“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Londonga tashrifi davomida yirik xalqaro banklar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Jumladan, Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Mizuho” va “JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banklar rahbariyati bilan uchrashib ko‘pgina moliyaviy masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
Uchrashuvlarda banklar vakillariga Jamiyatning umumiy faoliyati, mavjud transformatsiya jarayonlari hamda so‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida batafsil axborot berildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda xorijiy banklar vakillari O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz va bank-moliya tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlari, jamiyatning bugungi kundagi faoliyati, amalga oshirilayotgan transformatsion loyihalar, shuningdek, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar bilan tanishdilar.
“Mizuho” xalqaro banki bilan uchrashuvda tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJ loyihalarini amalga oshirish va boshqa korporativ maqsadlar uchun o‘rta va uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatini muhokama qildilar.
Ta’kidlash joizki, bank vakillarida “O‘zbekneftgaz” AJning umumiy qiymati 700 mln AQSh dollari bo‘lgan debyut yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli chiqarilishi, shuningdek “Uzbekistan GTL” zavodi faoliyati hamda neft va gaz sohasidagi islohotlar mavzusida fikr almashishdi.
“JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banki vakillari bilan uchrashuvda esa tomonlar mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati, shuningdek, Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni qisqa va o‘rta muddatli moliyalashtirish, hamda turli korporativ xizmatlarni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida ushbu xalqaro banklar bilan doimiy aloqani saqlab qolish va zarur axborot almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, hamkorlikning mavjud istiqbolli yo‘nalishlarini yanada o‘rganish kelishib olindi.
“JPMorgan Chase&Co.” AQShning yirik banklaridan biri hisoblanib, ushbu bank bilan hamkorlik qilish muhim hisoblanadi. O‘zaro uchrashuvda tomonlar kasbiy tajriba almashishning istiqbolli yo‘nalishlarini, shu jumladan turli konferensiyalar va seminarlar orqali, amalga oshirilayotgan loyihalarni va kompaniyaning turli xil korporativ ehtiyojlarini qisqa muddatli moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Yuqorida qayd etilgan barcha banklar bilan doimiy aloqa va axborot almashinuvini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek hamkorlikning barcha istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ