MB: Iyun oyida yillik inflatsiya 12,2 foizni tashkil etdi

Iqtisodiyot 16:03 / 21.07.2022 8208

Iyun oyida yillik inflatsiya 12,2 foizni tashkil etdi, bu asosan global inflatsiya jarayonlari, ta’minot va logistikadagi uzilishlar, don sotish narxlarining liberallashuvi sharoitida import inflatsiyasi hisobiga yuzaga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki sharhida aytiladi.

«Agar yillik inflatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari 16,5 foizga o‘sgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8 foizga qimmatlashgan. Bu, o‘z navbatida, asosiy inflatsiyani kamaytirish uchun oziq-ovqat narxlarini barqarorlashtirishga e’tibor qaratishni talab qiladi», deyiladi xabarda. 

Iyun oyidagi so‘rovlarga ko‘ra, aholining keyingi 12 oylik inflyatsion kutilmalari pasayish tendensiyasini ko‘rsatib, 16,4 foizgacha tushgan (may oyidagi 17,6 foizga nisbatan). Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari ham 15,7 foizgacha kamaydi (may oyida 17,3 foiz).

«Iste’mol narxlari o‘zgarishi bo‘yicha haftalik kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, narxlarning haftalik o‘sish sur’ati may oyining oxiri va iyun boshlarida eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi va iyul oyining birinchi ikki haftasida barqarorlashdi», — deya xulosa qiladi Markaziy bank. 

Ko‘proq yangiliklar: