“Tuya qilingan” eksponatlar: Farg‘onada ham noyob asarlar qalbakilashtirilgan

Jamiyat 22:04 / 19.07.2022 18281

Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyidagi umumiy bahosi 2,5 mlrd so‘mlik 70 ta noyob eksponat (ulardan 56 tasi rang-tasvir asarlari) qalbakilashtirilgan.

Muzeyni kapital ta’mirlash uchun budjetdan ajratilgan 3,1 mlrd so‘m mablag‘ning 1,4 mlrd so‘mi mansabdor shaxslar tomonidan talon-toroj qilingan.

Muzeyda saqlanishi lozim bo‘lgan 1 dona rang-tasvir va 1 dona grafika asari esa topilmagan.

Bular haqida Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura hamda Madaniy meros agentligi o‘tkazgan tekshiruvlarda ma’lum bo‘ldi.

Xo‘sh, noyob hisoblangan asarlar qanday qilib qalbakisiga almashtirildi?

Muzey direktori Xayrullo Zokirovdan yo‘qolgan asarlar bo‘yicha ma’lumot olmoqchi bo‘ldik. Rahbar ish joyida yo‘qligi sabab buning iloji bo‘lmadi, u bilan telefon orqali ham bog‘lana olmadik.

Muzeyda bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yurituvchi Jahongir Toybolayev qalbakilashtirilgan asarlar xususida ma’lumot berdi.

Jahongir Toybolayev

“Bugungi kunda muzeyimizda 100 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi. Shu yilning may-iyun oylarida Bosh prokuratura tomonidan muzeyda tekshiruv ishlari amalga oshirildi. Tekshiruvda eksponatlarning saqlanishi, ulardan foydalanish, shu bilan birga budjetdan to‘g‘ri foydalanish holatiga asosiy e’tibor qaratildi.

Tekshiruv davomida 70 dona eksponat qalbakilashtirilgani aniqlandi. Albatta, bu dastlabki xulosalar bo‘lib yakuniy xulosaga hali kelingani yo‘q.

70 ta eksponatlardan 56 tasi rang-tasvir, ya’ni kartinalar hisoblanadi. Hozirgi kunda rang-tasvir fondimizda 1 000 tadan ortiq asar saqlanyapti. Farg‘ona va butun respublika miqyosida yashab ijod qilgan rassomlarning, haykaltaroshlarning asarlari”, – deydi u.

Muzeydagi asarlar qanday qilib qalbakisiga almashtirilgan bo‘lishi mumkin?

“Men ham xatlov jarayonlarida ishchi guruh a’zosi sifatida ishtirok etdim. Bir guruh rassomlar, mis, yog‘och buyumlar tekshiruvchilari, mato bo‘yicha mutaxassislar bu ishga jalb qilindi.

Qonun-qoidaga ko‘ra, eksponatlar qabul qilinayotganda ularning o‘lchami, ranglari, asarlari, mualliflarning nomlari yozib qo‘yiladi. Tekshiruv jarayonida asar qabul qilinayotgan paytda yozib qo‘yilgan ma’lumotlar asl holatiga to‘g‘ri kelmadi.

Asarlar qalbakilashtirilgan bo‘lsa, bu holatlar 20-30 yil davomida amalga oshirib kelingan bo‘lishi mumkin. Albatta, biz yuz foiz asarlar qalbakilashgan deyishdan yiroqmiz, lekin ayrim numizmatikaga oid eksponatlar haqiqatan ham qalbakilashtirilgani isbotlandi. Lekin bunday fikrni rang-tasvirga nisbatan ayta olmaymiz, chunki o‘sha paytda muzeyga aynan qalbaki asarlar qabul qilingan bo‘lishi ham mumkin. Yoki asarga doir ma’lumotlar noto‘g‘ri yozilgan bo‘lishi mumkin. Bular ham ehtimoldan xoli emas. Mutaxassislar bu masalaga oydinlik kiritadi, deb o‘ylaymiz.

2011 yilda viloyat IIBda muzey tashkil qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, muzeydan olib ketilgan 21 asardan 14 tasi qaytarilgan. 7 tasi esa qaytarilmagan. Bu masalada IIBga xat bilan chiqdik. Bu asarlar qayerdadir saqlanayotgan bo‘lishi mumkin”, – deydi muzey xodimi Jahongir Toybolayev.

Ma’lum bo‘lishicha, 2011 yilda muzeydan viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga 21 nomdagi ashyolar olib ketilgan. Ulardan 14 tasi 2016-2020 yillar davomida muzeyga qaytarilgan, qolgan 7 ta rang-tasvir asari qaytarilmagan.

Muzey sobiq direktori Bahodir Hoshimov vaqtida viloyat IIBga olib ketilgan ushbu 7 dona rang-tasvir asarlarining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, muzey ta’mirlanishi uchun 2020 yilda Madaniyat vazirligi tomonidan tender o‘tkazilgan. Tenderda g‘olib bo‘lgan “City Building” MChJ ajratilgan 3,1 milliard so‘m mablag‘ga haligacha binoni ta’mirdan chiqarmagan.

Ishlar chala qolib ketgan bo‘lib, ajratilgan mablag‘ning 1,4 mlrd so‘mi talon-taroj qilingan bo‘lishi mumkin.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani sababli qalbakiligi aytilayotgan asarlarni tasvirga olishning imkoni bo‘lmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zMU kutubxonasidan XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan “Muqaddimai Zafarnom” qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan “Xamsa” dostoni va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalari sirli tarzda g‘oyib bo‘lgani haqida maqola e’lon qilingan edi.

Tekshiruv ishlaridan so‘ng universitet fondida saqlanayotgan 56 dona qo‘lyozma va 6 dona toshbosma asarlar talon-toroj qilingani tasdiqlanib, universitet mansabdorlari va axborot-resurs markazi direktoriga nisbatan 3 ta modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Muhiddin Nido

Ko‘proq yangiliklar: