Elektr energetikasi sohasi regulyatori tashkil etiladi

Iqtisodiyot 19:57 / 22.07.2022 11200

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 22 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida energetika sohasida qilinishi rejalashtirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Energetika va tabiiy gaz sohasida qilinayotgan ishlar haqida qisqacha axborot berib o‘tmoqchiman. Bu boradagi ishlar to‘xtayotgani yo‘q. Birinchidan, “O‘ztransgaz” AJning gaz sotib olish va sotish funksiyalarini yangi tuzilgan “UzGasTrade”tashkilotiga o‘tkazdik. Bu yerda kimlardadir bir cho‘ntak o‘rniga ikkinchi cho‘ntak paydo bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo bunday bo‘lmaydi. 2026 yoki 2027 yilga borib gaz sohasida ulgurji bozorga o‘tamiz.

“O‘ztransgaz”ni gaz sotib olish va sotish funksiyalaridan ozod qilish uning moliyaviy ahvolini barqarorlashtirishi kerak. Bu esa infrastrukturani yaxshilashga imkon beradi.

Elektr energetika sohasida ham xuddi shunga o‘xshash ishni qilmoqchimiz. “Milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini sotib olish va sotish funksiyasidan ozod qilinishi rejalashtirilmoqda. Gaz sohasida bo‘lgani kabi maxsus “Power Trade”(nomi hali rasman tasdiqlanmagan) nomli tashkilot tashkil qilinadi. Bu esa “Milliy elektr tarmoqlari” AJni qo‘shimcha funksiyalardan ozod etadi.

Elektr energetika sohasida regulyator tuzilib, energetika bozori ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash va amaldagi qonunchilikka rioya etilishi nazorat qilinadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Markaziy bank tijorat banklari faoliyatini qanday nazorat qilsa, ushbu regulyator ham bozordagi barcha ishtirokchilarning faoliyatini tartibga solib turadi”, dedi Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda 14 ta tuman va shaharda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga muqobil tarzda, iste’molchilarga elektr energiyasini sotadigan xususiy chakana elektr savdo kompaniyalari tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Kun.uz energetika sohasida 2022 yilga mo‘ljallangan rejalar tafsilotini yoritgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: