21 iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani bir bandga pasaytirib, 15 foiz etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Nurmurodov pul o‘tkazmalarining keskin oshgani va bunga rubl bosimining ta’siri hamda regulyator qanday choralar ko‘rishi kutilayotgani haqidagi savolga javob berdi.
Regulyator rahbari pul o‘tkazmalari oshganining bir nechta sababini sanadi.
“Birinchidan, aprel oyidan boshlab xalqaro maydonda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Yilning birinchi yarmida pul o‘tkazmalari o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobarga o‘sdi. Hamma davlatlardan kelib tushadigan pul hajmlarida o‘sish kuzatyapmiz. O‘sishning asosiy qismini Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari tashkil qiladi.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, 199 million dollari Rossiya rublida kelib tushgan. Ba’zan o‘qib qolaman: Rossiyadan rubl kelib, O‘zbekistondan dollar chiqib ketyapti degan fikrlar bor, lekin bu atigi 3 foizni tashkil qiladi.
Sizga qiziq tomoni, 199 million dollar ekvivalentidagi rublning 87 foizi so‘m tariqasida olingan. Bizda beshta bankimiz Rossiya banklari bilan P2P orqali pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ygan, bu o‘sha yo‘nalishlar orqali kelgan pullar bevosita aholiga so‘m tarzida berilayotganini ko‘rsatdi.
Ikkinchidan, keyingi e’tibor berilishi kerak bo‘ladigan narsa shuki, o‘sha kelayotgan valutaning ichki bozorda qay shaklda harakatlanayotgani ham juda muhim. 6,5 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kelgan, qariyb 5,6 million dollarlik qismi ichki bozorda sotildi. Bu pul o‘tkazmalarining o‘sishi biz oldingi pul o‘tkazmalarida inobatga olmagan kanallarning rasmiy kanalga o‘tganidan qisman dalolat beradi.
Haqiqatan shu paytgacha bu borada hech qanaqa ma’lumot chiqarmagandik, chunki buni chuqur tahlil qilib mohiyati, sabablarini o‘rganishga harakat qildik. Pul o‘tkazmalarining keskin oshishiga sabab bo‘lgan holatlardan birinchisi bu – Rossiyada naqd va naqdsiz valuta kursi o‘rtasida 30 foizgacha farq paydo bo‘ldi.
Ikkinchisi, naqd valutani banklardan sotib olish va topishda ham muammolar yuzaga keldi. Chunki banklar tushgan valuta miqdorida sotish vakolatiga ega bo‘ldi. Bir narsani sezdikki, bu cheklash Rossiyada mehnat qilayotgan hamyurtlarimizni kim kelayotgan bo‘lsa o‘sha orqali naqd pulni berib yuborish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. Endi bu o‘tkazmalar rasmiy kanallar orqali kelishni boshladi.
Uchinchidan, tahlil qilganimizda shu narsaning guvohi bo‘ldikki, agar biz chetda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz 500 dollargacha bo‘lgan pul o‘tkazmalari yuboradi degan xulosaga qaraydigan bo‘lsak, pul o‘tkazmalarining miqdoriy tarkibini tahlil qilganimizda guvohi bo‘ldikki, 2022 yilning birinchi yarmida 500 dollargacha bo‘lgan o‘tkazmalar hajmi 2 barobargacha oshgan. O‘tkazmalar yuboruvchilar soni esa 50 foizgacha oshgan.
Oldingi tahlillarda buni uncha ko‘p baholamas edik. O‘z-o‘zidan pulni berib yuborishning juda katta o‘rni bor ekan, bu bizda hech qanday shubhali holat kuzatilmayotganini ko‘rsatadi.
To‘rtinchidan, Rossiyaga eksport bilan shug‘ullanadigan kichik va o‘rta biznes vakillari – 5000 dollargacha kontrakt tuzmasdan eksport qiladiganlar miqdori ham sezilarli miqdorda bo‘lgan ekan. Qaysi ma’noda: xufiyona iqtisodiyot vakillari ham eksport bilan shug‘ullangan, ular ham eksport tushumini naqd valuta ko‘rinishida olib kelishgan.
Undan tashqari, kichik eksportyorlarimizni tasavvur qiling. Ularning mahsulotini sotib olayotgan xaridoriga xizmat ko‘rsatuvchi bank sanksiyaga tushganmi yoki yo‘qligini bilmaydi. U sub’yektning o‘zi sanksiyadorlar bilan aloqasi bormi-yo‘qligini bilmaydi, shuning uchun naqd pulda eksport qilish hajmi ko‘paydi. Bu eksportga tushgan mablag‘larning pul o‘tkazmalari orqali yuborilishiga turtki bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, sizlar ko‘p tanqid qildingiz; mart oyida pul o‘tkazmalarini olib kelishda rublga bemalol yo‘l ochib beramiz degandik, xuddi shu yo‘nalishda ishladik. O‘shanda biz rublga ruxsat berganimizda shu narsa bilan kelishdikki, rubl bizga kirmaydi. Ya’ni rubl to‘lov tashkiloti orqali avtomatik ravishda dollarga Rossiya birjasida konvertatsiya qilinib, bizga dollarda depozitga qo‘yilib, dollarda yuboriladi. Men jami pul o‘tkazmalarida Rossiya rublining ulushi 3,1 foiz deganim faqat P2P orqali kelyapti, qolgan pul o‘tkazmalarimiz – dollar va boshqa erkin almashadigan valutalardir.
Beshinchidan, eksportchilarga yuborilishi mumkin 1000 dollardan yuqoridagi chegarani tahlil qildik, bunda ular aprel oyida 1,6 martaga, hajmi 2,5 barobarga ko‘paygan. Iyun oyiga kelib esa hajmi 3 barobarga ko‘paygan. O‘sha paytda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti keskin ko‘paydi.
Biz eksport salohiyati yuqori bo‘lgan viloyatlarga pul o‘tkazmalari hajmning o‘zgarishini tahlil qildik. Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent shaharlariga pul o‘tkazmalari keskin ko‘paygan. Bu xulosalarimiz to‘g‘ri ekanini tasdiqladi.
Oltinchidan, Rossiya fuqarolari pulni olib kelib almashtiryapti degan xavotirlar bo‘ldi. Bizda har chorakda 15-20 foizgacha norezidentlar hisob raqamlarida o‘sish kuzatiladi. 2-chorakda norezidentlar hisob raqamlarining o‘sishi 47 mingtani tashkil etdi. Asosiy qismi Rossiya, Ukraina, Belarusdan bizga ko‘chib kelgan fuqarolarga to‘g‘ri kelyapti, Rossiya fuqarolarining ulushi yuqori – 1-chorakda ularning 115 million dollar miqdorida mablag‘lari mavjud.
Norezidentlarga ochilgan plastik kartalar jami 97 mingtani tashkil qildi, undan 90 mingtasi xorijiy valutada. Ikkinchi chorakdan keyin o‘zgarish 15 mingtani tashkil qiladi.
Yettinchidan, ayrim qo‘shni davlatlarda valutaga cheklovlar chegara oldi hududlaridagi fuqarolarning pul o‘tkazmalarini O‘zbekiston orqali amalga oshirishga undadi. May-iyun oylarida kirib kelgan fuqarolar 2-2,5 barobarga ko‘paygan. Jamini hisoblaydigan bo‘lsak, 119 mingtani tashkil qiladi”, – dedi Nurmurodov.
MB rahbari pul o‘tkazmalarining oshishiga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmasligini ma’lum qildi.
“Bu yerda ham biz xatar ko‘rmayapmiz. Pul o‘tkazmalarini cheklash bilan hech narsa yutmaymiz. Agar biz pul o‘tkazmalariga filtr va boshqa cheklovlar o‘rnatsak, bu valuta siyosatidagi ortga tashlagan qadamimiz bo‘ladi. Holatlardan kelib chiqqan holda bunaqa qaror qilmaslikka azm qildik”, – dedi O‘zbekiston Markaziy banki raisi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 6,5 mlrd dollarga teng bo‘lgan; bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Iyun oyidagi o‘sish 3 barobardan ortiqni tashkil etgan.