3 yoshida otga mingan Sunnatilla - “Manzil”

O‘zbekiston 18:00 / 28.07.2022 16259

Sunnatilla Yo‘ldoshev 2009 yilda Toshkent viloyatining Ohangaron tumani Ertosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi Chotqol tog‘ tizmalarida chorvachilik bilan shug‘ullangani bois bolakayning hayoti ham qo‘y-qo‘zilar, sigir-buzoqlar, eng asosiysi otlar bilan bog‘langan. 3 yoshidan tog‘ga chorva boqqani chiqishni boshlagan Sunnatilla otga minishni ham shu yoshida boshlagan.

Onasi Shahnoza Otabekova o‘g‘lining ilk ot minganini ko‘rganda juda qo‘rqib ketganini eslaydi. Chunki 3 yoshli bolasining bir o‘zini asov otning ustida birorta ona tasavvur qila olmasa kerak. Onasining aytishicha, shu-shu otasi ham, yaqinlari ham Sunnatilla ot minishiga va chorvani eplay olishiga ishonch bildirishgan.

Sunnatilla otlarni va chorvani shu qadar yaxshi ko‘radiki, may boshlanib maktablar tugashi arafasida tog‘ga chiqib ketaylik deb, ota-onasini holi-joniga qo‘ymaydi. Ular yashab turgan chodirga birorta mehmon ot bilan kelib qolsa, o‘sha otni bir marta minmasdan qo‘yib yubormaydi. U qishda, qor qalin bo‘lsa, asov otlarni ham mina olishiga ishonadi.

U tog‘larsiz, toza havo va jonivorlarsiz yashay olmasligini ko‘zidan anglash qiyin emas.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Ko‘proq yangiliklar: