ynagan shaxmatchilar orasida oltin, Nodirbek Abdusattorov 1-taxtada kumush, Nodirbek Yoqubboyev 2-taxtada bronza medali sohibi bo‘ldi.

Yigitlar chempionlikka erishgan kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ular bilan telefon orqali muloqot qilib, tabrikladi.

Ko‘proq yangiliklar: