“Rivojlanishni istagan davlat borki, avvalo universitetlarini rivojlantiradi” – Akfa universiteti rektori bilan suhbat 

Jamiyat 18:49 / 16.07.2022 13724

Xo‘sh, Toshkentdagi Akfa universiteti mana shu talablarga qanchalik javob beradi? Kun.uz ta’lim sifati va boshqa jarayonlar haqida universitet rektori Bekzod Jalilov va muassasaga xorijdan kelib dars berayotgan qator o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

— Bekzod aka, intervyu avvalida Akfa universiteti va nafaqat Akfa balki O‘zbekistondagi eng yosh rektor sifatida shaxsan sizni mana shu vazifaga tayinlanishingiz haqida so‘ramoqchiman.

Sizning 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilganingiz, Vestminster, INHA kabi universitetlar va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ishlaganingizni bilaman. Ayrimlar esa sizni Toshkent shahar hokimi, O‘zbekistonning eng yirik tadbirkorlaridan biri Jahongir Ortiqxo‘jayevga ham qarindoshligingiz haqida aytishadi.

Xo‘sh, o‘zingiz yangi va yirik bir xususiy universitet rektorligiga kelishingiz jarayonlarini qanday eslaysiz?

— 2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev “Akfa medline” tibbiyot markaziga tashrif buyurganida u kishiga shu tibbiyot markazi huzurida universitet ochish bo‘yicha maslahat berilgan edi. Shundan keyin yangi xususiy universitet tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

O‘sha paytlarda ta’lim tizimidagi ustozim Kozimjon Hasanov Akfa group’ning ta’lim yo‘nalishida ishlab kelardi. Ustozimdan mana shu universitet loyiha rahbari sifatida kimni qo‘yish mumkinligi haqida so‘rashgan. 2011 yilda o‘qishni bitirgach, aynan ta’lim sohasidagi qator vazifalarda ishlab kelayotganim sababli ustozim bu vazifaga meni tavsiya qilgan.

O‘sha vaqtda men “Akfa medline” klinikasining rahbari Kamola Mirzaliyevaning suhbatidan ham o‘tganman. Mana shu suhbat davomida menga “loyihani oxirigacha yetkazadigan bo‘lsangizgina unga rahbarlik qilasiz va keyinchalik loyiha asosida tashkil etilgan universitetning rektori bo‘lasiz”, – deb shart qo‘yishgan. Shu bilan 2019 yil universitetning tashkil etilishi bo‘yicha hukumatning tegishli qarori chiqqach, oldimdagi vazifalarni yaxshi bajarganim uchun ta’sischi tomonidan rektorlikka tayinlanganman.

—  Savolning birinchi qismida bekorga Toshkent shahar hokimini ham tilga olmadim, bu lavozimga o‘tirishingizda Ortiqxo‘jayevning ham o‘rni bormi?

— Ochiq aytadigan bo‘lsak, Akfa group’ning 40 mingdan ortiq ishchilari va juda ko‘plab korxonalari mavjud. Mening universitetga rektor bo‘lib tayinlanishimda Jahongir Ortiqxo‘jayev to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashmagan. Chunki shaxsan u kishining suhbatidan o‘tmaganman. Bu jarayonda bevosita “Akfa medline” rahbariyati qatnashgan, ular bilan suhbat qilganman va ular meni tayinlashgan.

Bir qiziq holat bo‘lgan, buni hali hech qayerda aytmaganman. “Akfa medline”da ishlab, Toshkent Akfa universitetiga tayinlangan vaqtimda Mirzo Ulug‘bek tumanida deputat sifatida ham ishlaganman (hozir ham ishlayman). O‘shanda Toshkent shahar hokimligiga yig‘ilishga chaqirishgan va uni Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘tkazgan. O‘sha vaqtda hokim rektor bo‘lishimga qaramay, meni tanimagan. Menimcha, shundan ham bilsa bo‘ladi, bu lavozimga tayinlanishimga ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q.

“Akfa medline” tomonidan mening oldimga qo‘yilgan maqsad pul topish emas. Faqat sifatli kadrlarni  bu yerga jalb qilishim kerak. Biz bu borada chet eldagi nufuzli universitetlarda professor darajasiga yetgan va ishlab kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini o‘zimizga jalb qilishga harakat qilyapmiz.

— Mana endi universitet va uning yo‘nalishlari haqida suhbatlashsak. Ta’lim muassasasi boshqalardan nimasi bilan farq qiladi yoki aksincha?

— Hozirgi kunda biz davlatga kerakli yo‘nalishlarni ochishga harakat qilyapmiz. Masalan, tibbiyot yo‘nalishida davolash ishi, farmatsevtika, hamshiralik ishi, biznesda esa buxgalteriya va moliya, iqtisod, startap, menejment yo‘nalishlari, shuningdek, ingliz tili, amaliy matematika bo‘yicha pedagoglarni tayyorlash hamda injyenering yo‘nalishida IT mutaxassislik kabi maktablarni ochganmiz. Bu orqali mamlakatda yetishmayotgan sifatli kadrlarni o‘qitishga harakat qilyapmiz.

Ta’lim borasida boshqalardan aniq bir farqli jihatimiz shundaki, biz birinchi kundanoq universitetdagi barcha jarayonni shaffof qilishga harakat qilganmiz. Aytaylik, birinchi kundan hujjatlarni onlayn topshirish tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Shuningdek, Akfa universitetiga dastlab kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba bilimiga qarab, keyinchalik budjetda o‘qishi yoki aksincha, budjetga kirgan talaba kontraktga tushib ketishi mumkin. Bu yerda hammasini talabaning harakati, bilimi va izlanishi hal qiladi. Bu talabalar orasida raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda shuningdek, xorijdagi nufuzli universitetlarda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan va hozir shu universitetda dars berayotgan o‘qituvchilar bilan suhbatlar ham  o‘rin olgan.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: