Rossiya davlat dumasi favqulodda yig‘ilishda Manturovni bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tasdiqladi

Jamiyat 09:42 / 16.07.2022 8944

Rossiya davlat dumasi Denis Manturovni bosh vazir o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri lavozimiga tasdiqladi. Uning nomzodi uchun Rossiya parlamenti quyi palatasining 15 iyul, juma kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida 394 deputat ovoz berdi, bir nafari betaraf qoldi.

Bosh vazir o‘rinbosarining yangi lavozimi bundan uch kun avval, 12 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoni bilan kiritildi, unga ko‘ra, sanoat va savdo vaziri o‘z lavozimini bosh vazir o‘rinbosari lavozimi bilan birlashtiradi. Shu kuni bosh vazir Mixail Mishustin Manturov nomzodini davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi.

14 iyul kuni Mishustin hukumat tuzilmasida ushbu lavozim kiritilishini Moskvaga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar, shu jumladan ishlab chiqarish hajmini saqlab qolish va import o‘rnini bosish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilish zarurati bilan izohladi.

Denis Manturov 2007 yildan beri Rossiya Federatsiyasi hukumatida ishlab kelmoqda, 2012 yildan beri sanoat va savdo vaziri hisoblanadi.

Davlat dumasi navbatdan tashqari yig‘ilishda bir qator qonun loyihalariga ham ovoz berdi. Xususan, birinchi o‘qishda Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya davomida Rossiya hududiga qurolli bosqinni qaytargan» FXX xodimlarini jangovar harakatlar faxriylari deb tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Hujjatda, shuningdek, Ukrainaga tutash «davlat chegarasi va chegara hududlarida qurolli provokatsiyalarni qaytargan» FXX zobitlarini harbiy harakatlar ishtirokchisi sifatida tan olish taklif qilingan.

Davlat dumasining rejadan tashqari yig‘ilishi to‘g‘risidagi qaror Rossiya parlamenti quyi palatasi kengashi tomonidan davlat dumasi bahorgi sessiyani rasman yakunlaganidan bir hafta o‘tmasdan qabul qilindi. Bunday tezkorlik «yechim talab qiladigan masalalar yig‘ilib qolgani» bilan izohlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: