Dard insonga kutilmaganda keladi deyilganday, ancha yil avval dabdurustdan ko‘richak bo‘lib qoldim. Shifoxonada operatsiyadan so‘ng ikki kishilik palataga olishdi. Yarim kechada palatadagi shovqindan uyg‘onib ketdim. Qarasam vrach, hamshira va yana bir necha kishi hamma yog‘i bint bilan o‘rab tashlangan, bir oyog‘i gips qilingan yigitni yonimdagi koykaga joylashtirishyapti.
Ertasi kuni yigit bilan tanishib oldim. Aytishicha, bundan bir necha kun oldin avtohalokatga uchragan ekan.
«Ro‘paradan kelayotgan mashinaning chirog‘i ko‘zimni qamashtirdi, xayolimda mashinam yo‘ldan chiqib ketayotganday tuyulaverdi. Rulni to‘g‘rilayman deb uni burganimda to‘g‘ridan kelayotgan yuk mashinasining oldiga chiqib ketdim. Qarsillagan ovozni eshitganim esimda, uyog‘ini bilmayman. Ko‘zimni ochganimda jonlantirish bo‘limida yotardim. Biroz o‘zimga kelganimdan keyin mana, sizga hamxona qilib qo‘yishdi», dedi yigit.
Yigit bir-ikki kunda ancha o‘ziga kelib qoldi. Mening ham operatsiyadan so‘ng orttirgan yaram bita boshladi. Kunlardan bir kun yigit «Hammasini o‘zimga o‘zim qildim, ko‘pning haqi shunaqa oqibatga olib kelishini bilardim», deb qoldi. Men uning gaplariga qiziqib, nima bo‘lganini so‘radim. U hikoyasini boshladi.
«Kollejni bitirgach ish qidira boshladim. So‘ng tuman elektr tarmoqlari korxonasiga montyor bo‘lib kirdim. Avvaldan xonadonlarda elektr tarmoqlarini tortish qo‘limdan kelgani uchun, ish joyimga oson moslashdim.
Ishxonamda maosh uncha katta emas, ro‘zg‘orga ham yetmasdi. Ammo odamlar elektr bilan bog‘liq turli yumushlarga chaqirib turishar, ishlari bitgach o‘zlari rozi bo‘lib xizmat haqi berishardi. «Xizmat haqi»ni insof bilan olardim va hech kim norizo bo‘lmasdi. Aksincha, ishi bitgan odamlar duo ham qilishardi.
Shu sohada 3 yil ishlab qo‘ygach rahbariyat lavozimimni oshirdi. Oddiy montyorlikdan nazoratchi vazifasiga tayinlandim. Ishxonamizda nazoratchi vazifasi tez-tez bo‘sh qolar, ayrimlar negadir bu vazifada uzoq ishlamasdi. O‘shanda xayolimdan «O‘zimning ishim yaxshi, nazoratchi bo‘lmasammi?» degan o‘y ham o‘tdi. Ammo amalning ham shaytoni bo‘ladi deyishgani rost ekan, nazoratchi bo‘lish ishtiyoqi ustun keldi.
Nazoratchi bo‘lgach tezda bu ishga bekor o‘tganimni tushundim. Nazoratchining «oti ulug‘» bo‘lgani bilan daromad yaxshi emasdi. Oylik kam, odamlardan «buyurtma» tushmas, shu sababli montyorlik qilib ishlagan pulimni bu yerda topa olmasdim.
Oradan biroz o‘tib, avvalroq ishga kelgan ayrim nazoratchilar menga «pul topishning turli yo‘llarini» o‘rgata boshlashdi. Keyin bilsam ularning ba’zilari o‘zaro til biriktirib, hamjihatlikda ishlashar va topilgan mablag‘ni o‘rtada teng taqsimlashar ekan.
Ular nazorat ishlari bilan borganda aholi xonadonlariga o‘rnatilgan elektr hisoblagichlarni ko‘zdan kechirishar va yashirincha uning plombasini yulib olishar ekan. So‘ng vaziyatga qarab o‘sha zahoti yoki bir necha kundan so‘ng boshqa nazoratchi go‘yo hisoblagichni tekshirish maqsadida borib, uy egasiga elektrdan noqonuniy foydalanayotgani va davlatga katta miqdorda zarar keltirayotganini aytisharkan.
Millionlab so‘m zararni eshitgan uy egasi darrov kelishishni taklif qilarkan va shu yo‘l bilan ular men montyorlikda yurib bir oyda topgan pulni ikki-uch odamni chuv tushirib ishlab olisharkan.
Avvaliga, meni bu ishlarga qo‘shilib ketishim qiyin bo‘ldi. Birinchi marta shunaqa harom ishga qo‘l urganim esimda. O‘shanda nazoratchi «sheriklar» bir necha kun avval ikkita xonadondagi plombalarni uzib ketishganini aytib, manzilni berishdi. Sherigim bilan borib «operatsiya»ni qiyomiga yetkazib bajardik va ikkita xonadonning egasidan ancha pul olib, hisoblagichga yangi plomba o‘rnatib berdik.
O‘shanda o‘zimga tekkan hissani istar-istamas cho‘ntakka tiqqanim esimda. Ammo keyinchalik harom pul boshqalar kabi mening ham «betimni qattiqlashtirib» boraverdi va keyingilarida pulni olganimda hech narsa bo‘lmaganday ketaverdim.
Gohida xayolimdan noto‘g‘ri ish qilyapman, degan o‘y o‘tganda «Kam maosh bilan yashab bo‘lmaydi, boshqalar ham shunday qilib pul topyapti», deb o‘zimga taskin berardim. O‘shanda kam oylik berishyaptimi, demak boshqa yo‘l bilan bo‘lsa ham ro‘zg‘orning kam-ko‘stini qilish kerak, deb o‘ylardim.
Shu tariqa ikki yilda ancha odamni chuv tushirdik. Biz hisoblagichlardagi plombalarni o‘zimiz yulib olar ekanmiz, bironta odamning xayoliga bu narsa kelmasdi. Xonadonlardagi hisoblagichlarning ko‘chaga chiqarilgani va aksariyat hollarda qarovsiz qoldirilishi ham odamlarda bizga nisbatan shubha uyg‘otmasdi. Ular aksariyat hollarda bolalar o‘ynab yulib olgan, degan gumonga borishardi.
Elektr tarmoqlari korxonasi nazoratchilari plombalar uchun mas’ul bo‘lgan holda pul ishlash maqsadida ularni o‘zlari yulib olishi odamlarning xayoliga ham kelmasdi. Ammo oxirgisi yomon bo‘ldi.
Odatdagiday sherigim bilan mahallalardan biriga bordik. Bir-ikkita xonadonni tekshirdik va navbatdagisiga o‘tdik. Bu xonadonning hisoblagichi ko‘chadagi simyog‘ochga o‘rnatilgan ekan. Sekin borib ikkita plombadan birini yulib oldim va chetga uloqtirdim.
Keyin xonadon egasini chaqirdik. Yoshi 40-45 yoshlar atrofida bo‘lgan ayol chiqdi. Unga o‘zimizni tanishtirib, hisoblagichlarni tekshirib yurganimizni aytdik. Hisoblagichning oldiga borib uni tekshirganday bo‘ldik va ayolga uning bitta plombasi yo‘qligini, elektr energiyasini noqonuniy ishlatayotganini aytdik.
Ayol bir zum hayron bo‘lib qaradi va «kecha qaragandim, turgandi-ku!», dedi. Sherigim bilan men hech narsa bilmaganday ayolga elektrdan noqonuniy foydalanib kelayotganini, holatni hujjatlashtirishimizni tushuntira boshladik. Boshqalardan farqli o‘laroq ayol «katta miqdordagi jarima» haqida eshitib kelishishni taklif etmasdi, balki «kecha qaragandim, turgandi-ku!» degan gapni takrorlardi xolos.
Shu payt ayolning 10-11 yoshlardagi qizi uydan chiqib keldi va birpas gapimizga quloq solib turdi. Gap nima haqda ketayotganini fahmlagach «aya, boya men derazadan qarab mana bu odamni hisoblagichimizni ochayotganini ko‘rgandim» dedi. Shu onda badanimdan ilon o‘rmalaganday sovuq ter chiqib ketdi.
O‘sha paytda men uchun orqaga yo‘l yo‘q edi. Qizchaga adashayotganini, men hisoblagichga tegmaganimni aytdim. Qizcha gapida turib olgach, uni tuhmatchiga chiqardim. So‘ng hujjatlarni to‘ldirdim va ayolning qo‘liga berib sherigim bilan u yerdan tezda ketib qoldik.
O‘sha paytda g‘ururim aybimni tan olishga yetmadi. Oqibatda ayolga bir necha million so‘m jarima to‘lashiga sababchi bo‘ladigan qog‘ozni to‘ldirdim.
Oradan bir necha kun o‘tib ishxonadan chiqar ekanman, hisob-kitob bo‘limidan ayol kishining yig‘lab, baland ovozda gapirayotgani eshitildi. Sekin qarasam o‘sha ayol, plombani uzib tashlagan kasni qarg‘ardi.
Aftidan u katta pulni topib to‘lashga imkoniyati yo‘qligi uchun qarg‘ardi. O‘sha paytda uning, «Ilohim hisoblagichdagi plombani uzgan ertaga yetmay juvonmarg bo‘lsin» deb aytgan qarg‘ishi jonimdan o‘tib ketdi.
O‘shanda hisob-kitob xonasiga kirishim va barchasi tushunmovchilik bo‘lgani, hisoblagichdagi plombaning yo‘qligi haqidagi hujjat noto‘g‘ri to‘ldirilganini aytib, ayolni jarimadan qutqarsam bo‘lar edi. Bu uchun ja nari borsa boshliqdan dakki eshitardim. Ammo g‘urur yana bunga yo‘l qo‘ymadi.
O‘sha kuni kuni bilan kayfiyatim bo‘lmadi. Ayolning qarg‘ishi qulog‘im ostidan ketmasdi. Kechki payt mashinamni boshqarib uyga ketayotganimda ham shuni o‘ylayotgandim. Shu paytda halokat sodir bo‘ldi. Nazarimda meni o‘sha mazlum ayolning qarg‘ishi urdi.
Xudo xohlasa bu yerdan chiqib to‘g‘ri o‘sha ayolning oldiga boraman. Undan kechirim so‘rab, jarima uchun to‘lagan pullarini qaytaraman. Ammo bir necha yildan buyon ehhe, qancha odamning haqini yedim, ularni qanday qaytaraman?».
Yigit o‘tgan umrining nadomatli qismini aytib bergach ko‘zini yumib oldi. Balki yig‘layotganini ko‘rishimni xohlamagandir. Shu tobda uni nima deb yupatishni bilmasdim. Faqat xayolimdan kech bo‘lsa ham Xudo insof beribdi-ku, degan o‘y o‘tdi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.