“Meni cho‘loq deyishmasin!” – jismi va ruhi og‘riqlarga mahkum bolajon

Jamiyat 12:04 / 20.07.2022 11941

Andijonning Jalaquduq tumanidan kelgan 7 yoshli Muhammadjonning taqdiri boshqa bolajonlarnikidan keskin farq qiladi. Bolada umurtqa pog‘onasi va orqa miya shikastlanishi tufayli unga zudlik bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan murakkab operatsiya tavsiya qilingan. Umurtqadagi kasallik bolaning to‘g‘ri yurishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo ota-onani qiynagan asosiy muammo bolaning cho‘loqlanib yurishi ham emas.

“O‘g‘lim orqa miyadagi kasallik asoratidan axlatini, siydigini tutishga qiynaladi, ko‘pincha shu sabab boshqalar oldida uyalib qolyapti. Katta bo‘lgani sari do‘stlaridan xijolat bo‘ladi, shunday paytlarda uyga yig‘lab keladi.

Turmush o‘rtog‘im ham, o‘zim ham tinimsiz ishlaymiz. Ammo mavsumiy ish bilan shug‘ullanganimiz uchun ro‘zg‘ordan orttirishning imkoni bo‘lmaydi. Uzoq vaqt ishlab to‘plaganimiz bir marta poytaxtga kelib davolanishimiz uchun sarflanib ketadi.

O‘g‘lim “Mening kasalligim qachon tuzaladi, qachon boshqa bolalarga o‘xshab o‘ynab yuraman?” deb yuragimni ezadi”, – deya kuyunadi onasi Xurshida O‘rinboyeva. Uch farzandni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan ota-onasida esa ayni paytda bunday operatsiya uchun xarajatlar topilmayapti.

Bir bolaning ko‘ngli o‘ksishi – bir taqdirning sinishidir. Muhammadjonning ham jismoniy, ham ruhiy og‘riqlari tashlayotgan qadamlarida aks etadi. Ajab emas, yaxshilarning saxovatidan shu og‘riqlar barham topsa.

Muhammadjon Kubijonovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0602 9071 8874 onasi O‘rinboyeva Xurshida nomida

Uzcard: 8600 0609 8779 5680 onasi O‘rinboyeva Xurshida nomida

Manzil: Andijon shahar, Jalaquduq tumani, Yorqishloq qishlog‘i, Yakkatut mahallasi 156-uy.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: