“Abituriyentlarga huquq fanidan tushgan savollar ishchi guruh tuzib o‘rganib chiqiladi” - TDYuU rektori

O‘zbekiston 14:02 / 25.07.2024 9842

Huquqshunoslik fanidan imtihonlarda abituriyentlardan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning sanksiyalar qismi so‘ralgani va bu imtihon o‘tkazish qoidalariga zid ekani jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘lgan edi. Kun.uz holatga munosabat bildirishini so‘rab adliya va huquq sohalarida faoliyat olib borayotgan mas’ullar bilan bog‘landi.

Mas’ullarga davlat imtihonlari testlarida abituriyentlardan qaysidir qilmish uchun JK va MJtKda qanaqa jazo belgilangani, ya’ni sanksiyalar so‘ralgani aytilayotgani va maktabni bitirgan o‘quvchidan buni so‘rash qanchalik to‘g‘ri, degan savol bilan murojaat qilindi.

Toshkent davlat yuridik universitet rektori Islombek Rustambekov bu masalalar bo‘yicha hozirda TDYuU va Adliya vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzilib o‘rganish tashkil etilayotganini ma’lum qildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan tegishli ma’lumotlar olinib o‘rganiladi hamda qonuniy xulosa qilinadi. Aniq baho berish uchun nizom talablarini ko‘rib chiqish, test savollari hamda maktablarda o‘qitiladigan dasturlar, ulardagi adabiyotlar va mavzularni tahlil qilib xulosa qilish kerak bo‘ladi”, – dedi u.

JK va MJtKda qanaqa jazo belgilangani, ya’ni sanksiyalarni to‘liq esda saqlashning imkoni bor deb hisoblaysizmi, degan savolga rektor shunday javob berdi.

Ayrim muhim moddalarni eslab qolish tabiiy, lekin to‘liq bilib bo‘lmaydi, bilishga zarurat ham yo‘q”, – dedi u.

Sudyalar oliy maktabi matbuot xizmati vakili esa ularda Bilimlarni baholash agentligi faoliyatiga baho berish huquqi yo‘qligini ma’lum qildi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati yuqoridagi masalaga Oliy ta’lim vazirligi mas’ul ekanini aytish bilan cheklangan bo‘lsa, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Kun.uz savolini ochiq qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, davlat imtihonlariga kirib test yechib chiqqan abituriyentlar ularga darslikka kiritilmagan savollar tushganidan shikoyat qilishgan edi. Shuningdek, abituriyentlardan JK va MJtKlarining sanksiyalar qismidan ham ma’lumotlar so‘ralgani aytilgan. Bu esa Bilimlarni baholash agentligi tavsiya qilgan adabiyotlar ro‘yxatida uchramaydi. Shundan keyin agentlik rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda savol tuzishda qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi – lex.uz saytiga murojaat qilinadi deyilgan. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev agentlik shu jumlani noto‘g‘ri talqin qilyapti degan fikrda ekanini aytib, bayonotni yolg‘on deb atagandi.

Ko‘proq yangiliklar: