Urgutdagi to‘yxonada odamlar ommaviy zaharlangani aytilmoqda

Jamiyat 16:03 / 20.07.2022 11539

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi mahallalardan biridagi to‘yxonada ommaviy zaharlanish va yuqori harorat tashxisi bilan odamlar shifokorga murojaat qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

2022 yil 19 iyul kuni kech soat 22:00 lar atrofida Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ikki nafar bemor oziq-ovqatdan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan olib kelingan.

Bemorlar bilan suhbatda ular to‘yda turli salatlar yeganini ma’lum qilishgan. Shifokorlar tomonidan kelgan bemorlarga kerakli muolajalar o‘tkazilgan.

Shundan so‘ng tuman sanitariya va osoyishtalik markazi xodimlari hamda uchastka tibbiyot xodimlari tomonidan G‘ishtmachit mahallasidagi bemorlarning yashash hududidagi kasallikda gumonlanganlar ham tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuzatuvga olib kelingan.

«Gumondorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, qoniqarli ahvoldaligi sababli uyiga javob berilgan. Hozirgi vaqtda shifoxonada ikki nafar bemor kuzatuvda. Ularning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda.

Urgut tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, COVID-19 bilan kasallangan bemorlar uchun qo‘shimcha 10 ta o‘rin tashkil etilgan. Ayni paytda yuqumli kasalliklar bo‘limida 85 nafar bemor davolanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda  200 nafarga yaqin odamlar Urgut tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotganligi haqidagi tarqalgan xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qilamiz», deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq, Jomboydagi restoranda o‘tkazilgan to‘yda odamlar ommaviy zaharlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: