Mahalla yo‘llarida yurganingizda o‘zingizni “uzumlar yomg‘iri” ostida qolganday his qilasiz. Ko‘chaga qilingan so‘ritoklardagi uzumlardan ham qo‘shimcha daromad olish rejalashtirilgan.
“Esimizni taniganimizdan beri uzumchilik bilan shug‘ullanib kelamiz. Uzumchilik – otamiz rahmatlidan meros. Bahordan kuzgacha mehnatini qilib, qarab, vaqtida o‘g‘itini beramiz, vaqtida dorisini beramiz. Hosilni olgandan keyin bozorga olib borib sotmaymiz: eksportchilar o‘zlari kelib, pul to‘lab, taroziga qo‘yib, o‘zlari uzib olib ketishyapti.
Oilaviy shug‘ullanamiz shu bilan. O‘zim boshqa joyda ishlamayman. Uzum bilan tirikchilik qilaman”, – deydi Avazbek Teshaboyev.
Hozirda 5 xil navdagi uzum yetishtirilmoqda. Dehqonlar yetishtirgan uzumiga qarab bir mavsumda 30-40 milliondan 70-80 million so‘mgacha daromad qilmoqda.
Ko‘chalarga qilingan so‘ritoklardan esa bu yildan hosil olish boshlanadi. Bu ham dehqonlarga qo‘shimcha 1-2 tonna uzum yetishtirish imkoniyatini bergan. Hozirda mahalladagi dehqonlar boshqa uzum navlarini ham moslashtirish bilan shug‘ullanmoqda.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.