Nuriddin Xoliqnazarov ilm olish yo‘lidan ketayotgan yaxshi niyatdagi yoshlarning barchasi savob olishi haqida gapirdi.
“Ilm haqidagi barcha hadislar va oyatlarni ko‘pchilik faqat diniy ilmga taalluqli, bundan boshqasiga savob bo‘lmaydi desa, juda katta xato fikr bildiradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarida diniy ilm haqida gapirilsa, alohida ta’kidlanadi. Ammo umumiy ma’noda ilm olish, talabalarga beriladigan savob haqida so‘z ketsa, bu har ilmni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun abituriyentlarimiz imtihon arafasida turar ekan, ular Allohning bir buyrug‘ini, ya’ni ilm olish buyrug‘ini bajarishga kirishyaptilar.
Ilm foydali va foydasiz bo‘ladi. Shunday ilmlar borki, insonga manfaat keltirmaydi. Ammo dunyo-yu oxiratda insonlarning saodati uchun xizmat qiladigan ilm olish savob bo‘ladi”.
O‘zMI raisi yaqinlashib kelayotgan imtihonlarda his-hayajonni qanday yengish mumkinligi haqida to‘xtaldi.
“Albatta, hayajon bo‘ladi, agar hayajon bo‘lmaydi desak, bu inson xilqatiga to‘g‘ri kelmay qolishi mumkin. Shuncha yil xizmat qilgan bo‘lsak-da, o‘zimiz ham har juma ayyomida masjidlarda minbarga chiqqanimizda hayajonlanamiz. Chunki bu ham bir imtihon-da.
Biz talabalarimizga hayajonni yengib o‘tishni, bosa bilishni o‘rgatishimiz kerak. Aytadigan bir tavsiyamiz, bir maslahatimiz bor, ya’ni imtihondan bir kun oldin tayyorlanishni to‘xtatish kerak. Hamma narsani to‘xtatib, o‘zini qo‘lga olib, “bu dunyoviy bir imtihon, agar o‘tolmay qolsam, qiyomatmaski hamma narsa tugasa”, – deyish kerak.
Alloh qiyomatdagi imtihonimizni yengil qilsin. Eng katta imtihonimiz – qiyomatdagisidir. Mana bu imtihon juda og‘ir kechadi, unda qayta topshirish yo‘q.
Lekin dunyoviy imtihonlarda bu safar bo‘lmasa, keyingilariga imkoniyat bor”.
Muftiy imtihonlar oldidan duo qilib ijobiy natija so‘rash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
“Barcha abituriyentlarimiz bir narsani bilishi kerak, ko‘pchilik duoni sehr so‘zi bilan almashtirib qo‘yadi. Duo o‘qildimi, bo‘ldi imtihondan o‘tdim deb hisoblash kerak emas. Hamma narsa Alloh taoloning inoyati bilan bo‘ladi. Siz shunchaki imtihonga yaxshilab tayyorlaning va duoni qilib, Allohga tavakkal qiling.
Hozir mana ijtimoiy tarmoqlarda arab tilidagi turli xil duolar tarqalmoqda. Mana shu duolarni yoshlarimiz yozib olib, bilib-bilmagan holda uning talaffuzlarida qiynalib, xato o‘qib qo‘yishyapti. Aziz bolajonlarimiz, qizlarimiz – barcha abituriyentlarimizga shu narsani aytamanki, Alloh dunyoda necha xil til bo‘lsa, ularning hammasini o‘zi yaratgan, ularning hammasini o‘zi tushunadi.
Duo degani Allohga munojot qilmoqlik demak, namozdan keyin yoki sajdadan keyin chin qalbdan qiblaga yuzlanib, “Robbim, o‘zing oson qilgin, menga qiyin qilmagan, zehnimni o‘tkir qilgin, olgan ilmimni o‘zimga keltirgin, savol-javoblarda menga oson bo‘lishni nasib qilgin”, – deb o‘zbek tilida duo qiling, inshaalloh, yetib boradi.
Shu o‘rinda yana bir narsani qayd etmoqchiman, biz abituriyentlarning hayajoni haqida gapiryapmiz, lekin eng katta hayajon ota-onada bo‘ladi. Shuning uchun ota-onalarga murojaat qilmoqchiman, farzandlarini alohida duo qilsinlar, chunki ularning duosi mustajob”.
Nuriddin Xoliqnazarov imtihonlardan oldin “Bismilloh”ni aytib, Allohga tavakkal qilib kirish lozimligi, hayajonni bosib olish uchun biroz nafas rostlab, kelajakka qo‘yilgan ezgu maqsadlar haqida o‘ylash kerakligini ta’kidladi.