«Hozirning o‘zida 300 ming tonna tola yetmayapti» - paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

O‘zbekiston 15:34 / 28.06.2022 12929

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlash asosida to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Yig‘ilishda ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta hosildorligi va hajmini kamida 30 foizga oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlab, soha eksportini kamida 2 baravarga ko‘paytirish muhokama qilinmoqda.

«Bu – iqtisodiyotimiz uchun juda katta imkoniyat va zaxiradir. To‘qimachilik bizga kam xarajat bilan oltindan ham ko‘p daromad keltiradigan soha hisoblanadi.

Shuning uchun biz sohada to‘liq klaster tizimini joriy etdik. Bugungi kunda paxta tolasini o‘zimizda 100 foiz qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi (besh yil avval 40 foiz tola qayta ishlangan).

Sohani qo‘llab-quvvatlash uchun so‘nggi uch yilda to‘qimachilik klasterlariga 23 trln so‘mdan ziyod imtiyozli mablag‘lar ajratildi. Bundan tashqari, klasterlarning o‘zlari ham qariyb 7 trln so‘m xususiy investitsiyalar yo‘naltirdilar. Natijada 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi.

Ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga oshdi, eksport esa 4 barobarga o‘sib, qariyb 3 mlrd dollarga yetdi», dedi prezident.

Bugungi kunda tolani qayta ishlash quvvatlari 1 million 300 ming tonnaga yetgani, lekin 1 million tonna tola ishlab chiqarilayotgani ta’kidlandi.

Ya’ni hozirning o‘zida 300 ming tonna tola yetmayapti. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshadi. Shundan 300 ming tonnasi sun’iy tola bo‘lsa, yana kamida 300 ming tonna paxta tolasi zarur.

«Nima uchun Turkiyaning paxta maydoni bizdan 2 karra kam bo‘lsa-da, tolani deyarli teng hajmda ishlab chiqaradi? Buning asosiy sababi - hali ilmga, zamonaviy texnologiyalarga joylardagi rahbarlarning e’tibori va mas’uliyati past», dedi prezident.

Davlat rahbari qayta ishlash borasidagi ishlar ahvoliga to‘xtaldi. 

Ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasi mamlakatimizda 23 foizni tashkil etadi. Buning oqibatida yiliga 9 milliard dollar daromad boy berilmoqda.

Agar mutasaddilar tuman hokimlari va klasterlar bilan ishlarni to‘g‘ri tashkil qilsa, to‘qimachilikdagi ish o‘rinlarini hozirgi 400 mingdan bemalol 1 millionga ko‘paytirish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra tarmoq korxonalari, klasterlar, olimlar bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda bildirilgan fikr va takliflar asosida aniq yechimlar belgilab olindi.

Birinchisi – paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

Misol uchun, To‘rtko‘ldagi «Agro To‘rtko‘l tekstil» hamda Ellikqal’adagi «Bo‘ston» klasterlari bir gektarga o‘rtacha 4-5 million so‘m sarflab, hosildorlikni 2019 yildagi 23 sentnerdan 2021 yilda 40 sentnerga ko‘paytirgan. Bu yil esa Qoraqalpog‘iston sharoitida gektaridan 33 sentnerdan hosil oladi.

Lekin o‘tgan yili respublika bo‘yicha 121 ta paxta-to‘qimachilik klasteridan 18 tasida hosildorlik 25 sentnerdan kam bo‘lgan.

Sababi, urug‘chilik, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orishda jiddiy muammo va kamchiliklar bor.

Atigi 21 ta klasterda urug‘chilik sexlari mavjud. Chigitni tayyorlash (protravka) ham sanoqli klasterlarda yo‘lga qo‘yilgan.

Yer sifatini yaxshilash, urug‘chilik bo‘yicha bor-yo‘g‘i 6 ta klaster zamonaviy laboratoriya tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: