4 sentdan 41 dollargacha – dunyodagi eng arzon va eng qimmat 1 Gb mobil internet

Fan-texnika 17:07 / 23.07.2022 47048

Cable.co.uk nashri dunyo mamlakatlaridagi mobil internet narxlari bo‘yicha navbatdagi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 233 ta mamlakat ichida 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha eng arzon narx Isroilda taqdim qilinmoqda – 1 Gb uchun 4 sent (taqriban 436 so‘mdan).

Keyingi o‘rinlarda Italiya, San-Marino, Fiji orollari va Hindiston turibdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davlatlar hududi 90 foizdan 100 foizgacha 5G tarmog‘i bilan qoplangan.

Qiziq tarafi, Qirg‘iziston ushbu reytingda 6-o‘rinni egallagan. Qo‘shnilarimizda 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha narx 17 sentni tashkil qilmoqda.

Chapda – 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha eng qimmat narx belgilangan davlatlar. O‘ngda – 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha eng arzon narx.
Foto: Cable.co.uk

Bu yil O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni 4 pog‘onaga – 19-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarilgan. Nashr, 2022 yil 19 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha narxni 37 sentga (taqriban 4 ming 38 so‘mga) baholagan. O‘zbekistonda ushbu trafik uchun eng arzon taklif 13 sentdan bo‘lsa, eng qimmati 2,73 dollargacha baholanmoqda.

Foto: Cable.co.uk

Qo‘shni Qozog‘iston ham 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha 37 sentlik narx bilan ro‘yxatning 16-pog‘onasini band etgan.

1 Gb internet trafik o‘rtacha narxi eng qimmat bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini Muqaddas Helena (41,6 dollar), Folklend orollari (38,45 dollar), San Tome va Prinsipi Demokratik Respublikasi (29,49 dollar), Tokelau (17,88 dollar) va Yaman (16,58 dollar) boshqarib turibdi.

Turkmaniston esa 1 Gb internet trafik uchun o‘rtacha narxlar qimmatligi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni band etmoqda. Bu davlatda mazkur hajmdagi trafik uchun o‘rtacha narx 2022 yil 16 may holatiga 14,27 dollarga baholangan.

Foto: Cable.co.uk

Cable.co.uk saytidagi interaktiv xarita orqali barcha davlatlardagi 1 Gb internet trafik uchun eng arzon, o‘rtacha va eng yuqori narxlarni ko‘rish mumkin.

Reytingga Shimoliy Koreya, Vatikan, Eritreya, Marshall orollari, Kongo kabi bir nechta davlat kiritilmagan. Chunki ularning ba’zilarida faqatgina 2G tarmog‘i (qo‘ng‘iroq va SMS) ishlasa, ba’zilari bo‘yicha ma’lumot olishning iloji bo‘lmagan.

Ko‘proq yangiliklar: