Hokim mahalliy Kengash raisi bo‘lmasa nima o‘zgaradi?

O‘zbekiston 16:09 / 04.08.2022 7806

Amaldagi Konstitutsiyamizning muqaddima qismida “huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab” konstitutsiya qabul qilinganligi keltirib o‘tilgan bo‘lsa, 2022 yil 25 iyunda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan konseptual norma taklif qilinmoqda. E’tiborimni tortgan jihatlardan biri, loyihada “huquqiy davlat” g‘oyasining mazmuni boshqa normalarda yanada rivojlantirilgan. Xususan, eng muhim masalalardan biri “hokimiyatlar vakolatlari bo‘linishi prinsipi”ning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi va uning amal qilinishini olaylik.

Konstitutsiyaning 11-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”. Amalda qanday? Konstitutsiyamizda ushbu qoidadan kelib chiqib, Markaziy davlat organlari kesimida (qonun chiqaruvchi – Oliy Majlis, ijro etuvchi – Vazirlar Mahkamasi, sud tizimi – Oliy sud) hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mexanizmi mustahkamlangan.

Mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirish yoki boshqacha aytganda ijro va vakillik organi rahbarligini alohida mustaqil shaxslarga topshirish masalasi uzoq yillardan buyon ilmiy hamjamiyatning ham, keng jamoatchilikning ham muhokama mavzusi bo‘lib keldi. Aniqroq qilib aytganda, Konstitutsiya qabul qilingandan buyon ushbu masala aktual bo‘lib kelmoqda.

2017 yildan boshlab ushbu masalaga, jiddiy yondashgan holda, bosqichma-bosqich turli o‘zgartishlar amalga oshirib kelindi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak:

Birinchidan, 2017 yilgacha shaharga bo‘ysunuvchi tumanlarda kengashlar mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, 2017 yil 29 avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Toshkent shahri tumanlarida ham Kengashlar ish boshladi. Ilk marotaba 2017 yilda Toshkent shahar tuman Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Ikkinchidan, “Kengash nazorati” instituti kuchaytirildi. 2017 yil 14 sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuniga asosan, ijro organlari rahbarlari, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, adliya, ichki ishlar organlari rahbarlari va prokurorning belgilangan muddatlarda Kengashlar oldida hisobot va axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Uchinchidan, “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-636-son, 14.09.2020 y.) bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazildi.

Ammo yuqorida sanab o‘tilgan amaliy va huquqiy o‘zgarishlarga qaramasdan, eng asosiy muammo, ya’ni hokimning bir paytning o‘zida ham ijro organi, ham Kengash raisi lavozimini egallashi, huquqiy jihatdan hal qilinmasdan kelinayotgan edi. Bu esa “hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi”ga zid bo‘lish bilan birga, mahalliy darajada hokimiyatlarning bir-birini tiyib turish mexanizmining buzilishiga ham sabab bo‘lib kelmoqda. Oddiy misol bilan aytganda, qanday qilib hokim o‘zi raislik qilayotgan Kengashda “o‘zi-o‘ziga” hisobot beradi va “o‘zi-o‘ziga” baho beradi. Bu holatni “bitta kinoda ikkita rolni ijro etayotgan aktyor”ga o‘xshatish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev joriy yil 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “ ... hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti keldi, deb hisoblayman” deya ta’kidlab, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi jiddiy o‘zgarishlarni konstitutsiyaga kiritish taklifini berdi.

Ushbu taklif va Konstitutsiyaning 99-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish fuqarolarimiz va keng jamoatchilik tomonidan ijobiy kutib olinmoqda. Xo‘sh, ushbu o‘zgartirishlar natijasida nima o‘zgaradi?

 birinchidan, tom ma’noda mahalliy darajada demokratiyaning muhim talabi bo‘lmish hokimiyatlar bo‘linish prinsipining amaldagi ijrosi ta’minlanadi;

ikkinchidan, joylarda ijro (hokim) va vakillik (Kengash) organlari o‘rtasida, “bir-birini tiyib turish” mexanizmi ishlaydi. Bu esa hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi;

uchinchidan, Mahalliy kengash deputatlari o‘z saylovchilarini qiynab turgan muammolar yuzasidan, ijro organiga “istihola” qilmasdan so‘rov bilan murojaat qilish imkoniyati kengayadi;

to‘rtinchidan, saylovchilarning Kengashlar va deputatlarga nisbatan ishonchi ortadi;

beshinchidan, xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, hokimlarning mahalliy kengashlarga raislik qilish amaliyoti tugatilishi xalqimiz va ularning vakillari – deputatlarning hududni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakat va tashabbuslarini birlashtirishga katta imkoniyat yaratib beradi.

Ixtiyor Bekov
TDYuU professori, ekspert
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: